Xabaringiz bor, O`zbekiston paralimpiya terma jamoasi shu yil 21-avgust kuni Yaponiyaga etib borgandi. Narita aeroportida olingan test natijalariga ko`ra, dzyudo bo`yicha bir nafardan sportchi va murabbiyimizda koronavirus infeksiyasi aniqlandi va ular Tokio shahrida karantinga olindi.
Shuningdek, engil atletika bo`yicha terma jamoa a`zosi va bayroqdori Nurxon Qurbonova samolyotda ularga yaqin masofada bo`lganligi bois bu sportchiga ham Xalqaro paralimpiya tashkiliy qo`mitasi hamda Yaponiya hukumati talablariga muvofiq karantin ehtiyot chorasi qo`llanildi. Shu sababli N.Qurbonova bugun Toshkent vaqti bilan soat 16:00da boshlanadigan ochilish marosimida bayroqdor sifatida ishtirok eta olmasligini ma`lum qilamiz.
Shu o`rinda O`zbekiston Milliy paralimpiya qo`mitasi tomonidan parakanoe bo`yicha Jahon chempioni Shahnoza Mirzaeva Muxammad Rixsimov bilan birgalikda bayroqdor sifatida ishtirok etishi taklifi ma`qullandi.






