30 aprel kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimizda bo`lib turgan EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O`zbekiston bilan DIIHB o`rtasidagi konstruktiv muloqot va samarali sherilikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlik rivojida keyingi yillarda jiddiy oldinga siljishga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Byuroning keng ko`lamli missiyasi ilk bor mamlakatimizdagi Prezident va parlament saylovlarini kuzatishda ishtirok etdi.
DIIHBning tavsiyalarini implementasiya qilishda, shu jumladan O`zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini qabul qilish va takomillashtirish doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik olib borilgani ta`kidlandi.
Byuro ekspertlari Inson huquqlari bo`yicha milliy strategiya hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risidagi qonun loyihasini ishlab chiqishga jalb etilgan edi.
O`zbekiston DIIHB bilan, eng avvalo, inson huquqlari, so`z, din va e`tiqod erkinligi, gender tenglik, yoshlarni qo`llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarning huquqiy bazasini ilg`or xalqaro amaliyot asosida mustahkamlash borasida uzoq muddatli va samarali sheriklikni davom ettirishdan manfaatdor ekani ta`kidlandi.
Bundan tashqari, O`zbekistonda bo`lib o`tadigan muhim tadbirlarga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha birgalikda ishlash maqsadida may oyida Byuroning baholash missiyasi yurtimizga keladi.
EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi samimiy qabul hamda ochiq va mazmunli suhbat uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Direktor mamlakatimizdagi barcha soha va yo`nalishlarni qamrab olgan keng ko`lamli islohotlarni qat`iy qo`llab-quvvatlab, Byuro ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga har tomonlama ko`maklashishga tayyor ekanini bildirdi.