O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari S.Umurzakov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko`rish masalalari yuzasidan yig`ilish o`tkazdi.
Oliy darajadagi tashrif arafasida qator ikki tomonlama iqtisodiy tadbirlar, shu jumladan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig`ilishi, O`zbekiston˗Pokiston biznes forumi va O`zbekiston-Pokiston Ishbilarmonlar kengashi yig`ilishi bo`lib o`tadi.
Rahbariyat tomonidan investisiya, savdo, sanoat kooperasiyasi, transport va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va qo`shma loyiha hamda tashabbuslarni amalga oshirish bo`yicha aniq kelishuvlarga erishish maqsadida yangi yo`nalishlarni ishlab chiqishni nazarda tutib, rejalashtirilgan tadbirlarni yuqori saviyada o`tkazish va ularning samaradorligini ta`minlash vazifasi qo`yilgani ta`kidlandi.
Qayd etilishicha, biznes-forumda Pokiston ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari, jumladan, qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot-kommunikasiya sektori, logistika, qurilish, elektrotexnika, farmasevtika va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi. Tadbirda investisiya va savdo kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, Pokistonning yirik banklari ham qatnashishi kutilmoqda.
Ayni paytda ikki davlat o`rtasidagi iqtisodiy sheriklik salohiyatidan to`liq foydalanilmayotgani ta`kidlanib, shu munosabat bilan mamlakatimiz vazirliklari, idoralari, sanoat birlashmalari va hududlari rahbarlari oldiga Pokiston kompaniyalari bilan o`zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini o`rganish va aniq investisiya loyihalari va qat`iy savdo bitimlarini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni rejalashtirilgan tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilish va pokistonlik salohiyatli hamkorlar bilan tegishli kelishuvlarga erishishda ularga ko`maklashish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Tijorat banklari rahbarlariga hamkorlikka oid aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida pokistonlik hamkasblari bilan bevosita o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yish imkoniyatlarini ishga solish topshirig`i berildi.