AsosiySiyosat

Senat Raisi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi vatandoshlarimiz bilan uchrashdi

'Senat Raisi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi vatandoshlarimiz bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva boshchiligidagi parlament delegasiyasining rasmiy tashrifi doirasida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Asadov, O`zbekiston parlamenti delegasiyasi a`zolari, Sankt-Peterburgda yashovchi vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va o`zgarishlar, mamlakatimiz fuqarolari bo`lmish mehnat migrantlarini muntazam qo`llab-quvvatlash masalalariga e`tibor qaratish, ijtimoiy muammolarini hal qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar ko`rish, xorijda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish to`g`risida batafsil axborot berildi. Xususan, Rossiya Federasiyasi hududlarida bosh konsulliklar ochilgani, shuningdek, O`zbekistonda pasport-viza xizmati ishga tushirilgani ko`pchilik fuqarolarimizga ko`plab muammolarni hal qilishda yordam bermoqda. Koronavirus pandemiyasi davrida vatandoshlarimizga yordam ko`rsatish haqida so`z yuritildi.

Rossiya tomoni mehnat migrantlarining mehnat huquqlarini ta`minlashga qaratilgan hukumatlararo kelishuvlarni amalga oshira boshlagani qayd etildi. MDH PAning bahorgi sessiyasi doirasida mehnat migrasiyasi masalalari bo`yicha hamkorlik to`g`risida memorandum imzolandi. Parlament yuqori palatasi rahbari T.Narbaeva va RF Federasiya Kengashi Raisi o`rtasidagi uchrashuv vaqtida ular migrasiyani tartibga solish sohasidagi qonunchilik bazasini takomillashtirishga kelishib oldilar.

Bugun Rossiya Federasiyasidagi bosh konsulxonalar xodimlari vatandoshlarimiz bilan aloqa o`rnatgan, ular bilan muntazam uchrashuv o`tkazmoqda va zarur yordam ko`rsatmoqda. Uchrashuv davomida so`zga chiqqanlar nafaqat buyuk o`zbek yozuvchilarining nodir va sevimli asarlarini, balki mamlakatimizda chop etilgan gazeta va jurnallarni ham ona tilimizda o`qish, milliy hunarmandchilik, san`at va madaniyatni targ`ib qilish borasida o`z takliflarini bildirdi

Yoshlar va gender siyosatini amalga oshirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta`minlash, ularga tegishli tibbiy xizmatlar ko`rsatish va doimiy ravishda tibbiy ko`rikdan o`tkazish maqsadida O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi Elchixonasida va konsullik idoralarida Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish masalalari ko`tarildi. Qolaversa, migrasiya qonunchiligini maqbullashtirish, ro`yxatdan o`tkazish tartibini soddalashtirish, mehnat faoliyati uchun patent olish, mamlakatlar o`rtasida transport aloqalarini to`liq tiklash, Rossiyada yashaydigan, ishlaydigan yoki o`qiyotgan vatandoshlarimizning farzandlari zarur bilim olishi zarurligi ta`kidlandi, shuningdek boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.

Uchrashuvda so`zga chiqqanlar pandemiya davrida zarur yordam ko`rsatilgani uchun O`zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, Rossiyada xalqimizning tarixiy va madaniy merosi, milliy qadriyatlari, an`analari va urf-odatlarini ommalashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida bo`lib o`tdi, ishtirokchilar o`zlarining fikr va takliflari bilan o`rtoqlashdilar, shuningdek, O`zbekiston parlamentining yuqori palatasi rahbariga o`zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

Shuning bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva boshchiligidagi parlament delegasiyasining Rossiya Federasiyasiga tashrifi nihoyasiga etdi.

    Boshqa yangiliklar