Avvalroq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 31 may kuni turizm, shahar infratuzilmasi, sanoat sohalaridagi loyihalar hamda Alisher Navoiy maqbarasini ta`mirlash va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar bergan edik.
Taqdim qilingan loyihalardan biri Chirchiq daryosi bo`yida turli infratuzilma ob`ektlari barpo etishga oid. Mazkur daryoning Toshkent shahridan o`tgan qismi 16 kilometrni tashkil etadi. Loyihaga ko`ra, daryo o`zani qisqartirilib, qirg`oqlari obodonlashtiriladi. Buning evaziga ochiladigan maydonlarda zamonaviy uy-joylar, dam olish maskanlari, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish inshootlari qurilishi rejalashtirilgan.
Yana bir loyiha Toshkent xalqaro aeroportidan shahar markaziga o`tishdagi ko`prikni kengaytirishga qaratilgan. Hozirgi yo`l o`tkazgich 1967 yilda qurilgan. Poytaxtimiz rivojlanishi va transportlar soni oshishi bilan uni rekonstruksiya qilish ehtiyoji paydo bo`ldi. Shu bois ushbu ko`prikning Kichik halqa yo`li bilan kesishgan joyida aylanma shaklidagi yo`l o`tkazgich qurish rejalashtirilgan. Uning uzunligi 650, eni 30 metr bo`lishi mo`ljallangan.
Bu muhandislik echimi avtotransportlarning ko`prikka chiqishi va tushishini osonlashtiradi. Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlaydi. Bu erdagi qulaylik yaqin atrofdagi ko`chalarga ham ta`sir qilib, tirbandlik kamayishida muhim omil bo`ladi.






