AsosiyIqtisodiyot

O`zbekiston Tojikiston bilan birgalikda avtomobil ishlab chiqarishni yo`lga qo`ymoqchi

'O`zbekiston Tojikiston bilan birgalikda avtomobil ishlab chiqarishni yo`lga qo`ymoqchi'ning rasmi

O`zbekiston Tojikiston bilan birgalikda avtomobil, transformator va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo`lga qo`ymoqchi. Bugun, 9 iyun kuni Tojikistonning Boxtar shahrida o`tkazilgan birinchi O`zbekiston – Tojikiston hududlararo investisiyaviy forumida shunday kelishuvga erishildi. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Davlatali Said, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, ikki mamlakat vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari, chegaradosh viloyatlari rahbarlari, shuningdek, O`zbekiston va Tojikistonning turli hududlaridan kelgan 300 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.

Forumda Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Eksport agentligi bilan O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag`batlantirish agentligi o`rtasida hamkorlik to`g`risida bitim, avtomobil, transformator, maishiy texnika ishlab chiqarish, intensiv bog`lar, issiqxona komplekslari, qishloq xo`jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash bo`yicha qo`shma korxonalarni tashkil etish bo`yicha bitimlar, shuningdek, bir qator savdo shartnomalari imzolandi. Imzolangan hujjatlarning umumiy summasi 730 mln dollarni tashkil etdi.

Tadbirda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli qo`shma loyihalarni amalga oshirishni qo`llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida 50 mln dollarlik ustav kapitaliga ega O`zbekiston – Tojikiston investisiya jamg`armasi tashkil etilgani tilga olindi.

Forum davomida ikki mamlakat hududlari va tegishli idoralar rahbarlari so`zga chiqib, investisiyaviy hamkorlikning imkoniyatlari, shuningdek, avtomobil sanoati, to`qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, qishloq xo`jaligi kabi sohalarda yangi sanoat kooperasiyasi loyihalarini birgalikda ro`yobga chiqarish yuzasidan aniq takliflarning taqdimotini o`tkazdi. Shuningdek, tadbir doirasida “B2G” va “B2B” shaklida ishtirokchilarning manzilli uchrashuvlari va qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo`lib o`tdi.

Boshqa yangiliklar