Ma`lumki, koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarda immunitet holati muhim ahamiyatga ega. Shu bois, uni mustahkamlash uchun taomnomada oqsilga boy oziq-ovqat mahsulotlari bo`lishi lozim. Xo`sh, Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlarning kunlik rasionidan qanday oziq-ovqat mahsulotlari o`rin olgan?
SSV Matbuot xizmati mazkur Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi blok rahbari Baxshillo MAMIROVga bir necha savollar bilan murojaat qildi.
— Markaz oshxonasi qanday faoliyat yuritadi?
— Tibbiyot muassasasining oshxonasi autsorsing tizimida ishlaydi, — deydi B.Mamirov. — Shifoxonaning statistika bo`limiga har kuni ikki marta — ertalab va kechqurun bemorlar soni bo`yicha to`liq ma`lumot beriladi. So`ng ushbu ma`lumot asosida taom tayyorlanadi.
Shuni aytish lozimki, shifoxonada har bir bemorga individual yondashilgan holda 1-, 9- va 15-stolda parhez taomlari tayyorlanadi. 1-stol reanimasiya bo`limi, 9-stolda qandli diabet kasalligi bor bemorlar uchun taom tayyorlansa, 15-stol esa odatdagi bemorlar uchun mo`ljallangan bo`ladi. Barcha taomlar sanitariya qoidalariga va parhez taomlari tayyorlanish texnologiyalariga rioya qilingan holda tayyorlanadi. Koronavirusga chalingan bemorlar taomnomasi har 14 kunda yangilanadi.
Ertalabki nonushtada turli bo`tqalar, tuxum, brinza, pishloq, qovurilgan kolbasa, smetana, kakaoli sut, shirin choy, bulochka, sariyog` berilsa, tushlikka immunitetni ko`taruvchi oqsilga boy ikki xil ovqat, salat, sharbat tayyorlanadi.
— Taomlar qanday etkazib beriladi?
— Taomni etkazib berish jarayoni ham bir necha bosqichlardan iborat bo`lib, ovqat tayyor bo`lgach, maxsus idishlarga solinadi va tarozida o`lchanib, bo`limlarga maxsus avtomashinalarda olib boriladi.
So`ng taom palatalar bo`ylab tarqatiladi. Har bir palatadagi bemor uchun alohida idish ajratilgan bo`lib, taomdan so`ng ular uch bosqichda dizenfeksiya qilinadi.