“Ming istihola bilan sizlarga qo`ng`iroq qilayapman. Aslida bu voqelarni birovga gapirishga uyaladi odam. Ammo yuragim to`lib ketganidan, yana boshqalarga dars bo`lsin deb, sizlarga dilimdagilarni aytmoqchiman...” deya gap boshladi tahririyatga qo`ng`iroq qilgan ayol.
— Oilada uch farzandmiz. Opam turmushidan tinchib ketgan, shukr. Yaqinda o`g`lini uylantirib, qizini uzatadi. Onam to`rt yil oldin, otam esa o`n besh yillar avval olamdan o`tib ketdi. Men esa yolg`izman. Suyanganim akam ko`ksimdan itardi. Mana, ikki yildan buyon alohida yashayman.
Akam yolg`iz o`g`illigidanmi, yoki bolaligida ko`p xastalanib, injiqroq bo`lib qolganidanmi, juda erka edi. Ota-onam avvaliga uning ko`ngliga qaradi, keyin esa qovog`iga. Kichikligidan o`zining aytganini qildirardi. Dadam ham “Yigit kishining sazasini o`ldirmaslik kerak”, deb aytganini muhayyo qilardi. Men undan olti yosh kichikman. Shuning uchun oldinlari uning turkilashlarini, ba`zida arzimas narsani talashib, itarib yiqitishlarini “O`g`il bola-da, sho`xroq”, deb oqlashardi. Biroq uning ham, mening ham yoshimizga yosh qo`shilsa hamki, akamning qo`pol munosabati hech o`zgarmasdi. Yana bolaligimdan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Akam uyning ichida koptok o`ynab yurib, uni qattiqroq tepganida onamning ko`ziga tekkandi. O`shanda onam bechora bir oycha ko`kargan ko`zlarini yashirib, ko`chaga chiqolmagan. Dadam buning uchun uni qattiq urishganida hali o`n beshga kirmagan bola uydan qochib ketgandi. “Hali katta bo`lsa, bosilib qolar” deya umid qilardi ota-onam. Ammo u bosilmadi. Mo`ylovi sabza urmasdan ichadigan odat chiqardi. Otam bir necha bor qattiq gapirib ko`rdi, hatto qo`l ham ko`tardi. Biroq naf bermadi. G`isht allaqachon qolipdan ko`chib bo`lgandi. Maktabni tugatgach, na o`qishni istadi, na biror tayinli ishning boshini tutdi. Oxiri otam “Shofyorlikni o`rgansin, mashina olib bersam, balkim chalg`ir” deb o`ylab, o`quv kursiga berdi. Akam esa mashinali bo`lgach, bizni battar kuydirdi. Ota-onamning sochlari oq tushgani mayliga, uning bezoriliklari, gap qaytirishlari, jahli chiqsa, yo`lida uchragan narsani tepib, irg`itib ketishlaridan kuyib, salomatliklariga ham putur etdi.
Uylantirish fursati etganida, suygani borligini aytdi. Surishtirdik, ammo onam u qizning axloqi uncha yaxshi bo`lmagani uchun ikkilandi. Va “O`sha qizni olib bermayman”, deb shart qo`ydi. Akamning bezoriliklari shundan keyin yanayam avjiga mindi. Bir yilga xorijga ishlashga ketdi. Kelgach, uzoqroq qarindoshimiz bo`lgan qizga uylantirdik. Kelinoyim ikki pahalovondek o`g`il tug`ib berdi. Uyam sabrli ayol edi, erining zug`umlariga chidab yashadi. Ammo akam yangamning eng yaqin dugonasi bilan oilasiga xiyonat qilgach, chiday olmay kichik o`g`lini oldi-da, ota uyiga ketdi. Shu bilan akam besh yil yana bo`ydoq yashadi. Bu orada otamning yuragi xuruj qilib olamdan o`tdi. Onamning salomatligi ham yaxshi bo`lmagani uchun, yana uni akamga ishonib tashlab ketolmasligim vajidan men ham sovchilarni rad etardim.
Qizim, to`yingni ko`rsam edi, — deb onam zor yig`lardi.
Oyi, sizni kimga tashlab ketaman, akamning ahvoli bu bo`lsa... Jahli chiqsa, sizni ham ayamaydi. Men turmushga chiqadigan odam ham shunday bo`lsa, oila qurib, nima ham ko`rardim? — derdim o`ylaganlarimni tilimga ko`chirib.
Nega unaqa deysan, bolam? Mana, opang tuzuk yashayapti-ku! Pochchang yaxshi odam, baraka topsin. Seni ishonchli qo`llarga topshirsam, bu dunyodan ko`zim ochiq ketmasdi. Bu bolaning aqli kirmadi. Ota bo`lib, bosilmadi. Otasini erga qo`yib, xulosa qilmadi, — derdi onam bechora kuyinib.
Ha, haqiqatda akam insofga kelmadi. Mahalla-ko`y o`rtaga tushib, bir eridan ajrashgan juvonga uylantirdik. Qarindosh-urug` onamga maslahat soldi.
— Manzura opa, qizingizni uzating. Mana, kelin keldi uyingizga. Qo`ying, shu qizning baxtini bog`lamang, — deyishdi.
Ammo ming afsuski, kelindan ham omadimiz chopmadi. U onamga qarashni, xizmatini qilishni istamasdi. Buning ustiga, bir-ikki marta nobakor akam ichib olib, menga qo`shib, onaizorimga ham qo`l ko`tardi. Ishlardim, pulimni qurtdek sanab olar, qiliqlari jonimdan o`tganida gap qatyrasam, ayamasdan urardi. Ajrataman deb, o`rtaga tushgan onamni ham siltab tashlardi. Oxiri onam bilan mahalladagi nuroniy cholning oldiga yig`lab bordik. U kishi ham akamga nasihat qilib ko`rdi, “Onasini xor qilgan ikki dunyoda xayr topmaydi”, deb gapirdi. Lekin bu nasihatlarning uning o`ng qulog`idan kirib chapidan chiqardi.
Eng alam qiladigani, onamning ahvoli og`irlashsa, “Oyi, yaxshimisiz?” deyish o`rniga tepamizga kelib olib, “Uyni menga meros qilib qoldiring. Qizingizga uy kerakmas” deb janjal qilardi. Akamning ham, kelinoyimnig ham qo`rqqani shu edi. Men esa “Onam o`lib qolmasin-da”, deb Xudoga iltijo qilardim.
Taqdir ekan, onam bu sinovlari ko`tara olmadi. Akam bir kuni o`lgudek ichib kelib, odatdagidek to`polon ko`tardi. Shunda onam:
— Bolam, qaysi gunohlarim uchun sen meni buncha qiynayapsan. Bir paytlari, chaqaloqligingda shifoxonada oylab olib yotardim seni. Do`xtirlar qo`lingga igna sanchsa, yuragim tilka-tilka bo`lib ketardi. Kechasi bilan tuzalib ketishingni Xudodan so`rardim. Endi esa necha yillardan beri senga insof so`rayman. Men-ku, o`lib ketaman. Faqat shu singlingni ortiq xor etma, — deb yig`ladi.
Akam esa bir burchakda yig`lab o`tirgan bo`lsam-da, o`rnimdan tug`izib, siltalay boshladi meni.
— Siz doim shunga achinasiz. Uni men qariqiz qilib qo`yibmanmi? — deb baqira ketdi.
— Singlingni tinch qo`y, — deb qo`liga yopishgan onamni esa ko`ksidan itardi. Onam hushidan ketib qoldi. “Tez yordam” chaqirdik. Yordam ko`rsatishdi, ammo mehribonim uch kungina yashadi-da, bu olamdan ko`z yumdi. Yolg`izimdan ayrilib, yanayam yolg`izlashib qoldim. Opamning o`z oilasi, tashvishlari bor. Akamning ahvoli bu. Onamning ma`rakalari o`tguncha hovlida ro`zg`or tashvishlari bilan g`imirlab yurdim. Ammo aza tugagach, hammasi qaytadan boshlandi. Mana, ikki yil oldin uydan chiqib ketib, bir yolg`iz keksa ayol bilan yashayapman. Begona bir odam menga mehr ko`rsatib, boshpanasidan joy berdi. Ota hovlimni qo`msayman, rahmatli mehribonlarimning chirog`ini yoqib o`tirishni istayman, ammo akam... hamon o`sha...
Har bir inson farzand dunyoga keltirarkan, uning rohatini ko`rsam, deydi. Odam borki jigariga suyanadi, undan mehr ko`rishni istaydi. Men akamni qarg`amayman, aksincha, ota-onamga qilgan zug`umlari bir kun boshiga balolar bo`lib qaytishidan qo`rqaman. Axir bu hayotda hamma narsaning javobi bor.
Istagim, hech kimning boshiga bu kunlarni solmasin taqdir. Hech bir farzand ota-onasini zor qaqshatib, jigarlaridan yuz o`girmasin...
Shoira VAFOEVA yozib oldi