Shu yilning 8-11 aprel kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida kikboksing WAKO bo`yicha Evropa ochiq chempionati tashkil etildi.
Mazkur turnirda o`zbekistonlik sportchilarimiz ham ishtirok etdi. Quvonarlisi, uch kun davom etgan ushbu turnirda vakillarimiz to`rtta oltin va to`rtta bronza medalini qo`lga kiritdi.
Xususan, ringga ko`tarilgan og`ir vazn toifasidagi vakilimiz Hasan Baratov uchta jangda ishtirok etib, barchasini nokaut bilan mag`lub etdi va turnir chempioniga aylandi. Uning egizagi Husan Baratov esa “lou-kik” yo`nalishida bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, qolgan oltita medal ham “lou-kik” yo`nalishida qo`lga kiritildi.
Kecha, 12 aprel kuni kikboksingchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida munosib kutib olindi.






