Har bir mamlakat maqsadlari yo`lida barqaror rivojlanish uchun o`z strategiyasini, rejalarini va dasturlarini mustaqil ravishda ishlab chiqadi. O`zbekiston hukumati ham islohotlarning samaradorligini global BRM reytingi orqali kuzatib boradi, unga ko`ra O`zbekiston hozirda 52-o`rinni egallab turibdi. Mamlakatning uzoq muddatli istiqbolda strategik maqsadi – 2030 yilga kelib yuqori daromadli mamlakatlarga qo`shilish, bu esa aholi jon boshiga daromadlarni ikki baravar ko`paytirish, qashshoqlik va tengsizlikni kamaytirishni nazarda tutadi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun O`zbekiston barqaror rivojlanish uchun mas`uliyatli va samarali boshqaruvning asosiy tamoyillarini joriy qilgan holda liberallashtirish va davomli islohotlarga tayanadi.
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning saylanishi hayotimizning ko`plab sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarga yangi turtki berdi. So`nggi yillar davomida respublikamizda mahalliy vakillik organlari faoliyatini qayta ko`rib chiqishga yo`naltirilgan jiddiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF–5185 Farmoni bilan tasdiqlangan Ma`muriy islohotlar Konsepsiyasida mahalliy davlat hokimiyati organlarining, ayniqsa, xalq deputatlari Kengashlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo`linmalari faoliyatini nazorat qilish bo`yicha roli va mas`uliyatini oshirish masalasi ko`tarilgan.
“Qachonki, hududlardagi vaziyat ijobiy tomonga o`zgarsa, byudjet ijrosi to`liq ta`minlansa, jinoyatchilik kamaysa, yangi ish o`rinlari yaratilsa, eng muhimi, xalqimizning turmush darajasi yaxshilansa, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ijobiy baho bersa bo`ladi”,–deydi O`zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.Mirziyoev.
Qolaversa, mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirish kunning dolzarb masalasidir. Mohiyatan olib qaraganda, mahalliy Kengashlar deputatlari jamiyat va davlat manfaatlariga xizmat qiladigan ishlar bilan shug`ullanadi, ular doimo davlat diqqat-e`tiborida bo`lgan aholining hayotiy manfaatlarini ifoda etadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini tashkil etish va faoliyatini baholashning amaldagi tizimi oldiga qo`yilgan vazifalarni samarali hal qilishga imkon bermayapti. Xususan, ijro etuvchi va vakillik hokimiyati markaziy organlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o`zaro hamkorligining darajasi hududlarda echimini kutayotgan muammolarni hal qilish bo`yicha uyg`un faoliyatni ta`minlamaydi. Aksariyat hollarda ularning faoliyati bir martalik xususiyatga ega, alohida topshiriqlarni bajarishdan iborat bo`lib qolgan. Buning ustiga, joylarda yig`ilib qolgan muammolarni hal qilish bo`yicha lozim darajada tashabbus ko`rsatilmayapti.
Xorijiy mamlakatlarning davlat boshqaruv tizimlari rivojlanishning beqaror sharoitlariga, kechayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarning globallashuvi jarayoniga, axborot oqimi va texnologiyalarning o`sishiga doimo moslashib kelgan. Islohotlarning zaruriyati aholining ommaviy boshqaruvdan noroziligi va davlat apparatiga ishonchining kamayib borishi bilan bog`liq bo`lgan asoslardan kelib chiqqan. Adabiyotlarda jamoat ishlari boshqaruvini qo`ldan chiqarishda, soliq to`lovchilarning mablag`laridan samarasiz foydalanishda va aholiga ko`rsatilayotgan xizmatlarning sifatini pasayishida namoyon bo`ladigan ma`muriy davlat inqirozi haqida so`z yuritiladi.
«Umumiy qadriyatlar ustuvorligida, hokimiyat, barcha boshqaruv vazifalarini amalga oshirib, inson va davlat manfaatlarini birlashtiradi va huquqlarning optimal uyg`unligini hosil qiladi». Shundan kelib chiqqan holda, markaziy hokimiyatning fundamental funksiyasi – tartibga solish – qat`iy bo`lishi lozim. Shu sababdan, fuqarolik jamiyati rivojlangan davlatda hukmron bo`lgan ommaviy boshqaruv asosiy maqsadining umumiy ko`rinishini: shaxs, jamoa, davlat va jamiyat munosabatlarini o`zaro samarali aloqalarni tartibga solish va muvofiqlashtirish sifatida belgilab, u, o`z navbatida, demokratik, oqilona va samarali boshqaruv ta`sir tizimiga asoslanishi lozimligini e`tirof etish mumkin.
Mamlakatni modernizasiyalash qilish, davlat boshqaruvini liberallashtirishga oid islohotlar natijasida ijtimoiy hokimiyatning tarkibiy qismi bo`lmish fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlari bilan mahalliy davlat hokimiyatining o`zaro munosabatlarini yanada kengaytirish, ular faoliyat samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O`zbekiston fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ham bevosita, ham o`z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar, deb O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida o`rnatilgan. Bu har bir saylangan xalq vakillari – deputatlar zimmasiga katta mas`uliyat yuklaydi. Deputat – u xalq vakili, u yuzaga keladigan muammolarni echimini topuvchi, elning manfaatlarini himoya qiluvchi, o`z elektoratining manfaatlarini himoya qilishdan, joylarda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarning qo`sh qanoti hamda xalq bilan muloqotni amalga oshirishda ishonchli ko`prikdir.
Mahalliy hokimiyat organlarining muntazam tizimini fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Shu jihatdan, O`zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlarini bir-biridan ajratib qo`yish, bo`lib tashlash mumkin emas. Aksincha, mamlakatimizning turli mintaqa va hududlarida davlat siyosatini to`g`ri tushuntira va tatbiq eta oladigan, ijtimoiy hokimiyat tuzilmalarining yaxlit hamda yagonaligini ta`minlaydigan mexanizm sifatida davlat va nodavlat organlarning o`zaro mutanosib faoliyatini rivojlantirish yo`lidan borildi.
Davlat mexanizmida mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolar o`zini o`zi boshqarish institutining biri ikkinchisini taqozo qiladigan hamda to`ldirib turadigan tarkibiy element sifatida o`zaro munosabatda bo`lishi ularning huquqiy asoslarini mustahkamlaydigan normalar ishlab chiqilishiga ehtiyoj doim seziladi. Bugungi kunda mazkur normalar zamon talablarini hisobga olgan holda muntazam ravishda boyitib, rivojlantirib borilmoqda. Bu sohada qabul qilingan o`nga yaqin, jumladan, «Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida», «Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida», «Ijtimoiy sheriklik to`g`risida»gi Qonun va Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatimizda manfaatlar muvozanatini ta`minlash kabi eng muhim vazifalarni hal etishda fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda.
1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi mahalliy davlat hokimiyatining asoslarini belgilab berdi. Konstitusiyaning XXI bobida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo`lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko`zlab o`z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etishi, mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga kiradigan masalalar, ularning vakolat muddati, hisobdorligi, mansabdor shaxslarning lavozimga qo`yilishi va javobgarligiga oid normalar o`z ifodasini topdi.
O`zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi Qonunning 4-moddasida hokimiyat vakillik organlari va hokimlarning o`zini o`zi boshqarish organlari bilan o`zaro munosabatlari normasi aksini topgan. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi tegishli hududda o`zini o`zi boshqarishni rivojlantirishga ko`maklashadilar, o`zini o`zi boshqarish organlarining faoliyatini yo`naltirib turadilar, deb o`rnatilgan.
2017 yil 14 sentyabrdagi bir qator qonunlarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish natijasida, viloyat, tuman, shahar hokimi zarur bo`lgan hollarda o`z faoliyati to`g`risida fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlariga hisobot taqdim etadi, degan qoida o`rnatildi. Mazkur norma bugungi kundagi amalga oshirilayotgan islohotlarning aynan namoyonidir, desak mubolag`a bo`lmaydi. O`zaro tiyib turish va muvozanatda saqlash prinsipi bu norma tartibida hayotdir.
Viloyat, tuman, shahar hokimi har yili tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobot taqdim etadi. Viloyat, tuman, shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli hududda joylashgan boshqa davlat organlari qatori fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlari ham taklif etilishi mumkin. Shuningdek, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining boshliqlari har chorakda tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to`g`risida hisobot taqdim etadi. Mazkur hisobotlarda hudud holati bo`yicha fuqarolar o`zini o`zi boshqarish organlarining ishtiroki juda muhim.
Deputatlarning har oy o`n kun davomida bevosita saylov okruglarida ishlashi natijasida xalq noiblari o`z saylovchilarining ehtiyojlari va muammolari to`g`risida axborot olishini ta`minlovchi barqaror mexanizm shakllandi. Shuningdek, ikki tomonlama hisobdorlik tizimi yaratildi. Mazkur mexanizmni joriy etish aynan fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari hamkorligida amalga oshirilishi mumkin.
Bugun xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ishi ham yangi mazmun-mohiyat bilan boyidi. Mahalliy deputatlarning birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan uzoq yillar davomida o`z echimini topmay kelayotgan ko`plab masalalar tezkor ravishda hal etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining yangi siyosiy yo`li nafaqat qonun ijodkorligiga, balki deputatlik faoliyatiga ham yangicha mazmun-mohiyat baxsh etdi. Deputatlarning o`z saylov okruglaridagi faoliyati shakl-shamoyilini o`zgartirish, ularning saylovchilar bilan doimiy muloqot o`rnatish mexanizmlarini takomillashtirish borasida aynan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilib, amalga oshirilgan tashabbuslar yurtdoshlarimizni tashvishlantirayotgan muammolarni chuqur o`rganish, xalq va davlat institutlari o`rtasida ko`prik bo`lish, saylovchilarning manfaatlarini to`laroq ifodalash imkonini berdi. Xalq deputatlari Kengashlari, avvalo, haqiqiy xalq vakillik organi bo`lishi, deputatlikka jamiyat va davlat boshqaruvi sir-asrorlarini biladigan, xalqning g`am-tashvishini tushunadigan va unga ko`mak bera oladigan kishilar saylanishini nazarda tutuvchi samarali tizim o`rnatilishi ham shu zarurat talabidir.
G.Ismailova, JIDU dosenti, yu.f.d.