Avval xabar berilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida o`tkazilayotgan Islom taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig`ilishi ayni paytlarda davom etmoqda.
"Darakchi" muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning xabar berishicha, Davlatimiz rahbari yurtimizning islom tamadduniga qo`shgan hissasiga alohida to`xtalib o`tdi.
"Yurtimizning islom dunyosi rivojiga qo`shgan bebaho hissasi buyuk Amir Temur hukmronligi davrida yanada yorqin namoyon bo`ldi.
Sohibqiron bobomiz poytaxti Samarqand bo`lgan o`z davrining eng qudratli davlatini barpo etdi.
O`z tarkibiga bepoyon hududlarni qamrab olgan ushbu ulkan saltanat o`sha davrdagi islom dunyosining asosiy mintaqalarida iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni yuksak cho`qqilarga olib chiqdi.
Aynan ana shunday mustahkam poydevorga, Sharq uyg`onish davrida butun musulmon olami erishgan ulkan ilmiy, falsafiy va madaniy salohiyatga tayanib, bizning ulug` bobolarimiz ham o`zlarining buyuk kashfiyot va ixtirolarini yaratganlar.
Bu haqda gapirganda, dunyo koronavirus pandemiyasi bilan to`qnashganda, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti birinchi navbatda Abu Ali ibn Sino tavsiya qilgan karantin usullaridan foydalanishga chaqirganini eslash o`rinlidir.
Bundan ming yil oldin bu ulug` hakim “Tib qonunlari” kitobida yuqumli kasalliklar tarqalishini kamaytirish uchun 40 kunlik karantin zarurligini ta`kidlagan edi.
Bag`doddagi mashhur “Bayt al-Hikma” ilmiy akademiyasini boshqargan yana bir vatandoshimiz Muhammad Al-Xorazmiy ilk marotaba raqamlar qatoriga “nol” belgisini kiritib, matematikaning yangi yo`nalishi, ya`ni “algebra”ga asos solgan.
Shuningdek, zamonaviy “Ay-Ti” sohasining fundamental “algoritm” tushunchasi ham ana shu ulug` ajdodimiz Al-Xorazmiy nomi bilan bog`liqdir.
Samarqand hukmdori, buyuk astronom Mirzo Ulug`bek 1018 ta yulduzning koordinatlari aniq ko`rsatilgan, bir necha asrlar dunyoning oliy ta`lim dargohlarida darslik bo`lib xizmat qilgan “Ziji Ko`ragoniy” jadvalini tuzgan.
Geodeziya fanining “otasi” hisoblanadigan Abu Rayhon Beruniy bundan ming yil oldin birinchi globus va Erning eng aniq xaritasini yaratgan.
Bunday misollarni yana ko`plab keltirish mumkin".