Bugun qit`amizda futbol bo`yicha klublar o`rtasidagi eng nufuzli turnir – Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqich o`yinlariga start beriladi.
OFK pandemik vaziyatni inobatga olgan holda guruh bosqich o`yinlarini markazlashgan holda bitta shaharda o`tkazishga qaror qildi. Jumladan, mamlakatimiz chempioni “Paxtakor” o`rin olgan “B” guruhidagi uchrashuvlar BAAning Sharja shahrida tashkil etiladi.
Bugun “Paxtakor”chilar OChLdagi 103-o`yinida maydonga tushadi. “Sherlar” shu kunga qadar Osiyo Chempionlar ligasida 102ta o`yin o`tkazib, 47ta g`alaba, 19ta durang va 36ta mag`lubiyat qayd etgan (“Al Hilol” bilan o`tgan yilgi o`yinlar hisobga kiritilmagan).
Joriy yilgi OChLning guruh bosqich 1-turi doirasida “Paxtakor” Eronning “Traktor” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv soat 20:00da boshlanadi va UzReport telekanali orqali to`g`ridan-to`g`ri translyasiya qilinadi.
Mazkur jamoalar OChLda shu kungacha ikki marta to`qnash kelishgan. 2016 yilgi musobaqaning guruh bosqichida “Traktor” o`z maydonida 2:0 hisobida g`alaba qozongan bo`lsa, Toshkentda Igor Sergeevning yagona goli “Paxtakor”ga g`alaba taqdim etgan.
Kecha an`anaga ko`ra o`yinoldi matbuot anjumani tashkil etildi. Unda qatnashgan “Paxtakor” bosh murabbiyi Piter Xyuistra bo`lajak o`yin borasida quyidagilarni bildirdi:
- Kelasi ikki hafta juda tig`iz bo`ladi, chunki jamoalarni 15 kunda o`ynaladigan 6ta uchrashuv kutib turibdi. Umid qilamanki, biz sinovga tayyormiz. Ertaga "Traktor"ga qarshi o`yin bilan turnirni boshlaymiz. Eron jamoalari hamisha qiyin raqib, ular maydonda oxirigacha kurash olib borishadi. Texnik va taktik tarafdan yaxshi o`yin ko`rsatishadi.
Birinchi o`yin qanday holatda ekanimizni bilib olishga yordam beradi. O`yinlarni bu safar ham o`zgacha vaziyatda o`tkazamiz. Karantin, alohida yashash, muborak Ramazon oyi – bularning barchasi vaziyatni o`zgacha qiladi. So`nggi turlarda hammaga qiyin bo`lsa kerak. Biz ruhiy, taktik va jismoniy jihatdan har qanday holatga tayyor turishimiz kerak. Jamoamizdagi barcha sinovga tayyor, oxirigacha kurashishga shay holatda.
Eslatib o`tamiz, bu yilgi OChLning guruh bosqichida Vatanimiz sharafini “Paxtakor”dan tashqari AGMK klubi ham himoya qiladi. Quyida klublarimizning OChLdagi o`yinlari jadvali bilan tanishing:







