1

Transport vositasini boshqarishda musulmonlar rioya etishlari lozim bo`lgan ko`plab sunnatlar va odoblar mavjud

Jamiyat 01.06.2021, 13:45
Transport vositasini boshqarishda musulmonlar rioya etishlari lozim bo`lgan ko`plab sunnatlar va odoblar mavjud

O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati Yo`l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga Dinimizning munosabati haqida quyidagilarni ma`lum qildi.  

Ma`lum qilinishicha, islom shariati yo`l harakati qoidalariga – ijtimoiy qoidalar sifatida qaraydi va unga rioya qilishga buyuradi. Yo`l harakati qoidalariga rioya etish shariatning quyidagi uchta maqsadlariga etishga xizmat qiladi:

  • Hayotni saqlash.
  • Avlodni saqlash.
  • Mulkni saqlash.

 

Transport vositasini boshqarishda musulmonlar rioya etishlari lozim bo`lgan ko`plab sunnatlar va odoblar mavjud.  

Eng muhim vazifa – inson ulovda yurganida o`zi va o`zgalarni xatarga qo`ymasligi, piyodalar, yo`lovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yo`l harakati ishtirokchilarining barchasi yo`l harakati qoidalariga qat`iy rioya qilishlari lozim bo`ladi. Qoidani buzish – boshqa bir yo`l harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish va unga zulm qilish hisoblanadi.

" – Islomda naqliyot vositalariga alohida e`tibor beriladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o`sha vaqtda miniladigan barcha ulovlardan yaroqli holda foydalanishga, yaxshi parvarish qilishga buyurganlar. Transport vositasi yo`lga yaroqli bo`lishi lozim bo`lganidek, uni haydovchi shaxs ham uni haydashga layoqatli bo`lishi shar`an vojib. Ya`ni haydovchi o`zi minmoqchi bo`lgan transport vositasini haydashga ayni vaqtda aqlan va jismonan layoqatli bo`lishi hamda kerakli bilim va tajribaga ega bo`lishi lozim. Aks holda, u o`zining ham, boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qo`yishi muqarrar. Bu esa shar`an harom hisoblanadi. Shuning uchun, haydovchi shaxsning transport vositasini bezarar, o`ziga ham, boshqalarga zarar keltirmay boshqarishigato`la ishonchi bo`lmasa,ayniqsa, mastlik holatida, sezgirlik va e`tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta`sirida, yo`l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida transport vositasini boshqarish shar`an joiz emas.

Soha mutaxassislarining ta`kidlashicha, baxtsiz hodisalarda eng ko`p aybdorlar yosh haydovchilardir. Ularning uquvsizligi va tajribasizligi borasidagi Alloh taoloning huzuridagi mas`uliyat – haydovchilarning o`qitish tizimidagi mas`ullarning zimmasidadir. Ular haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo`yicha zimmalaridagi vazifalarini vijdonan bajarishlari, etarli bilim va malakaga ega bo`lmagan o`quvchilarga haydovchilik guvohnomasini bermasliklari lozim. Aks holda malakasiz haydovchining sodir etayotgan yo`lbuzarliklariga bu dunyoda ham, Qiyomatda ham tegishli tarzda javobgar bo`ladilar. Hadisda ta`kidlangan: “Barchangiz qo`l ostingdagilarga mas`ulsizlar” (Imom Buxoriy, 2409-hadis).

Shuningdek, piyodalar ham yo`l harakatida o`z hayotlarini xatarga qo`ymasliklari talab etiladi. Piyodalar trotuardan yoki piyodalar yo`lkasidan, faqat ular bo`lmagandagina ehtiyotlik bilan yo`l yoqasidan yurishlari, yo`lning qatnov qismini piyodalar o`tish joylaridan, shuningdek er osti va er usti o`tish joylaridan, ular bo`lmaganda esa chorrahalarda trotuar chiziqlari yoki yo`l yoqasi bo`ylab kesib o`tishlari kerak. Ushbu qoidalarni buzish insonning bila turibo`z hayotini xatarga qo`yishi hisoblanib, bunday ish qilgan musulmon shariat nuqtai nazaridan gunohkor bo`ladi.

Yo`l odoblaridan muhimlari – o`zaro iltifot ko`rsatish va hurmat bilan munosabatda bo`lish hisoblanadi. Alloh taolo Qur`oni karimda: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o`n barobar (ko`paytirib yozilur)...” deb ta`kidlagan (An`om surasi 160-oyat)", – deyiladi O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati ma`lumotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1