AsosiySiyosat

O`zbekiston va Qozog`iston parlamentlarining raislari uchrashdi

'O`zbekiston va Qozog`iston parlamentlarining raislari uchrashdi'ning rasmi

.Bugun, 3 iyun kuni Senatda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaevaning Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbaev bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Mazkur uchrashuvda O`zbekiston va Qozog`iston mamlakatlarimiz o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat berayotgani ta`kidlandi. So`nggi 4 yil ichida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi o`zaro aloqalar yuqori darajaga ko`tarildi.

Ikki mamlakat manfaatlariga javob beradigan ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalardagi aloqalar sur`ati o`sib bormoqda.

O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasidagi parlamentlararo muloqot faollashdi. Tomonlar parlament faoliyati tajribasini o`rganish uchun doimiy ravishda delegasiyalarning o`zaro tashriflarini uyushtirmoqda, shu jumladan turli xalqaro konferensiyalar va parlament tashkilotlari ishida ishtirok etish orqali uchrashuvlar o`tkazilmoqda.

Transport kommunikasiyalari va tranzit tashuvlari, mehnat migrasiyasi, suvdan foydalanish, madaniyat, ta`lim, gender tenglik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko`rib chiqildi. Tomonlar Samarqandda Qozog`iston Konsulxonasi, Chimkent shahrida esa O`zbekiston Bosh konsulxonasi ochilishini olqishladilar.

Shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, shu jumladan ixtisoslashgan qo`mitalar o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari (PI, EXHT PA, MDH PA), shuningdek boshqa qator xalqaro tashkilotlar doirasida umumiy tashabbuslarni ilgari surish, deputatlar o`rtasida hududlararo hamkorlik o`rnatish, huquqiy bazani tezlikda shakllantirish, pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko`rilishini ta`minlash masalalari muhokama qilindi.

Bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qozog`iston Parlamenti bilan hamkorlik bo`yicha parlamentlararo komissiyasi hamda yangi tashkil etilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Senati bilan hamkorlik bo`yicha komissiyasi muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgani ta`kidlandi.

Hozirgi vaqtda qonun ijodkorligini takomillashtirish borasida, iqtisodiy, sayyohlik, madaniy va gumanitar sohalarda hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda parlament rolini oshirish bo`yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Yuqorida sanab o`tilgan tadbirlarni va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun 2021-2022 yillarda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Qozog`iston parlamenti huzuridagi Parlamentarizm instituti o`rtasida hamkorlik to`g`risida Memorandum imzoladilar.

Uchrashuvlar yakuni bo`yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.

 

    Boshqa yangiliklar