Davlat rahbari оchiq muloqotda oltinchi yo`nalish — transport-logistika masalalari haqida so`zladi va Temir yo`l monopoliyasini bosqichma bosqich o`zgartirtirish haqida aytib o`tdi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulov.
Ma`lumotlarga ko`ra, Transport vazirligi kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e`lon qilib boradigan bo`ldi.
"“Polvontosh” (Surxondaryo), “Afrosiyob parranda” (Samarqand) korxonalari rahbarlari ichki va tashqi temir yo`l tariflari o`rtasida katta farq borligi, ya`ni xalqaro tashuvlar narxi ancha yuqoriligini bildirganlar. Shu bois, Transport vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliya qo`mitasi bilan birga 2 oy muddatda temir yo`l tariflarini qayta ko`rib chiqsin. Bunda tadbirkorlarga o`zimizda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo importi uchun amaldagi tariflar kamida 25 foiz arzon bo`lishi kerak. Transport vazirligi kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, har bir xizmatning tannarxi va uning tarkibini keng jamoatchilikka e`lon qilib boradi", — ta`kidladi Prezident.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoev xususiy logistika operatorlari faoliyati yo`lga qo`yilishini ham aytib o`tdi.
"Temir yo`l sohasida kelgusi 5 yil uchun 7 mingdan ziyod yuk vagonlariga ehtiyoj mavjud. Bu muammoni davlat tomonidan emas, balki xuddi elektr energiyasi yoki sement ishlab chiqarishga o`xshab faqat va faqat xususiy sektorni jalb qilish orqali ijobiy hal qilish mumkin. Shuning uchun kelgusi yilda o`z vagoni va konteyneriga ega bo`lgan xususiy logistika operatorlari faoliyati yo`lga qo`yiladi va tariflar ikkiga ajratiladi. Bunda, davlat tomonidan faqatgina temir yo`l infratuzilmasi hamda lokomotiv xizmatlari tartibga solinadi, yuk vagonlari xizmati esa bozor tamoyillari asosida tashkil qilinadi. Shuning uchun, xususiy tadbirkorlarga temir yo`l vagonlarini olib kelishga berilgan imtiyozlar 2025 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi"— dedi davlat rahbari.