Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi shaharlarda «O`rta shaharlarni kompleks rivojlantirish» loyihasi doirasida munisipal xizmatlari hamda infratuzilmani yaxshilash uchun Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan 100 million dollar ajratish tasdiqlandi. Bu haqda Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmatiga tayanib, UzNews xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, ushbu pullar O`zbekistonga juda past foizda va 30 yilgacha bo`lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida berilmoqda.
Qayd etilishicha, loyihada ishtirok etadigan shaharlarning yakuniy ro`yxati viloyat va shahar hokimliklari bilan maslahatlashuvlar tugaganidan so`ng, 6 oy ichida tasdiqlanishi rejalashtirilgan.
Loyihada suv ta`minoti va kanalizasiya tizimini takomillashtirish va kengaytirish, elektr infratuzilmasi va ko`chalarni yoritish, avtomobil yo`llari, piyodalar va jamoat transporti zonalarini modernizasiya qilish, jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirish, jamoat joylarini, bog`larni, ko`chalarni va ularning tegishli infratuzilmasini rekonstruksiya qilish, tegishli aholi punktlari hududida madaniy meros ob`ektlarini saqlab qolish bo`yicha restavrasiya ishlari olib boriladi.
Taxminan 4 million odam yoki har ikkala viloyatdagi umumiy aholining taxminan 70 foizi uchun takomillashtirilgan shahar infratuzilmasi va munisipal xizmatlar, shuningdek, yangi ish o`rinlari yaratadigan loyiha tadbirlari natijasida ishga joylashish imkoniyatlarining kengayishi to`g`ridan-to`g`ri yoki bilvosita foyda keltirishi kutilmoqda.
«Ko`pgina mamlakatlar urbanizasiya jarayonidan taraqqiyot drayveri sifatida samarali foydalangan. Buni Xitoy, Janubiy Koreya va Tailand misollarida ko`rish mumkin. O`zbekiston shahar infratuzilmasi va munisipal xizmat ko`rsatish sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishi hamda jamoat joylarini modernizasiya qilishi kerak. Ushbu chora-tadbirlar shaharlarni yashash uchun yanada jozibador va iqtisodiy jihatdan samarali bo`lishiga yordam beradi», — deya ta`kidlaydi Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.






