AsosiySalomatlik

Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

'Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi'ning rasmi

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibaev bilan suhbatlashdi.

 O`tkir buyrak etishmovchiligi va surunkali buyrak etishmovchiligining farqi nimada?

—  Buyrak etishmovchiligi xastaligi buyrak faoliyatining pasayish sindromi hisoblanadi. U to`satdan yoki sekinlik bilan ro`y berishi mumkin. Shunga qarab o`tkir hamda surunkali buyrak etishmovchiligi kabi turlarga bo`linadi.  

Bemorlarning ko`pchiligi o`tkir buyrak etishmovchiligidan aziyat chekishadi. Unda organizmda qon aylanishining buyrakka bog`liq qismi keskin buzilishiga olib keladi. Xastalik turli sabablarga ko`ra rivojlanishi mumkin. Uning buyrakka bog`liq sabablari sifatida quyidagilarni aytishimiz mumkin:

  • autoimmun kasalliklar,  
  • buyrakning turli moddalar ta`sirida o`tkir va tez shikastlanishi,  
  • buyrak qon tomirlarida tromblarning hosil bo`lishi
  • tomirlarning yaxlit organizm miqyosida yallig`lanishi kabilar hisoblanadi.  

Bu dardning buyrakka bog`liq bo`lmagan sabablari ko`p:  

  • qon yo`qotish,  
  • shok,  
  • qon bosimining keskin pasayib ketishi,  
  • peshob yo`llarining jiddiy yoki to`liq berkilishi kabi holatlarni sanashimiz mumkin.

Surunkali buyrak etishmovchiligi esa birdaniga sodir bo`lmaydi, balki buyrak nefronlari, ya`ni qilnaychalarining zararlanish darajasi oshib borishi va faol nefronlar miqdorining kamayib ketishi natijasida yuzaga kelib, sekin-astalik bilan rivojlanadi.

—  Surunkali buyrak etishmovchiligi qanday sharoitda yoki nima sababdan kelib chiqadi?  

— Xastalik siydik yo`lining uzoq davom etadigan kasalliklari, buyrakning sildan keyingi zararlanishi, buyrak tosh kasalligi va boshqalar oqibati bo`lib, buyrak to`qimasining bujmayishi yoki xaltasimon kengayishi bilan davom etadi.

️Surunkali buyrak etishmovchiligi sindromining dastlabki belgilari faol nefronlar miqdorining 50 foizgacha kamayganida paydo bo`la boshlaydi. Bu miqdor 30 foizga tushganda kasallik belgilari bemorning o`ziga ham yaqqol sezila boshlaydi.  

Surunkali buyrak etishmovchiligi asosiy kasallikning asorati hisoblanadi, kattalarda ham, bolalarda ham uchrashi mumkin.

—  Surunkali buyrak etishmovchiligining belgilari qanday bo`ladi?

— Buyrak anchagina zararlanishga ulgurgan bosqichida kasallikning belgilari bemorning o`ziga bilina boshlaydi.

Uning tashqi belgilari sifatida shularni aytishimiz mumkin:

  • ️tez-tez chanqash, og`iz qurishi;  
  • ️terining quruqlashib, qichishishi;  
  • ️qusish, kamqonlik;  
  • ️nafas a`zolari, yurak tomirlari va meda ichak faoliyatining buzilishi alomatlari;
  • ️kechki peshobning kunduzgidan ko`payishi holatlari.

Laboratoriya sharoitida peshobning nisbiy zichligi kamayib, miqdorining ortishi ham aniqlanadi.

— Buyrak xastaliklari qaysi jins vakillarida ko`proq uchraydi va nima sababdan?

— Buyrak xastaliklari erkaklarga nisbatan ayollarda ko`p uchraydi. Inson tanasida o`ng buyrak jigarning hisobiga chap buyrakdan pastroq joylashgan bo`ladi. Ayollarning homiladorlik davrida homilaning buyrakni ezishi, uning normal faoliyatiga ta`sir qiladi.  

Ellik yoshdan oshganda, ko`proq erkaklarda buyrak kasalliklariga chalinish kuzatiladi. Chunki bu yoshdan keyin erkaklarda prostata bezining giperplaziyasi va shuning oqibatida kelib chiqadigan peshob dimlanishi, buyrak tosh kasalliklari va metabolik o`zgarishlar sodir bo`ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar