BMT ma`lumotiga ko`ra, dunyo aholisi 8 milliardga yaqinlashmoqda va bu raqam 2050 yilda 9,7 milliardga, 2100 yilda esa 11,2 milliardga etishi kutilyapti. Aholining 55 foizi shaharlarda istiqomat qilayotgan bo`lsa, 2050 yilga borib bu raqam 70 foizga etadi. Bu esa, katta-kichik shaharlarda chiqindilar bilan bog`liq muammolarni keltirib chiqaryapti. Maishiy chiqindilar aholi jon boshiga har yili 1 foizga oshayotganini e`tiborga olsak, demak, muammoni hal qilish bo`yicha tezkor choralar ko`rilmas ekan, bu dunyo ekologiyasiga yanada jiddiy xavf tug`dirishi mumkin.
Bugun katta qurilish maydoniga aylangan O`zbekiston ham bu muammodan holi emas. Ma`lumotlarga qaraganda, so`nggi yillarda mamlakatimizda yiliga 100 million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi, 35 million tonnaga yaqin maishiy chiqindi hosil bo`lyapti. Chiqindixonalar va chiqindi saqlash omborxonalarida 2 milliard tonnaga yaqin sanoat, qurilish va maishiy chiqindi saqlanmoqda va ular 12 ming gektar maydonni egallab yotibdi. Bu esa mamlakatimizda maishiy chiqindilar bilan ishlash sohasini tubdan isloh qilish zaruratini keltirib chiqaryapti.
Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda chiqindilarga oid ekologik siyosat yuritish maqsadida 2002 yilda “Chiqindilar to`g`risida”gi Qonun qabul qilingan. Maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqib ketish, qayta ishlash xizmatlarini ko`rsatishda davlat-xususiy sheriklikning yangi modeli joriy etildi. Bu sohaga ixtisoslashgan klasterlar faoliyatini qo`llab-quvatlash, maishiy chiqindilar uchun poligonlarni tartibga keltirish borasida bir qator amaliy ishlar qilindi.
Xususan, sanitar tozalashga ixtisoslashgan korxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 2019-2021 yillarda 538 ta maxsus texnika xarid qilindi, joriy yil yakuniga qadar yana 280 ta maxsus texnika sotib olinadi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ko`magiga “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida 339 ta maxsus texnika xarid qilinadi.
2020 yilning sentyabrida Prezidentimizning “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog`liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Uning ijrosi doirasida joriy yilda Andijon va Samarqand viloyatlarida bittadan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo`yicha tenderning birinchi bosqichi boshlangan. Toshkent viloyatida ham bu borada samarali ishlar olib borilyapti. Shuningdek, mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham bu bo`yicha loyihalar ishlab chiqilgan. Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati hududida umumiy qiymati 180,0 mln. AQSh dollar bo`lgan “Maishiy chiqindi poligonlarini rekultivasiya qilish va poligonlarni qurish” loyihalarini amalga oshirish ko`zda tutilyapti. Buning uchun umumiy maydoni 111 gektar(ga) bo`lgan er maydonlari ajratildi.
Ma`lumki, chiqindilarning 80 foizini organik moddalar tashkil qiladi va ularni qayta ishlash natijasida katta miqdordagi energiya va energiya tashuvchilarni ishlab chiqarish mumkin. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, maishiy chiqindilar butun dunyoda arzon xom ashyo hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi uning 85 foizini qayta ishlash mumkinligini ko`rsatmoqda va Evropaning ko`plab davlatlarida chiqindilarni alohida yig`ish yo`lga qo`yilgan bo`lib, qog`oz, plastik, alyuminiy kabi xom ashyoning katta qismi qayta ishlashga yuboriladi.
Ta`kidlash joiz, mamlakatimizda ham bu borada amaliy harakatlar allaqachon boshlangan. Prezidentning 2019 yil 17 apreldagi qarori bila “2019–2028 yillarda O`zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” tasdiqlangan bo`lib, unda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish ko`zda tutilgan. Ayni paytda Toshkent shahrida mazkur qaror ijrosi doirasida zarur shart-sharoitlarni yaratish ishlari olib borilmoqda.
G`ayrat SAFAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a`zosi