AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev kuni kecha chegarada qurolli to`qnashuv sodir bo`lgan tojik va qirg`iz prezidentlari bilan gaplashdi

'Shavkat Mirziyoev kuni kecha chegarada qurolli to`qnashuv sodir bo`lgan tojik va qirg`iz prezidentlari bilan gaplashdi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev bugun, 30 aprel kuni Tojikiston va Qirg`iziston prezidentlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O`zbekiston prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqotda davlat rahbarlari Tojikiston-Qirg`iziston chegarasidagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qildi.

O`zbekiston prezidenti yuzaga kelgan vaziyatni tez fursatda hal qilish va uning keskinlashuviga yo`l qo`ymaslik bo`yicha Tojikiston va Qirg`iziston tomonlari erishgan kelishuvlarni qo`llab-quvvatladi.

Mavjud barcha masalalar do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va sheriklik munosabatlari ruhida, faqat muzokaralar va maslahatlashuvlar yo`li bilan hal qilinish muhim ekani ta`kidlandi.

Tojikistonga bo`lajak oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlikning borishi ham ko`rib chiqildi. Mamlakatlar bosh vazirlari o`tgan hafta Xo`jand shahrida o`tkazgan amaliy uchrashuvning samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.

O`zbekiston va Tojikiston o`rtasida uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan keng ko`lamli hamkorlikning yangi “o`sish nuqtalari”ni birgalikda aniqlash muhimligi alohida ta`kidlandi.

Shuningdek, Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqotda mintaqaviy hamkorlik va ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko`rib chiqildi.

Prezidentlar Qirg`iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qildi. Qirg`iziston va Tojikiston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish va uning yanada keskinlashishiga yo`l qo`ymaslikka qaratilgan kelishuvlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yuzaga kelayotgan barcha bahsli masalalar ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnichilik, ishonch va sheriklik ruhidagi muloqot asosida hal qilinishi zarur ekani ta`kidlandi.

Davlat rahbarlari joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o`tgan sammit yakunida qabul qilingan qo`shma qaror va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida to`xtaldilar.

Qabul qilingan majburiyatlarni so`zsiz bajarish va ustuvor loyihalarni ilgari surish maqsadida faol almashinuvlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Boshqa yangiliklar