1

Bolaning begonasi bo`lmaydi

Erkin minbar 04.07.2021, 20:17
Bolaning begonasi bo`lmaydi

Jamshid 14 yosh. Ammo kattalardek fikrlaydi. Buvisining nafaqasidan orttirib bergan puliga qoniqmay, ish topdi. Dars mashg`ulotlari paytida ishladi, avvaliga so`nggi rusumdagi telefon oldi. Endi mashina olish uchun mablag` jamg`armoqda. O`qituvchilarning nega ko`p dars qoldirayotgani haqidagi so`rovlari esa turli bahonalar bilan haspo`shlanmoqda. 

Dars qoldirishlar surunkali tus olgach, maktab va mahalla mas`ullari Jamshidning xonadoniga bordi. Yoshi etmishdan oshgan nuroniyning ko`zi eshikda farzandi va kelinini kutmoqda. Ularning pul topish ilinji bilan xorijga ketganiga ham mana 7 yil bo`ldi. O`shanda Jamshid endigina 1-sinfga chiqqandi. Oradan suv kabi oqib o`tgan yillar volidani ham jisman, ham ruhan qaritdi. Farzand esa ota-ona mehriga qonmay, barcha narsani moddiyat bilan o`lchaydigan bo`lib ulg`aymoqda. 

Bunga kim sababchi? Jamshidning kelajagi uchun ham biz ketishimiz kerak, deb chetga ketgan ota-onami yoki ota-ona mehriga to`ymagan, bolalik zavqlarini to`laligicha tuymagan Jamshidmi? Savollar bisyor, ularga javob topish esa mushkul. Boisi har kim o`zicha haq.

Jinoyatlarning barvaqt oldini olish, kelib chiqish sabablarini ilgaridan aniqlash borasidagi ishlar samarani kafolatlayapti. Ularning huquqlarini himoya qilish, qonunga itoatkorlik xulq-atvorini shakllantirish, ijtimoiy himoya qilishga yo`naltirilgan talay tadbirlar amalga oshirildi. 

Mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik ogohlantiruv tadbirlari natijasida voyaga etmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni kamaydi.

— Xalqimizda bir bolaga etti mahalla  ham ota, ham ona degan naql bejiz aytilmagan, — deydi Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazi mutaxassisi Sadoqat Alijonova. — Bola faqat oilada emas, balki yon-atrofidagilardan ham ibrat olib tarbiya topadi. Qo`shnimizning farzandiga befarq bo`lmasak, kun kelganda bizning zurriyodimiz tashlayotgan  noto`g`ri qadamga ular “tomoshabin” bo`lmaydi. Ta`lim muassasasi ham o`quvchi bilan sitqidildan ishlashi, tilini topib, tushuntirish olib borishi lozim. Ayniqsa, ota-onasiz katta bo`layotganlar va tarbiyasi og`ir yoshlar bilan ishlashda e`tiborli bo`lish zarur. Chunki maktab bolaning hayotida ezgu maqsad paydo qila oladi. Yashashdan maqsadi yo`q o`quvchining yo`ldan adashishi esa juda oson. Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazimutaxassislari tomonidan mahallarada o`tkazilayotgan tadbirlarda ayni shu kabi jihatlar inobatga olinyapti. Nazoratsiz va qarovsiz voyaga etmaganlar bilan ishlashga esa psixologlar yordamiga tayanilyapti. Muloqotlar yakunida ular qiziqishlari bo`yicha hunar o`rgatish markazlariga biriktirilyapti.

Bolaning begonasi bo`lmaydi — haq va topib aytilgan gap. Ertaning egalari tarbiyasiga e`tiborsiz qarash bu — millat kelajagiga befarq qarash, deganidir. Har bir ertaning bunyodkori ekani inobatga olinsa, ularning hech biriga befarq bo`lmaslik lozimligi oydinlashadi. Axir, tarbiyada u yoki bu tashkilot emas, barcha birdek mas`ul emasmi?

Risolat MAXSIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1