1

Yuragimda saqlaganlarim: “Sizni bir bor ko`rsam edi...”

Mutolaa 14.03.2016, 12:14
Yuragimda saqlaganlarim:  “Sizni bir bor ko`rsam edi...”

Biz shunday yashaylikki, oradan yillar o`tib, ortga razm solganimizda hayotimizning hech qaysi sahifasini o`zgartirish istagi paydo bo`lmasin. Qaerdadir nimanidir o`zgartirish istagi paydo bo`ldimi, demakki, qaerdadir xatoga yo`l qo`ygan bo`lamiz, deb yozgan edi donishmandlardan biri.  Tahririyatimizga kelgan namanganlik muxlisamizning   quyidagi maktubi  e`tiborimizni tortdi. Unda bitilgan dil so`zlari sizni ham befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz...

Yana bahor keldi, erta bahor.  Havoda mayin iliqlik hukm surmoqda.  Quyosh tabiatni o`zining iliq nurlari bilan siylamoqda.  Zamindan shoshqaloq ko`katlar bosh ko`targan. Lekin  daraxtlar uyquga to`ymagan boladay  hali qobig`iga o`ranib yotibdi.  Sayroqi qushlar esa  tabiatning eng tarovatli fasli-bahor kelayotgani haqida olamga jar solmoqda...

Bugun sizni ko`rgani keldim.  Ha yana ko`rgani keldim. Ilgarilari darvozadan ko`rinishim bilan iqbolimga peshvoz chiqib, meni savollarga ko`mib yuborar edingiz. 

— Kel bolam, tuzukmisan? Uying tinchmi? Bolalaring, ering sog`mi? Tinchlik bilan keldingmi? 

Meni esa hali nafasimni rostlab olmasimdan  so`roqqa tutganingizdan ensam qotadi:

— Faqat, notinch bo`lsam sizni ko`rgani kelamanmi? Qiziqsiz –a, oyi? 

Javob berardim-u, ayb ish qilib qo`ygan boladay ko`zlarimni yashirardim. Siz esa shundayam tinchimay:

— Ha bolam-a, meni ko`zim xiraroq.  Tog`ni ko`rmay qolishim mumkin. Lekin onaman. Seni ko`zlaringdagi mungni, yoshni ko`r bo`lsam ham ko`raman,-derdingiz. 

 Shu so`zlaringizdan keyin kipriklarimda omonatgina osilib turgan yoshlar selga aylanardi. Bor dardimni yig`lab-siqtab, sizning yuragingizga ag`darar edim. O`zim engil tortardim-u,  alam yukining bor zalvorini sizning keksalikdan cho`kib qolgan elkangizga ortar edim.

Siz esa jimgina eshitardingizda:

— Bolam hayot har qadamda bizni turli sinovlarga giriftor qiladi. Peshinangga yozilgan ekan, sabr qil, — derdingiz. 

Menga tasalli berardingiz-u, o`zingiz iztirob o`tida yonardingiz. Turmushim notinchligida o`zingizni aybdor his  etib, ich etingizni erdingiz. Chunki meni o`zingiz tanlagan insonga turmushga bergansiz. “Jiyanim, ukamdek yaqinim qizimni ehtiyot qiladi” deb o`ylagansiz. Sizning xatoingiz ham gunohingiz ham shu. 

Meni aldab-suldab, yupantirib topganingizni  qo`limga tutqazib jo`natar edingiz.  Men notavon uyimga kulib ketar, siz esa ortimdan bo`zlab, kuyib qolar edingiz. Keyingi kelishimgacha ming o`lib, ming tirilib  yashardingiz. Yana kelganimda esa siz ko`zimga termulasiz, men sizni olovda yoqishda davom etaman. 

O`sha voqea hech esimdan chiqmaydi. Har doimgidek ham uchib-qunib kutib oldingiz. Boringizni dasturxonga to`kib sodingiz. Men esa dardimni dasturxon qilishdan charchamadim. 

Siz esa, ko`zingizni bir nuqtaga qadagancha, har doimgi gapni tilga oldingiz.

— Sabrli bo`l, qizim!

— Sabr, sabr, qachongacha sabr qilaman, — deya zahrimni sochdim. – Siz menga o`xshab er jabrini tortmagansiz. Dadam sizni urmagan, so`kmagan, qattiq gapirmagan. O`zingiz aytardingizku, otangdek inson boshqa bu dunyoga kelmaydi, deb. 

Siz indamasdan boshingizni quyi solib, ko`z-yoshlaringizni engingiz uchi bilan artdingiz. 

Ha, otam sizni kaftida ko`targani rost. Lekin, men qiz bo`la turib, sizning shugina baxtingizni ham yuzingizga soldimmi? Otam bilan baxtli hayot kechirganingizga hasad ko`zi bilan boqdimmi? Sizga, o`z onamga-ya? Eslasam, o`z-o`zimdan nafratlanib ketaman. 

Men esa, kunda-kunora uyingizga ko`z-yoshimni oqizib kelishda davom etdim. Bu hol  to betob bo`lib yotib qolguningizga qadar davom etdi. Siz og`ir dardga mubtalo bo`ldingiz. Turmushidan kuygan baxtsiz qizingiz-mening dardim sizni adoi tamom qildi.  Oyoqlaringiz, qo`llaringizni qimirlata olmaydigan bo`lib qoldingiz. 

Endi sizga qarab men kuya boshladim. Hayotiy muammolarimdan  sizning sog`ligingiz, hayotingiz men uchun muhimroq ekanligini anglab etdim.  Ammo, sizni har safar ko`rgani kelganimda, ko`zlarimga sinchkovlik bilan tikilishda davom etardingiz... Ularning tubiga cho`kib ketgan g`am va javobi topilmayotgan savollarni o`zingizcha tahlil qilardingiz, go`yo.

Men beshafqat, men zolima  o`sha holingizda ham sizni qaqshatib ketdim. Aslida sizni shu ko`yga solgan men bo`lsam ham. Axir men ham ayol edim. Men ham ona edim. Turmushning past-balandlariga qanoat qilolmadim, siz aytgandek biroz sabrli bo`lolmadim.  Ro`zg`or tashvishlarini, hamma oilada bo`ladigan araz-ginalarni  ko`rgulik deb qabul qildim.  Kap-katta ayol bo`lsam ham  yosh boladay etagingizga osilib oldim.  Mustaqil bo`lolmadim. Mening erkaliklarim, injiqliklarim sizni yiqitdi.  

Onajon, mening iziga tushmagan hayotim uchun siz aybdor emassiz. Siz faqatgina menga yaxshilikni ravo ko`rgansiz, xolos. Shunchaki, menga umr yo`ldoshi tanlashda taqdir bizga kulib boqmadi, xolos. Axir hamma adashadi.  Hattoki, avliyolar ham. Siz esa avliyo ham emassiz.  bor-yo`g`i  “ONA” siz, mening onam. 

Yana bahor kelyapti, qushlar sayrayapti, butun borliq uyg`onib yangi hayotni qarshilamoqda. Ammo, siz...

Bugun sizni yana ko`rgani keldim. Siz yoqtirgan ko`klam yomg`iri shivalab yog`yapti. Bolaligim o`tgan ota uyimizga kirar ekanman, hovlining har bir burchagidan, hamma narsadan sizning tarovatingizni tuyaman. Qarshimga peshvoz chiqib, meni savollarga ko`mib tashlashlaringizni judayam sog`indim. Ammo, afsus, endi sira unday bo`lmaydi. Chunki siz mangu uyquga ketgansiz, arshi a`lodan menga boqib, men va bolalarimga yaxshiliklar sog`inasiz endi... 

Shularni o`ylaymanu, ko`zimdagi tomchilar selga aylanadi. Bo`g`zimga nimadir tiqilib, ichimdagi alam yuki ko`ksimni yorib yuboray deydi-yu,beixtiyor quyidagi so`zlarni pichirlayman:

— Oyi, oyijon. Men tinchman. Bolalarim ham sog`-salomat.  Men sizni sog`inib keldim, oyi. Meni kechiring, to`kkan ko`z yoshlaringiz, sizga bergan ozorlarim uchun kechiring. Qarang, siz yoqtirgan bahor keldi, siz yoqtirgan yomg`ir yog`yapti.  Oyijon, bugun tug`ilgan kuningiz, agar hayot bo`lganingizda yana bir bahorni qarshi olardingiz... 

Yig`lab  ichimdagi g`uborlar yuvilgandek bo`ladi, biroz engillashaman.  Uyimga qaytdim. Ammo bu gal kulib emas yig`lab qaytdim, ikki qo`lim bo`sh, qalbimda zalvorli yuk-pushaymonlik yuki bilan qaytdim. 

Atrofda bahor, sukunat. Ammo o`sha sukunatdan onaizorimning mehrli unini tuygandek bo`ldim: 

— Sabrli bo`l, qizim...

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1