AsosiyIqtisodiyot

Investor, investor, deymiz, o`zi undan nima naf ko`ramiz?

'Investor, investor, deymiz, o`zi undan nima naf ko`ramiz?'ning rasmi

O`zbekiston jadal iqtisodiy o`zgarishlarni boshdan kechirib kelmoqda. O`z navbatida, xalqaro hamjamiyatda ham biznes va investisiyalar uchun turli xil to`siqlarni bartaraf etishda ochiqlik, yangilanish va qat`iyatlilik ramzlaridan biri sifatida o`z qiyofasini namoyon etmoqda. Shu jarayonda aholi va mahalliy tadbirkorlar orasida “Chet ellik investorlar bizga nima foyda beradi?”, “Nega mahalliy ishlab chiqaruvchiga emas, asosan xorijlik investorlarga keng sharoit yaratilyapti?” mazmunidagi savollar ko`p uchramoqda.

Ushbu mulohazalarga va sohaga tegishli yana bir qator savollarga O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati ko`magida mutaxassislardan izoh olishga harakat qildik.

VAZIRLIK VAKILLARINING AYTIShIChA...

Vazirlik vakillarining aytishicha, xorijiy investisiyalar mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirmoqda hamda kelajakda yalpi ichki mahsulot o`sishiga ijobiy ta`sir qiladi. Bundan tashqari, sarmoyalar o`sish va barqaror rivojlanish uchun juda muhim. Ular ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishga, ish o`rinlari yaratishga va daromadlarni oshirishga yordam beradi. To`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar qabul qiluvchi mamlakatlarga yangiliklarni va yanada barqaror ishbilarmonlik amaliyotini olib borish pirovardida fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash orqali qo`shimcha foyda keltiradi. 

Eslatib o`tamiz, 2020 yil 26 yanvarda investisiyalar va investisiya faoliyatida dolzarb o`zgarishlar va islohotlarning amalga oshirilishi, ushbu yo`nalishda to`g`ridan-to`g`ri amal qiladigan qonunlar mavjud emasligi sababli yagona unifikasiyalashtirilgan “Investisiyalar va investisiya faoliyati to`g`risida”gi qonun kuchga kirgandi. Unga ko`ra, chet ellik investorlar va mahalliy tadbirkorlar huquqlari tenglashtirilgan hamda investision faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga bir xil imtiyozlar berilgan.

XORIJIY TADBIRKORLARGA BERILGAN ERLAR QAYTARIB OLINADIMI YoKI INVESTORNIKI BO`LIB QOLADIMI? 

— Er davlat mulki – umummilliy boylik. Undan oqilona foydalanish zarur, u davlat tomonidan muhofaza etiladi hamda oldi-sotdi qilinmaydi, ayirboshlanmaydi, hadya etilmaydi, garovga qo`yilmaydi. O`zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan hollar bundan mustasno. 

Er uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga doimiy va muddatli (vaqtincha) egalik qilishga hamda ulardan doimiy va muddatli (vaqtincha) foydalanishga berilishi mumkin. 

Er uchastkalari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qishloq va o`rmon xo`jaligi yuritish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa boshqa maqsadlar uchun ham doimiy egalik qilishga beriladi. Doimiy yoki muddatli (vaqtincha) foydalanish uchun er uchastkalari: 

  • O`zbekiston Respublikasining fuqarolariga;
  • sanoat, transport hamda boshqa noqishloq xo`jalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga;
  • chet el investisiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga;
  • chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga beriladi.

Er uchastkalaridan muddatli foydalanish qisqa muddatli – uch yilgacha va uzoq muddatli – uch yildan o`n yilgacha bo`lishi mumkin. Ishlab chiqarish zaruriyati taqozo etganda bu muddatlar tegishlicha qisqa muddatli yoki uzoq muddatli vaqtincha foydalanish muddatlaridan ortiq bo`lmagan davrga uzaytirilishi mumkin. Er uchastkalaridan vaqtincha foydalanish muddatlarini uzaytirish shu uchastkalarni bergan organlar tomonidan amalga oshiriladi.

Investisiya shartnomasi yoki davlat xususiy sheriklik asosida quyidagilar: 

qishloq xo`jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug`oriladigan erlar va lalmi erlar — O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga hamda qishloq xo`jaligi korxonalariga;

o`rmon fondining foydalanilmayotgan erlari — jismoniy va yuridik shaxslarga; 

yaylovlar, bo`z erlar, ko`p yillik dov-daraxtlar — O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga, qishloq xo`jaligi korxonalariga, shuningdek O`zbekiston Respublikasi rezidentlari bo`lgan investorlarga uch yildan kam bo`lmagan va qirq to`qqiz yildan oshmaydigan muddatga ijaraga berilishi mumkin. 

INVESTORLARGA QANDAY ShARTLAR QO`YILADI? 

— “Investisiyalar va investisiya faoliyati to`g`risida”gi qonunning 11-moddasiga ko`ra, investorning bir qator majburiyatlari mavjud. Soliqlar, to`lovlarni o`z vaqtida to`lash, shartnoma majburiyatlarini bajarish, bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi sababli investisiya faoliyati ishtirokchisiga etkazilgan zararlarning o`rnini qoplashi kerak. Shuningdek, qonun hujjatlari talablariga, jumladan raqobat, korrupsiyaga qarshi kurashish, investisiyalar va investisiya faoliyati hamda mehnat, shaharsozlik, atrof-muhitni muhofaza qilish to`g`risidagi qonun hujjatlari talablariga va texnika xavfsizlik, sanitariya normalari va qoidalariga rioya etadi. Eng asosiysi vakolatli davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining o`z vakolatlari doirasida qo`yiladigan talablarini bajarishi shart. 

2016 yil 26 avgustda qabul qilingan “To`g`ridan-to`g`ri xususiy xorijiy investisiyalarni jalb qiluvchi korxonalar uchun soliq imtiyozlarini qo`llash tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga ko`ra to`g`ridan-to`g`ri xususiy xorijiy investisiyalarni jalb etadigan korxonalar soliq imtiyozlariga ega bo`lish uchun ma`lum shartlarni bajarishi lozim. Misol uchun, yurtimizning barcha shaharlari va qishloq aholi punktlarida korxonani joylashtirish (er olish), bundan Toshkent shahri va Toshkent viloyati mustasno. Bunday hududiy cheklov turizm sohasida faoliyat ko`rsatuvchi korxonalarga va chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirishga tatbiq etilmaydi. Korxonaning ustav kapitalida xorijiy ishtirokchilarning ulushi kamida 33 foizni, aksiyadorlik jamiyatlarida esa kamida 15 foizni tashkil etishi lozim. Mazkur imtiyozlarning qo`llanilishi muddati davomida imtiyozlardan olingan daromadning kamida 50 foizi korxonani yanada rivojlantirish maqsadida qayta investisiyalashga yo`naltiriladi.

XORIJIY SARMOYaDORLAR O`ZBEKISTON IQTISODIYoT TARMOQLARINING QAYSI YO`NALIShLARIGA KO`PROQ SARMOYa KIRITIShI BELGILANGANMI YoKI?.. 

— “To`g`ridan-to`g`ri xususiy xorijiy investisiyalarni jalb etishni rag`batlantirish borasidagi qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmonga ko`ra, beriladigan imtiyozlardan foydalanish uchun xorijiy sarmoyadorlarga yigirmadan ortiq iqtisodiyot tarmog`ida faoliyat yuritishi shart. 

1.Radio elektron sanoati buyumlari hamda kompyuter, hisoblash texnikasi butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish. 2. Engil sanoat. 

3. Ipakchilik sanoati. 

4. Qurilish materiallari sanoati. 

5. Parranda go`shti va tuxumni sanoat miqyosida etishtirish. 

6. Oziq-ovqat sanoati. 

7. Go`sht-sut sanoati. 

8.Baliq va baliq mahsulotlarini qayta ishlash hamda konservalash. 

9. Kimyo sanoati. 

10. Neft-kimyo sanoati. 

11. Tibbiyot sanoati, shuningdek veterinariya uchun dori vositalarini ishlab chiqarish. 

12. Qadoqlash materiallarini ishlab chiqarish. 

13. Muqobil energiya manbalari negizida elektr stansiyalari qurish. 

14. Ko`mir sanoati. 

15. Ishlab chiqarishga mo`ljallangan elektroferrosplav va metall buyumlarni ishlab chiqarish. 

16. Mashinasozlik va metallga ishlov berish. 

17. Stanoksozlik va asbobsozlik sanoati. 

18. Shisha va chinni-fayans sanoati. 

19. Mikrobiologiya sanoati. 

20. O`yinchoqlar ishlab chiqarish. 

21. Turizm. 

22. Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish. 

SOHALAR ANIQ BELGILANGAN EKAN, INVESTORLARGA MAHSULOTINI JAHON BOZORIDA SOTISh BO`YIChA HAM ShARTLAR QO`YILADIMI? ULAR NIMALARDA AKS ETADI? 

— So`nggi yillarda O`zbekiston Respublikasida eksport salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik sub`ektlariga ishlab chiqargan tovarlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish uchun qulay shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratib kelinmoqda. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 21 dekabrdagi “Eksport kontraktlarini ro`yxatdan o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan, “tadbirkorlik sub`ektlari eksport kontrakti tuzmasdan va tovarlar, ishlar (xizmatlar) eksporti uchun bank vositachilik haqi olinmasdan internet tarmog`idagi elektron savdo maydonchalari vositasida tovarlar, ishlar (xizmatlar) eksportini amalga oshirishga haqlidir. Faqatgina Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro`yxat bo`yicha ayrim tovarlar bundan mustasno”.

Manzura BEKJONOVA tayyorladi

“Darakchi” gazetasi 25 (1152) 24 iyun 2021 y

Boshqa yangiliklar