AsosiyJamiyat

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish nima uchun kerak?

'Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish nima uchun kerak?'ning rasmi

Albatta har bir ishni boshlashdan oldin bajaruvchi tomonidan amalga oshirilayotgan vazifadan kelib chiqib, ushbu ishga nisbatan ko`p omilli ta`sirlar chuqur o`rganilib chiqiladi. Tabbiyki har bir inson, borinki katta bir korporasiya yoki davlatlar, rejalashtirgan ishining natijasi a`lo darajada bo`lishini istaydi va shu tarzda faoliyatlarini olib borishadi. O`z o`rnida aholini ro`yxatga olish tadbiri ham keng ko`lamli, uzoq vaqt va ko`p mablag` talab qilishini inobatga olib tadbirga puxta tayyorgarlik ko`rishni talab etadi. O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasining Ro`yxatga olish ishlarini tashkil etish va o`tkazish
boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Dusnaev Sherzod Ergashevich bu boradagi savaollarga javob beradi.

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish o`zi nima?

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish bu – har o`n yilda bir marotaba aholini ro`yxatga olishning asosiy bosqichi hisoblanib, aholini ro`yxatga olishning tashkiliy va metodik prinsiplarini, dasturiy-texnik ta`minoti va ma`lumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan o`tkazishga imkon beruvchi amaliy tadbir hioblanadi.

Aholini ro`yxatga olish tadbiri uch bosqichda amalga oshirilib, ushbu bosqichlarning birinchisi ya`ni tayyorgarlik bosqichida aholini sinov tariqasida ro`yxatga olish tadbiri o`tkaziladi. Shuning uchun ushbu bosqich aholini ro`yxatga olishni o`tkazish uchun juda ham muhim hisoblanadi.

Bu borada xalqaro tavsiya va amaliyot nima deydi?

BMTning Evropa bo`yicha iqtisodiy komissiyasi a`zo davlatlarga har o`n yilda kamida bir marotaba aholini ro`yxatga olish tadbirini o`tkazishni tavsiya etadi. BMTning Aholishunoslik jamg`armasining aholini ro`yxatga olish bo`yicha ekspertlari tavsiyalariga ko`ra aholini yalpi ro`yxatdan o`tkazishning barcha jarayonlari bo`yicha puxta tayyorgarlik ko`rish maqsadida sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni amalga oshirish zarur hisoblanadi.

Xalqaro tashkilotlar ekspertlari fikrlari va xorijiy davlatlar tajribalariga asosan aholini sinov tariqasida ro`yxatga olishni o`tkazish aholini yalpi ro`yxatdan o`tkazish vaqtidan kamida 
2 yil oldin amalga oshirish va jami aholining 2,0% idan oshmagan holda qamrab olishni ta`minlash maqsadga muvofiq hisoblanadi.

BMTning 2015 yil 10 iyunda qabul qilingan “2020 yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro`yxatga olish dasturi” Rezolyusiyasi doirasida aholini sinov tariqasida ro`yxatga olish MDH davlatlarida jumladan: 

- Belorus Respublikasida 2017 yil 2-13 oktyabr kunlari 1 ta;

- Qozog`iston Respublikasida 2018 yil 1-30 aprel kunlari 2 ta;

- Rossiya Federasiyasida 2018 yil 1-31 oktyabr kunlari 11 ta tuman va shaharlarida o`tkazildi. Shuningdek, Moldova va Turkmaniston Respublikalarida 2021 yilning mart va dekabr oylariga o`tkazilish rejalashtirilgan. 

Ayrim davlatlarda sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazish Qonun bilan (Armaniston, Moldova, Belarus, Qirg`iziston va Tojikiston Respublikalari), ba`zilarida esa hukumat qarorlari bilan belgilab qo`yilgan. Har bir davlat sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazishda, jami aholining necha foizini qamrab olish va qaysi hududlarni tanlab olishni o`zi belgilaydi.

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish aholining yalpi ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rishda uzoq vaqtdan beri amalga oshirilayotgan amaliyotdir, chunki u keng miqyosli uslubiy texnologik
va tashkiliy masalalarni ishlab chiqishga imkon beradi.

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish tadbiriga qanday tayyorgarlik ko`riladi?

Ushbu tadbirga tayyorgarlik ko`rish va o`tkazishda quyidagi ishlar amalga oshiriladi. Jumladan, sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazish tartibi to`g`risida Nizom, uslubiy qo`llanmalar, o`quv materiallar hamda sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishning dasturi va ro`yxatga olish varag`i shakllari ishlab chiqiladi.

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish tadbirini o`tkazishdan 7 oy oldin sinov o`tkaziladigan hududlarda tuman (shahar) aholini ro`yxatga olish bo`limlari tashkil etiladi va ularga 3 kishidan xodimishga qabul qilinadi, ushbu tuman (shaharlar)da 6 oy oldin uy joy ro`yxatini tuzuvchilar (registratorlar, 1 kishiga o`rtacha 
750 ta xonadon) ishga qabul qilinadi va 1 oy mobaynida o`ziga biriktirilgan hududning xaritalarini joyidagi holat bilan solishtirish va uy-joylar ro`yxatini tuzish ishlari bilan shug`ullanadi, 1 oy oldin Ro`yxatga olish uchastkasi tashkil etiladi va har bir uchastkaga 5 tadan instruktorlik va stasionar uchastkalar biriktirib, 2 kishidan xodim ishga qabul qilinadi, shuningdek, 1 oy oldin Instruktorlik va stasionar ro`yxatga olish uchastkalari tashkil etiladi va har bir instruktorlarga 5 tadan ro`yxatga oluvchi xodimlar biriktirilib, 1 nafar instruktor xodim va 1 nafar stasionar xodim ishga qabul qilinadi. 

Shu bilan bir qatorda sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazish uchun hududlar tanlanadi, ushbu hududlarning kartografik materiallari (ma`muriy tuman xaritalari va aholi punktlarining sxematik rejalari) tayyorlanadi, kartografik materiallar joyidagi holat bilan solishtirilib uy-joylar ro`yxati tuziladi, tanlangan hududlar hisob, instruktorlik va ro`yxatga olish uchastkalariga ajratiladi 
va sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishning tashkiliy rejasi ishlab chiqiladi.

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish uchun huquqiy asos va uni o`tkazish tartibi nimalardan iborat? 

Ma`lumki, “Aholini ro`yxatga olish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasi sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazish belgilangan bo`lib, sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi deb ko`rsatilgan.

Shunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 710-son qaroriga asosan 2021 yil 1-25 noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo`jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazish belgilandi.

Mazkur qaror bilan O`zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom, O`zbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish dasturi, O`zbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish varag`i shakllari, Aholini ro`yxatga olish jarayonlariga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq to`lash tartibi to`g`risidagi nizom va O`zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish hamda natijalarini e`lon qilish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.

O`zbekiston Respublikasida 2021 yilda sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish varag`i shakllari beshta shakldan iborat bo`lib, ya`ni quyidagilar: 

1-shakl. “Turar joyning xususiyatlari va unda yashovchilar ro`yxati”. Ushbu shakl Turar joy xususiyatlari bo`limi, Uy xo`jaligi a`zolari uzoq vaqt foydalanadigan vositalar bilan ta`minlanganligi haqidagi bo`lim va Ushbu joyda yashovchi uy xo`jaliklari soni va uy xo`jaligi a`zolari ro`yxati to`g`risida bo`limlardan tashkil topgan; 

2-shakl. “Shaxsga oid savolnoma”. Ushbu shaklga asosiy demografik ko`rsatkichlarga tegishli savollar, aholining milliy xususiyatlari va fuqaroligiga tegishli savollar, aholining ta`lim darajasiga tegishli savollar, uy xo`jaligi a`zolarining iqtisodiy holatiga tegishli savollar,aholining bandligiga tegishli savollar va bolalar soniga tegishli savollar kiritilgan; 

3-shakl.O`zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan chet el fuqarolari uchun savolnoma”. Ushbu shaklda O`zbekiston Respublikasiga vaqtincha kelgan xorijiy davlatlar fuqarolari 
va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar to`g`risidagi shaxsga oid ma`lumotlarni yig`ish bo`yicha savollar kiritilgan. 

4-shakl. “Aholining ayrim toifalariga nisbatan shaxsga doir ma`lumotlarni yig`ish bo`yicha savolnoma”. Ushbu shakl maxsus muassasa va tashkilotlarda ro`yxatga olinadigan respondentlar uchun mo`ljallangan bo`lib, savolnomada ushbu muassasada yashovchilarning asosiy malumotlari ro`yxati yoziladi va shu bilan birgalikda har bir shaxs  uchun 2-shakl ham to`ldiriladi.

5-shakl. “Vaqtincha turgan joyi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar uchun nazorat varaqasi”.

O`zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy yashash joyidan boshqa joyda vaqtinchlaik bo`lib turganlarida, ushbu ikki manzilda ham ro`yxatga olinib aholi soni sun`iy ravishda oshib ketmasligi, ya`ni bir shaxsni ikki marotaba aholi soniga qo`shib yuborishning oldini olish maqsadida nazorat varaqasi ishlab chiqilgan. 

Ushbu nazorat varaqasi 3 bo`limdan iborat. 1-bo`limda respondentning vaqtincha yashab turgan manzili to`liq to`ldiriladi, 2-bo`limda respondentning doimiy yashash manzili to`liq to`ldiriladi. 3-bo`limni aholini ro`yxatga olish bo`limi xodimlari tomonidan to`ldiriladi. Nazorat varaqasi hamda ushbu respondent uchun to`ldirilgan 2-shakl respondentning doimiy yashash manzili bo`yicha aholini ro`yxatga olish bo`limiga jo`natiladi. Ushbu jarayonda, nazorat varaqasi hamda 2-shakl kelib tushgan aholini ro`yxatga olish bo`limi mas`ul xodimi nazorat varaqasi hamda 2-shakl tekshiriladi va respondentning o`z so`zlari asosida va to`liq to`ldirilgan 2-shakl qoldiriladi ikkinchi nusxasi esa belgilangan tartibda yo`q qilinadi.

Sinov tariqasidagi aholini ro`yxatga olish quyidagi muddat va tartibda o`tkaziladi.

1-5 noyabr kunlari – internet jahon axborot tarmog`i orqali aholini ro`yxatga olish (5 kun), ya`ni ushbu amaliyot deyarli barcha xorijiy davlatlarda qo`llanilmoqda, buning natijasida vazirlik, idoralar, korxonalar, tashkilotlarda ishlayotganlar va xorijiy davlatlarda ishlayotgan yoki tahsil olayotgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari va boshqa internet foydalana oladigan aholi qatlami uchun internet tarmog`i orqali sinov tariqasida aholini ro`yxatdan o`tkazish jarayonida ularning qatnashishlari uchun qulaylik yaratiladi. 

6-10 noyabr kunlari – internet jahon axborot tarmog`i orqali ro`yxatdan o`tgan respondentlar va ularning uy manzillari ro`yxatini shakllantirish (5 kun);

5 kun mobaynida internet orqali aholi ro`yxatidan o`tganlar ichidan sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish hududlariga tegishlilari ajratib olinadi va ushbu manzillarga ro`yxatga oluvchilar tashrif buyurmaydi. 

11-22 noyabr kunlari – aholini ro`yxatga olish varag`i shakllari asosida uyma-uy yurgan holda aholini ro`yxatga olish 
(12 kun, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomaga asosan), ushbu jarayon sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishning eng muhim kulminasion davri hisoblanadi. Ushbu jarayonda ro`yxatga oluvchilar biriktirilgan hududi bo`yicha uyma-uy yurgan holda aholidan so`rov o`tkazish orqali ro`yxatga olish savolnomalarini to`ldiradi.

Ro`yxatga olish jarayoni to`liq qog`oz shaklida amalga oshiriladi. 

23-25 noyabr kunlari – har bir hisob uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizini tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida o`rganish (3 kun), ya`ni, ro`yxatga oluvchilar tomonidan aholidan so`rov o`tkazish orqali uyma-uy yurgan holda to`ldirilgan savolnoma shakllariga ishonch hosil qilish maqsadida har bir ro`yxatga oluvchiga biriktirilgan hududlarning 10 foizini tanlama ravishda nazorat kuzatuvi amalga oshiriladi.

2021 yilning noyabr oyida o`tkaziladigan sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik jarayonlari qanday ketmoqda?

2021 yil noyabr oyida o`tkaziladigan sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish tadbiriga puxta tayyorgarlik ko`rish albatta 2023 yil noyabr oyida o`tkaziladigan yalpi aholini ro`yxatga olish tadbirini xalqaro talablarga mos va sifatli o`tishini ta`minlaydi.

Bugungi kunda Davlat statistika qumitasi mutaxassislari va hududiy statistika organlari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bir qator kechiktirib bo`lmaydigan ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.

Jumladan, BMTning Aholishunoslik jamg`armasi (UNFPA) va qochoqlar bo`yicha oliy komissiyari boshqarmasi (UNHCR) ekspertlari, Evropa ittifoqining O`zbekistongdagi vakolatxonasi, Shvesariyaning O`zbekistondagi elchixonasi, Rossiya Fiderasiyasi hukumati va MDH statistika qo`mitasi mutaxassislari bilan birgalikda onlayn vebinarlar tashkil qilinib, tajribalar o`rganilmoqda va amaliyotga tadbiq etilmoqda hamda belgilangan 4 ta hudud bo`yicha alohida har bir mahallalarga xodimlar biriktirilib, mahallalar kesimida sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishning mazmun mohiyatini tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, hududiy telekanallarda videoroliklar namoyish etilmoqda, gazetalarda maqolalar chop etilmoqda, hududiy kadastr organlari bilan hamkorlikda mahalla va qishloq aholi punktlarining sxematik rejalarini joylardagi holat bilan solishtirilmoqda, hududiy mahalla organlari bilan hamkorlikda uy-joylar va xonadonlar hamda ulardagi yashovchilar soni ko`rsatilgan holda ro`yxatlar shakllantirilmoqda va boshqa ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishning uslubiy qo`llanmalari va boshqa (kartografik materiallarni tayyorlash bo`yicha texnik shartlar, savolnoma varag`i shakllari, savolnoma varag`i shakllarini to`ldirish bo`yicha yo`riqnoma, maxsus guvohnoma bo`yicha nizom, vaqtinchalik binolar ajratish bo`yicha qo`llanma v.b.) hujjatlari tayyorlanib Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi aholini ro`yxatga olishni o`tkazishga ko`maklashish bo`yicha tuzilgan hududiy komissiyalarga ishda foydalanish uchun etkazildi.

Bugungi kungacha, sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish varag`i shakllarini to`ldirish uchun ketadigan vaqt sarfini aniqlash maqsadida 2020 yilning 2-6 noyabr kunlari Toshkent shahrining Yashnobod tamanidagi “Donishmand” va 2020 yilning 23-27 noyabr kunlari Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi “Usmonobod” mahallalarini to`liq qamrab olgan holda tajriba tariqasida aholini ro`yxatga olish varag`i shakllari va ularni to`ldirish yo`riqnomasi loyihalarini dastlabki sinovdan o`tkazish bo`yicha kuzatuvlar o`tkazildi.

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olish o`tkaziladigan hududlarda jumladan, Xo`jaobod tumaning 36 ta, Yuqorichirchiq tumaning 47 ta, Yashnobod tumanining 58 ta va Xiva shahrining 21 ta mahallarining xaritalarini joyidagi holat bilan solishtirish ishlari yakunlandi. Ushbu hududlarda aholi govjum joylariga, markaziy ko`chalariga va mahalla idoralariga sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni targ`ib etuvchi bannerlar joylashtirildi va davom etmoqda.     

Sinov tariqasida aholini ro`yxatga olishni o`tkazish, uning natijalari, tashkiliy rejalar, amalga oshirilgan ishlar, olingan tajribalar albatta bularning hammasi respublikamizda 2023 yilning 1-25 noyabr kunlari o`tkaziladigan aholini ro`yxatga olishda muhim omil bo`lib xizmat qiladi.

 

    Boshqa yangiliklar