Jahon bozorida xo`raki uzum savdosi mevalar ichida uchinchi o`rinda bo`lib, har yili unga bo`lgan talab o`rtacha 350 million dollarga o`smoqda. Bizda esa xo`raki uzum bo`yicha eksport salohiyatimiz kamida 600 million dollar (bu yil 200 million dollar), mayiz – 500 million dollar (bu yil 130 million dollar) va tabiiy vino – 100 million dollarga (bu yil 50 million dollar) teng.
“Bu biz uchun juda katta imkoniyatdir”, - dedi prezident Shavkat Mirziyoev uzum etishtirish, uni sanoat usulida qayta ishlashni yanada rivojlantirish hamda hududlarda enoturizmni yo`lga qo`yish chora-tadbirlariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida. Bu haqda “Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulov xabar bermoqda.
Yig`ilishda ma`lum qilinishicha, Evropada 800 million, Xitoy – 600 million, Rossiya – 300 million, Hindiston – 250 million dollarlik eksport bozori mavjud. O`zbekistonda 1 gektar xo`raki uzum etishtirish uchun o`rtacha 100 million so`m xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million so`m sof foyda olsa bo`ladi. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan bir kilogramm yog`ning jahon bozoridagi narxi – 10-15 dollar bo`lib, bizda bir yilda 1,5 ming tonna yog` ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
“Uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g`ururi va daromad manbai hisoblanadi, qolaversa, xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlarimiz bilan, bevosita bog`lanib ketgan. Xalqimizning xusayni, toyfi, rizamat ota, kelinbarmoq va kishmish kabi uzumlarining dovrug`i uzoq-uzoqlargacha tanilgan”, - dedi davlat rahbari.
Shundan kelib chiqib, so`nggi to`rt yilda 52 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etilib, sohaga 210 milliard so`m subsidiyalar ajratildi. Natijada, o`tgan davr mobaynida meva-sabzavotlar eksportida uzumning ulushi 2 baravarga ko`paydi.
Bugungi kunda O`zbekistonda 90 ming gektar maydonda uzum etishtirilib, soha 900 ming aholining doimiy va mavsumiy bandligini ta`minlamoqda. Samarqand (30 ming gektar), Toshkent viloyati (13 ming gektar), Surxondaryo (9 ming gektar), Jizzax (7,5 ming gektar), Qashqadaryo (6,8 ming gektar), Buxoro (6 ming gektar), Namangan va Navoiy (4,5 ming gektardan) – uzumchilikda maydon jihatidan etakchi hududlar hisoblanadi. Lekin ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni so`nggi to`rt yilda 7 ming gektarga kamaygan. Misol uchun, Qashqadaryoda 2,5 ming gektar, Namangan – 2,4 ming, Surxondaryo – 1,2 ming, Andijonda – 645 gektar maydon kamayib ketgan. Aksincha, Jizzax, Qoraqalpog`iston va Farg`onada esa tokzorlar maydoni ko`paygan.
Yana bir tahlil – 1 gektar g`alla maydonida 2 kishi band bo`lib, ko`pi bilan 20 million so`mlik mahsulot ishlab chiqarilsa, uzumchilikda, ayniqsa shpaler usulida 10 nafargacha aholini doimiy va mavsumiy band qilish va 300 million so`mlik mahsulot ishlab chiqarib, o`rtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin. Bundan tashqari, uzum ko`chati 4-5 yillik bo`lganigacha, oraliq ekin ekish orqali, yana millionlab so`m daromad ko`rish mumkin.
Videoselektor davom etmoqda.






