1

Yuragimda saqlaganlarim: Hamma erim bilan ajrashishni maslahat beryapti

Mutolaa 26.02.2016, 16:59
Yuragimda saqlaganlarim: Hamma erim bilan ajrashishni maslahat beryapti

— Ikki oydan buyon ota uyimdaman. Yoshim endiga o`ttizdan oshdi. Qizim to`rt, o`g`lim esa ikki yoshda. Bolalarimni bag`rimga bosib, ostun-ustun bo`lib ketayotgan (aslida hammasi ancha oldin barbod bo`lgan) taqdirim qarshisida ojizman. Ota ham, onam ham, umuman meni bilgan kishilarning hammasi erim bilan ajrashishimni maslahat beryapti.

O`zim ham to`g`risi shu qarorga keldim. Bolalarim uchun shunday qilmoqchiman. Men ham oilam butun bo`lishini, farzandlarim boshida otasi borligini his qilib yashashini istayman... Istardim... Ammo erim nopok yo`lidan qaytishni istamaydi... Iroda tugul xohishning o`zi yo`q unda, bu zahri qatldan qutulish uchun... 

Aslida avval boshdan oilam omonat ustunlar asosiga qurilgan ekan. Endi-endi ota-onam ham meni shosha-pisha turmushga uzatganidan pushaymon. 

Ne`mat aka bilan sovchilar orqali tanishganmiz. Kenja o`g`il, otasi ancha yillardan oldin dunyodan  o`tib ketgan ekan. Doim qaynonam bilan yashashni istaganman. Onam ham “Bolalaringga buvisi bosh bo`ladi, uy qilaman deb, sarson bo`lmaysan”, deya  sovchilarni ma`qul ko`rdi. Yoshim yigirma beshda bo`lsa ham, tanigan-tanimaganlarning “Haliyam oila qurmadingizmi?” degan savollaridan o`zim ham charchagandim. Xullas, bir oy ichida to`yimiz bo`lib o`tdi. 

Avvaliga erimning menga bo`lgan munosabati uncha tashvishlanmasdim. “To`yimiz tez fursatda bo`lib ketdi, sevishmay oila qurganimiz shunday beparvoroq bo`lsa kerak”, deb o`ylardim. Yana u kishi oilasida juda erkatoy ekan. Otasidan erta ayrilgani, kenjatoy bo`lgani uchun akalari ham, opalarim ham barcha istaklariga quloq solarkan. Og`ziga yoqmaydigan ovqat pishirsak, ichmay, shartta o`rnidan turib ketardi. Men esa uning bu odatidan xijolat bo`lardim. Qaynonam bo`lsa, darrov menga yuzlanardi-da: 

— Mehribon, turing, go`sht qovurib bering, o`g`lim mastavani xushlamaydi, — derdi. 

Rosti, bu menga erish tuyulardi. Nega erim onasi, akasi ichib o`tirgan taomdan yuz o`giradi? Olti kishi o`tirgan dasturxonga qoshig`ini otib, o`rnidan jahl bilan turib ketadi? 

Bu kichkinagina misol. Ammo ana shunday qiliqlariga hamma indamay chidardi. Yarim kechasi mast-alast uyga kelsa ham, hech kim miq etmasdi. Qo`lida biror hunari yo`q, ikki so`m pul topmaydigan bu odamning qovog`iga barcha qarab turishga majbur edi. hayron qolardim. Sababidan xabar topganimdan keyin dahshat iskanjasida qoldim.

Bir kuni erimning cho`ntagidan shpris topib oldim. Hayron qoldim. “Betobmisiz? Biror joyingiz og`riyaptimi?” degan savolimga esa “ishing bo`lmasin”, degan qo`rsdan-qo`rs javob oldim. Ammo yuragimga vahima oraladi. Hamshiramasmanmi, undagi o`zgarishlar, o`zini tutishlari, ba`zida xonani ichidan qulflab qamalib olishlari ko`nglimga gumon oralatdi. Yuragim ostida urayotgan yurakchani o`ylab, bir o`zimni ovutsam, bir dahshatga tushardim. Taxminlarimni oxiri yurak yutib, qaynonamga aytdim: 

— Oyijon, o`g`lingiz meni qo`rqitayapti. O`tgan hafta  cho`ntagidan shpris topib oldim. Sog`ligini so`rasam, jahli chiqdi. Tunov kuni esa xonaga qamalab oldi. Kayfiyati yo`qdir-da, deb o`ylagandim. Ammo xona ichidan qulfligiga shubhalanib qoldim. Nima bo`lyapti, tushunmayapman, — dedim. 

U kishining yuzlari oqardi, ko`zlari hayratdan katta-katta bo`lib ketdi. Bu ko`rinishidan “Demak, qaynonam ham bexabar ekan-da! Qo`rqitib yubordim oyijonni ham”, deb o`yladim. Afsus u mening xabar topganimdan tashvishlangan ekan. 

— Voy, kelinjon, xavotirlanmang. Jiyaningizning mazasi bo`lmadi, shunga dorixonaga chiqarganimda ukol olib kelgandi. Bittasi cho`ntagida qolib ketgandir-da, — dedi va  menga qayg`urgan kishi bo`lib qo`shib qo`ydi, - Siz hozir ikkiqatsiz. Shungayam har narsadan hadiksiraydigan bo`lib qolgansiz. O`zingizni, asabingizni asrang. Bolaga yomon ta`sir qilmasin tag`in. O`zi sizga bir-ikki kun onangiznikida turib kelasizmi, demoqchi edim. Ovsiningizning bolasi kasal. Shamollab qolibdi. Sizga yuqib qolmasin, — dedi. 

Bu gapdan hayratim yanayam oshdi. Ovsinimning bolalari chopqillab o`ynab yuribdi-ku. Keyin ko`nglim noxushligi tarqar, deb uyimga ketishga rozi bo`ldim. 

Xullas, bir yil davomida mening taxminlarimni hamma rad etdi. Shukrki, Xudo asradi — qizim sog`-omon tug`ildi. Qaynonam esa bundan ruhlanib, tug`ruqxonadan chiqqan kunim qattiq gapirdi menga:

— Indamasam, o`g`limni giyohvandga chiqarib qo`yardingiz. Mana, qizingizning to`rt muchasi sog`, — dedi. 

Ammo bu quvonch ko`pga cho`zilmadi. Chaqalog`im ikki oylikdan oshganda, erim bir kuni kechasi  jazavaga tushib qoldi. Uning ahvolini ko`rib qo`rqib ketdim. Qaynonamni uyg`otib, “Tez yordam” chaqirishini so`radim. Ammo u kishi “Siz bolangizga qarang”, dedi-da, qaynog`am yordamida erimni xonadan olib chiqib ketdi. Ertasi kuni qaynopam keldi. Uydagilar mehmonxonaga kirib olib ancha gaplashishdi. Bir payt qaynopamning qattiq-qatitq gapirayotgani qulog`imga chalindi: 

— Qachongacha yashirib yurasizlar? Kasalni baribir isitmasi oshkor qiladi. Nima, mahalla-ko`y bolangizning ahvolini bilmaydi, deb o`ylaysizmi? Bu yoqda kelinning hayotini barbod qilyapmiz, oyi. O`zi uylantirishdan oldin sizlarga aytuvdim, davolataylik deb. Ko`nmadinglar, — dedi. 

— Men nima qilay? Bolam-ku! Menga oson tutmanglar. Ahvolini ko`rib kuyib ketyapman. Hozir kelin bilsa, ketib qoladi. Keyin hamma gapiradi-da “Ana eri narkoman bo`lgani uchun ajrashdi”, deb. 

Bu gapdan keyin ustimdan qaynoq suv quyilgandek bo`ldi. 

— Bu bolasi-ku, sog`lom tug`ildi. Ammo yana homilador bo`lsa-chi? Unisi nogiron tug`ilsa-chi? Keyin dodingizni kimga aytasiz? Davolatamiz, tamom-vassalom, — dedi qaynopam. 

Keyin erim davolanish uchun dispanserga yotdi. Meni qaynonam yoniga chaqirib, ancha dardi hasrat qildi. “O`g`lim adashib kirib qoldi. Hali yaxshi bo`lib ketadi”, dedi. Uch kun turli o`ylar qurshovida qoldim. “Nima qilsam ekan?  Otamga aytsam, o`sha ondayoq olib ketadi. Ajrashsam, keyin nima qilaman? Bu erda qolsam, erim tuzalarmikan?” 

Oxiri biroz chidashga qaror qildim. To`g`risi, erimning tuzalishidan umid qilgandim. Biroq erim irodasizlik qildi. Necha bor davolanib chiqishiga qaramay, bu yo`ldan qaytmadi. Bu orada yana homilador bo`lib qoldim. O`g`lim esa yurakda tug`ma nuqson bilan tug`ildi. Ana shundagina mening ko`zim ochildi. O`zimcha ajrashmayman, chidayman, deb yuraveribman. Natijada bolaginam xastalik bilan dunyoga keldi. Ota-onam hammasidan xabar topdi. Va meni uyga olib ketishdi. Olti oycha ota uyimda yashadim. Keyin yana qaynonam erimnnig davolanayotganini ro`kach qilib, yalinib-yolvorib olib keldi. Turmush o`rtog`im bir-ikki oycha yaxshi yurardi-yu, keyin yana eski dardi qo`zg`ardi. Endi oilamiz janjalxonaga aylangandi. Bunday uka akasining ham joniga tekkandi. Axir shuncha ishlasa ham, pul topsa ham, biri ikki bo`lmas, topgani nobakor ukasiga sarf bo`lardi. Mening bolamning dori-darmoni esa otamning bo`ynida edi. Ikki oy oldin esa erimning yana giyohvand modda qabul qilayotganini bilib qoldim. Kayf ustida u , chirqillab yig`layotgan bolamizga ham, zor qaqshayotgan menga ham e`tibor bermasdi. 

— Bir kun o`zingizning ham, bizning ham boshimizga etasiz, — dedim chidolmay. 

— Menga baribir, — deb qo`lini siltadi u. 

Men esa bolalarimni oldim-da, uyga keldim. Yaqinda o`g`limni operasiya qildirdik. Erim biror marta bolasining holidan xabar olmadi. Uni kutayotganim ham yo`q. Ajrashishga qaror qilib bo`ldim. 

Yuragimdagilar to`kib solishdan maqsad, hayotingizda muhim qarorlarni shoshib qabul qilmang. Bolalaringizni ortiqcha erkalatib, taltaytirib yubormang. Og`u sabab bir ayolning guldek umrini xazon qilmanglar... 

Shoira VAFOEVA yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1