Dam olish kunlarimizni, bo`sh vaqtlarimizni oila davrasida, ayniqsa, oila bo`lib tabiat qo`ynida o`tkazishning gashti boshqacha. Qishmi-bahormi, mashina yukxonasiga turli oziq-ovqat, sanitar-gigienik mahsulotlar, kabob uchun mangallarni hozirlab yo`lga otlanamiz. Shahardan chiqib ketib, maroqli hordiq uchun qulay joy topamiz va “mayofka”, “piknik”ni boshlab yuboramiz...
HAMMASI ShUNDAN BOShLANADI
Biz olib kelgan har bir mahsulot alohida bir elim xaltachaga solingan. Suv bo`lsa-ku mayli, bo`lmasa tozalik uchun nam salfetka jonga oro kiradi. Yosh bolalarimizning tagligini esa kamida 2 marta alishtirishga to`g`ri keladi. O`tgan yildan bu ro`yxatga tibbiyot niqobi ham qo`shildi – xullas, olib kelingan bir mashina chirimaydigan “otxod”ni qaerdadir qoldirish kerak. To`g`ri-da, uyga elkalab olib ketmaymiz-ku, atrofda bepoyon va beminnat tabiat bag`ri bo`lsa. Chiqindini xohlaganingcha har tarafga otishing mumkin. Birov mushugingni “pisht” demaydi.
TABIIY GO`ZALLIK O`RNINI AXLAT VA ChIQINDIXONALAR EGALLAB BORMOQDA
Birgina Toshkent viloyati misolida olsak, har hafta viloyatning so`lim go`shalariga bir necha yuz minglab sayyohlar kelib-ketishadi. Ulardan har bir jamoaning ulovida yuqoridagi mahsulotlar albatta bo`ladi. Endi ko`z o`ngingizga keltiring, yuqoridagi holatlarni har haftaga va bir necha yuz mingga ko`paytiring. Ko`z o`ngingizda chiqindixonaga aylangan manzara paydo bo`lmagan bo`lsa, matematikani ham bilmas ekanman, deb hisoblayvering.
EKOLOGIK AKSIYaSI – YaXShI TAShABBUS!
13 iyun kuni Toshkent viloyati hokimligi va viloyat ekologiya boshqarmasi tashabbusi bilan “Tabiat – hammamiz uchun” ekologik aksiyasi o`tkazildi. Bu aksiya yoshlar, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar, blogerlar va ayrim san`atkorlarni ham bir g`oya ostida birlashtirib, ular ikki bo`lingan tarkibda Bo`stonliq tumanidagi Chimyon hududi va O`rta Chirchiq tumanidagi Tuyabo`g`iz suv ombori atrofini chiqindilardan tozalashga o`z hissalarini qo`shishdi. Biz ham dam olish kuni uyda yotavermasdan, aslida, tabiatning bir bo`lagi, unga javobgar bo`lgan, befarq bo`lmagan jamoatchilik vakili sifatida ushbu tashabbusda ishtirok etdik. Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi yoshlari hamda qolgan besh yuzdan ortiq ko`ngillilardan iborat “armiya” ikki soatga qolmasdan jami 40 gektarli tabiat bag`rini uning “dushmanlaridan xalos etishdi”.
"BU AKSIYaDAN MAQSAD – BALANDPARVOZLIK EMAS"
Baxtiyor JO`RAEV, Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i:
— Bu aksiyadan maqsad – qandaydir balandparvozlik emas, balki Yaratgan tomonidan berilgan bebaho ne`matlarni ajdodlarimiz tomonidan bizga qanday bir mashaqqat bilan, “cho`g`ni ushlaganday” qo`llarida omonat qilib etkazilgandek kelajak avlodga ham etkazishdir.
AKSIYaLAR YaXShI, AMMO
Aksiyalar yaxshi, ammo aholining bu boradagi tushunchasi etarli emasligi va chiqindi tashlash qutilarining kamligi masalasi qanday hal etiladi? Aynan shu savolimizga Baxtiyor Jo`raev Bo`stonliq tumanining Chimyon-Dovon yo`lida 10 tadan ortiq chiqindi tashlash urnalari va ulardan 100 metr oldin ishora qiluvchi yo`l belgilari o`rnatilgani va bu hali boshlanishi ekanligini aytdi.
XULOSA O`RNIDA
Hashar yakunlanib, Toshkentga qaytishda atrofga razm solarkanmiz, yo`l chetidagi anhor-u ariqlarda cho`milayotgan odamlar va ularning atrofida turli ranglarda daraxtlarni “bezab turgan” elim xaltachalarga ko`zimiz tushdi. 40 gektar juda oz, bunday aksiyalar soni sanoqli, odamzodning ekologik madaniyati esa anchayin xarob ahvolda. Bu ketishda Yaratgan tomonidan berilgan ne`matlarni kelajakka qanday ahvolda etkazamiz? Hududlar tozalanaversa-yu, u erlarga borganlar hudud tozaligini ko`rib, “qoldiqlarini” zora o`zlari bilan olib ketib, maxsus joylarga tashlashsa qanday yaxshi. Afsuski, bunday bo`lmaydi. Tabiatning bag`ri keng – unda xohlaganimizni qilamiz, deb fikrlovchilar borligi achinarli. Bu kabi aksiyalar ramziy ma`noda o`tkazilishi, undan maqsad – insoniyat ongidagi ekologiya va atrof-muhitga loqaydlikni yo`qotish ekanligini juda kamchiligimiz anglab etamiz. Qaniydi, bu fikrlarimiz haqiqat ekanligini inkor etuvchi jamiyat shakllansa-yu, bu gaplarimiz uchun uyalib qolsak…
Sardorbek RAHMONQULOV, "Darakchi" gazetasi 25 (1152)24 iyun 2021y