2021 yilning 14 avgust kuni Afg`oniston bilan Davlat chegarasining bo`linmalaridan birida Afg`oniston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilaridan iborat 84 kishilik guruh davlat chegarasini kesib o`tdi va DXX Chegara qo`shinlari chegara otryadlari tomonidan qo`lga olindi. Chegarani buzganlar qarshilik ko`rsatmagan va ko`makka muhtojligini bildirgan, jumladan, 3 nafar yaralangan shaxsga tibbiy yordam so`ragan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Afg`onistonning mazkur fuqarolari bilan zarur tekshiruv-filtrlash jarayonlari va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari o`tkazildi, ularning ayrimlariga tibbiy yordam ko`rsatildi, shuningdek, oziq-ovqat va ularning vaqtincha joylashishi tashkil etildi.
Shu bilan birga, Termiz-Hayraton ko`prigining Afg`oniston qismida Afg`oniston hukumat kuchlarining harbiy xizmatchilari to`plangani qayd etildi. Bu shaxslarga insonparvarlik yordami ko`rsatish choralari ko`rilmoqda.
O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg`oniston fuqarolarining vataniga qaytishi va “Termiz-Hayraton” ko`prigi hududidagi vaziyatni tartibga solish borasida Afg`oniston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda.
Bundan tashqari, 14 avgust kun davomida “Termiz-Mozori-Sharif” temir yo`l uchastkasida xizmat ko`rsatuvchi O`zbekiston Respublikasi fuqarolarini vatanga qaytarish tashkil etildi.
Ta`kidlash joizki, davlat chegarasini qo`riqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda, barcha zarur xavfsizlik choralari ko`rilgan. Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab joylashtirilgan.