AsosiyErkin minbar

Pandemiya sharoitida imkoniyati cheklangan o`quvchilar ta`limida qanday muammolar kuzatildi?

'Pandemiya sharoitida imkoniyati cheklangan o`quvchilar ta`limida qanday muammolar kuzatildi?'ning rasmi

COVID-19 pandemiyasi natijasida vujudga kelgan favqulodda holatdan eng ko`p zararlangan tizimlardan biri bu ta`limdir. Jahonning barcha mamlakatlarida bo`lganidek, O`zbekistonda ham hukumat bolalar salomatligini saqlash uchun 2020 yilning 18 mart sanasidan e`tiboran, uch hafta muddatga respublikaning barcha ta`lim muassasalari yopilishini e`lon qildi. Keyinchalik esa ushbu chora o`quv yili oxiriga qadar (2020 yil, 25 may) uzaytirildi. Mamlakat bo`ylab o`z-o`zini izolyasiya qilish davrida 13 800 dan ortiq maktabgacha ta`lim muassasalari, 9 700 ta umumta`lim maktabi, 1500 ta o`rta maxsus va kasb-hunar muassasasi hamda 98 ta oliy o`quv yurti yopildi. Natijada 1,4 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar, 5,85 mln. nafar umumta`lim maktablarining va 728 ming nafar o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarining o`quvchilari hamda 360 ming nafar oliy o`quv yurtlarining talabalari o`quv jarayonini onlayn shaklda davom ettirdi. Shu tariqa 2019-2020 o`quv yili 2020 yilning 25 mayida yopildi. Yangi o`quv yilidan boshlab, O`zbekiston hukumati maktablarni bosqichma-bosqich ochish to`g`risidagi qarorini qabul qildi: 3 229 ta o`rta maktab 14 sentyabrda, 6 089 ta maktab 21 sentyabrga qadar, 9 825 maktab esa 2020 yilning 30 sentyabrigacha ochildi. Biroq, ota-onalarga o`zlarining yashash joylari va maktablardagi pandemiya bilan bog`liq vaziyatni baholash, shunga monand ravishda farzandlarini maktabga berish to`g`risida mustaqil qaror qabul qilish huquqi berildi. Bu esa o`quvchilarning maktablarga to`liq qaytmasligiga sabab bo`ldi.

Pandemiya sharoitida o`quvchilarning ta`lim olish imkoniyatlarini saqlab qolishning yagona chorasi sifatida onlayn o`qitish shakli joriy qilindi. Bu esa ta`lim jarayonida juda katta tengsizlikni vujudga keltirdi. Kuzatuvchilar to`plagan dalillar shuni ko`rsatmoqdaki, pandemiya sharoitida ta`lim oluvchilarning bilim olish imkoniyatlarini ta`minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Biroq, shunday bo`lsa-da, bu borada nogiron o`quvchilarning manfaatlari kamdan-kam hollarda hisobga olingan.

Pandemiya davridagi onlayn ta`limning og`ir yuki nogiron bolalar zimmasiga ko`proq tushmoqda. Tashqi dunyo bilan bog`lanish imkoniyati keskin kamayishi, har kuni maktabga borish imkoni yo`qligi va bu vaziyatda terapiya mashg`ulotlarining keskin to`xtatilishi nogiron imkoniyati cheklangan bolalar ta`limidagi dolzarb muammoga aylandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining nogironlar huquqlarini ilgari surish bo`yicha hamkorlik dasturi (UNPRPD) nogiron o`quvchilarning imkoniyatlariga javob beradigan, har bir mamlakatning rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqadigan samarali yondashuvlar va global tashabbuslarni, turli dasturlarni amalga oshirayotgan bo`lsa-da, rivojlangan davlatlarda ham, kambag`al davlatlarda ham nogironlarning ta`lim olish imkoniyatlarini to`liq saqlab qolish bo`yicha echimlar ishlab chiqilgani yo`q. YuNESKOning “Ta`lim – 2030” dasturi doirasida tayyorlangan “COVID-19 pandemiyasining nogiron bolalar ta`limiga ta`sirini tushunish: masofaviy ta`lim olishdagi qiyinchiliklar va imkoniyatlar” nomli tahliliy ma`lumotnomada ham mazkur soha bo`yicha jahondagi har bir mamlakat zimmasida o`z echimini kutayotgan masalalar juda ko`p ekanligi ta`kidlangan.

Samarqandlik o`n olti yashar qiz – Maryamning kollejda o`qishni boshlaganiga bir necha oy bo`lgan edi. Pandemiya muammosiga duch kelgan har bir o`quvchi singari uning yangi o`quv yili ham onlayn darslar va xuddi shu saboqlarga daxldor muammolar bilan boshlandi. U maktabda o`qiydigan singlisi bilan bir noutbuk orqali dars vaqtini baham ko`rishi kerak. Boz ustiga oilaviy qiyinchiliklar tufayli uyda unga doimiy qarovchi, ya`ni darslarini nazorat qilishga vaqt ajrata oladigan kishining o`zi yo`q. Bu muammo nogiron farzand tarbiyalayotgan va ustiga-ustak kam ta`minlangan ko`plab oilalarga tanish holatdir.

Maryamning eshitish qobiliyati zaif. Uning o`quv materiallari video va yozma topshiriqlar shaklida tayyorlangan. Maryam uchun singlisi videodarslarni yozib olsa-da, faqat ovozli ma`lumotlar shaklidagi darslarni tushunish va tahlil qilish imkonsiz. Tabiiyki, bu uning ta`lim olishi jarayonidagi ulkan muammo hisoblanadi.

Maryam tahsil olayotgan iqtisodchilar guruhida barcha mavzular yangi. O`qituvchi sinfda mavzularni tushuntirishi bilan izohlanmagan shaklda platformaga tushirilgan yozuvlar yuborishi o`rtasida juda katta farq bor. Demak, mavzuni mustaqil tushunish juda mushkul. Maryamning ukasi va singlisi ham yordam berishga qodir emas, chunki, ular hali yosh, bu borada biror tushunchaga ega emas. Buning ustiga onlayn darslarning ko`payishi natijasida, shundoq ham immuniteti pastligidan aziyat chekadigan Maryam ko`rish qobiliyati susayishi muammosiga ham duch keldi.

– Qizimning ko`rish qobiliyatidagi muammolar tufayli Internet orqali yuboriladigan yozma ishlar vaziyatni yanada qiyinlashtiradi, – deydi Maryamning onasi. – Qizim nogironligi uchun va hissiy ehtiyojlari cheklangani sababli, onlayn ta`lim uning uchun umuman ma`nosiz. Tashqi dunyo bilan bog`lanish imkoniyati pasaygani, har kuni maktabga borish imkoni yo`qligi va terapiya mashg`ulotlari keskin to`xtatilishi mening bolam singari ko`plab nogiron bolalar ta`limida muammo bo`lyapti. Kunning aksariyat qismida onlayn darslar qarshisida harakatsiz o`tirish bunday bolalar uchun yana boshqa qo`shimcha muammolar vujudga kelishiga ham sabab bo`ladi.

Jahon tajribasi

Nogironligi bor bolalarga mo`ljallangan onlayn ta`lim rivojlangan davlatlar uchun ham, kambag`al mamlakatlar uchun ham ko`plab muammolarni keltirib chiqardi. Biz bu borada bir qancha davlatlar tajribasini kuzatdik. Masalan, Hindistondagi holatni olaylik. Ushbu mamlakatdagi nogironlar huquqlarini himoya qilish bo`yicha jamoat tashkilotlari va Nogironlarni ish bilan ta`minlash hamda ularni qo`llab-quvvatlash milliy markazi tomonidan o`tkazilgan so`rovnomalar orqali nogironlarning onlayn ta`lim sharoitidagi ta`lim imkoniyatlari va ularga ta`sir qiluvchi bir qancha omillar aniqlandi. Ishtirokchilarning atigi 10 foizigina onlayn ta`lim jarayonlarida imkoniyati cheklangan bolalar biroz bo`lsa-da ta`limga qamrab olindi, degan fikrda. Qolganlar esa ular ta`lim olish imkoniyatidan mahrum bo`ldi, deb hisoblashadi. Javoblarga ko`ra, ta`lim imkoniyatlariga ta`sir qiluvchi omillar qatorida smartfonlar, kompyuterlarga ega bo`lmagan yoki ularni ishlata bilmaydigan qatlamning mavjudligi hamda internetga ulanish har doim ham mumkin emasligi kabilar ro`yxatda birinchi o`rinda turadi. To`g`ri, bu omillar har qanday bolaga tegishli bo`lishi mumkin, ammo nogiron o`quvchilar muqobil o`qish materiallari etishmovchiligi bois, yanada ko`proq qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Umuman olganda, nogiron bolalarning ta`lim imkoniyatlaridagi muammolar pandemiyadan avval ham bor edi. Faqat pandemiya bu muammolarning yanada chigallashuviga sabab bo`ldi.

O`zbekistondagi maxsus maktablarda Brayl alifbosidagi kitoblar va audio materiallar oz bo`lsa-da mavjud. Shunga qaramay, ushbu resurslarning hammaga ham etmasligi muammosini inkor qila olmaymiz. Eng zarur kitoblar audio shaklga o`girilmagan va kitoblar banki yaratilmagan. Odatiy sharoitdagi ta`limda kitoblar bankiga, balki, ehtiyoj yo`qdir, chunki, maktabga kelgan o`quvchiga o`qituvchi ko`plab muammolarni bartaraf qilishda yaqindan ko`mak beradi. Ammo nogironlar ta`limida bu dolzarb masala. Umuman olganda, nogironligi bor o`quvchilarning ta`lim jarayonini o`qituvchisiz tasavvur qilish juda mushkul.

Virus balosiga mubtalo bo`lgan dunyoda majburiy qilingan ijtimoiy masofa talabi imkoniyati cheklangan bolalar va ularning ta`lim olish imkoniyatini yanada kamaytirmoqda. Biz Toshkent shahri bo`ylab o`tkazgan so`rovnomamizda o`qituvchilarning 70 foizi ta`lim sifati keskin pasayganligidan shikoyat qildi. Misol uchun, autizm yoki ko`rish qobiliyati pasayishi bilan bog`liq xastaliklarga chalinganlar uchun onlayn o`qitish tizimi deyarli ma`nosiz. “Bugun hamma ijtimoiy uzoqlashish, masofa saqlash haqida gapirmoqda, ammo ko`rish qobiliyati past bo`lganlar bilan buni qanday amalga oshira olasiz? Biz o`quvchilarimizning qo`lidan ushlab yo`l-yo`riq ko`rsatishimiz kerak”, deydi Toshkent shahrida faoliyat ko`rsatuvchi o`qituvchilardan biri.

Ota-onalar ko`magi zarur, biroq ular bunga qodir emas

Biz nogiron bolalarni virusdan asrash uchun uyda qoldirdik. Ularni masofadan turib o`qitmoqchi bo`lamiz va bunda o`qituvchiga ota-onalar ko`maklashadi, deb umid qilamiz. Biroq bir narsani tushunish kerak-ki, ko`pchilik ota-onalar bunga qodir emas. Shunday bo`lsa-da, pandemiya sharoitida bolalar kundalik maktab vazifalarini bajarishda ota-onalariga to`liq bog`lanib qolishgan. Masalan, oddiy telefon yoki noutbuk bilan ishlash uchun ham ularga ota-ona ko`magi zarur. Ota-onalar bolalari darslarni o`zlashtirishi uchun ko`maklashishi kerak, darslarni yozib olishi, tushunmovchiliklar yuzasidan o`qituvchiga sim qoqishi, shundan keyin darslarni farzandiga tushuntirib berishi kerak. Buning uchun esa ota-onalarning o`zlari savodli bo`lishi, turli texnik qurilmalar va Internet bilan yaxshi ishlay olishi kerak. Shuningdek, ularga nogironlikning turiga qarab, turli maxsus bilimlar ham zarur bo`ladi. Xo`sh, bu borada ota-onalarga ishonsa bo`ladimi, haqiqatan ham, ular nogiron bolasi bilan shug`ullana oladimi, ustozlar o`rnini bosa oladimi? Ko`plab ota-onalar va ustozlar o`rtasidagi so`rovnoma natijalariga ko`ra, “yo`q” javobi olindi. Ma`lum bo`lishicha, ota-onalar bunday murakkab va mas`uliyatli yumushni o`z zimmalariga olisholmaydi.

Sardor, Toshkent shahridan:

– Men oilada yolg`iz boquvchiman, ayolim esa uy-ro`zg`or ishlari bilan band, bizning 14 yoshli nogiron (ko`zi ojiz) farzandimizdan tashqari yana uch bolamiz bor. Agar men asosiy vaqtimni bolamning onlayn darslari bilan shug`ullanishga sarflasam, ro`zg`orni kim tebratadi? Bundan tashqari, men uning kitoblariga mutlaqo tushunmayman. Ayolim ham tushunmaydi.

Sojida, Toshkent shahridan:

– Farzandimiz ta`lim olishi uchun biz hamma narsaga tayyormiz. Lekin qancha urinmaylik, unga yordam bera olmayapmiz, bolamizning qulog`i umuman eshitmaydi, o`qituvchilari yuborayotgan darslarni uning o`zi mustaqil tushunishi mushkul. Shuning uchun men istardimki, ota-onalar uchun ham qandaydir qo`llanmalar yaratilsa, toki, biz farzandlarimizga shu qo`llanmalar yordamida ko`proq yordam bera olsak. Afsuski, hozir mana shunday biror qo`llanma borligini bilmayman.

Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi pedagog:

– Nogiron bolaning ta`limini uning ota-onasiga butkul topshirib qo`yishni men yoqlay olmayman. To`g`ri, bu yagona variant bo`lishi mumkin. Lekin men o`qitadigan o`quvchilarning savodli ota-onasi ham bolasiga darslarida ko`maklashishga juda qiynalgan. Chunki, ular shu sohada muxsus ta`lim olmagan, nogiron bolalar bilan ishlashda esa professional pedagog bo`lish, shu sohaga chuqur ixtisoslashish zarur. Qolaversa, yolg`iz onalar yoki otalar ham borki, ular tirikchilikdan ortib, farzandiga ko`p vaqt sarflay olmaydi. Yana bir dolzarb muammo mavjud, u ham bo`lsa, ta`lim olayotgan nogiron o`quvchini ruhiy qo`llab-quvvatlash imkonsiz ekanligidir. Biz darslarni masofadan turib sifatli olib borishga ming intilmaylik, buning o`zi o`quvchilarimiz uchun etarli emas. Negaki, ularning har biri o`ziga xos olamda yashaydi, ruhiyatida muammo bor va bu bularning hech birini pedagog masofadan turib boshqara olmaydi. Qolaversa, aqliy yoki jismoniy nuqsoni bor bolasi bilan birgalikda vazifalarni bajarish ota-onaga ham ruhiy jihatdan og`irlik qiladi, asablarini charchatadi. Natijada, bolasining faqat qorong`u kelajagini o`ylaydigan ota-onaning kayfiyati bolaga o`tadi va imkoniyati cheklangan boladagi holat oldinga tomon siljish o`rniga tushkunlik avj oladi, shu paytgacha qilingan mashaqqatli mehnat havoga sovuriladi.

Darhaqiqat, global pandemiya sabab yuzaga kelgan masofaviy ta`lim muammolari bugun butun jahonda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O`qitishning bunday shakli hali yangi bo`lgani bois, echimini kutayotgan texnik va o`quv-uslubiy muammolar talaygina. Ularni hal etmay turib, yosh avlodning yorug` kelajagini ta`minlab bo`lmaydi. Ayniqsa, ertaga jamiyatda o`z o`rnini topishi, to`g`rirog`i, jismoniy imkoniyati cheklanganligi sabab, o`zini-o`zi eplashi zarur bo`lgan bolalar bugungi muammolarni deb savodsiz qolib ketmasligi, vaqtida sifatli ta`lim olishi zarur. Buning uchun esa Xalq ta`limi vazirligi tizimi mutasaddilari yuqorida qayd etilgan masalalarni hal etishga kirishishi, eng avvalo, nogironlar ta`limi bo`yicha zarur o`quv adabiyotlarini shay holatga keltirishi lozim.

Sanobar Shodmonova,

Tarix fanlari doktori, professor,

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar