AsosiyJamiyat

2022 yildan boshlab fuqarolar ishtirokidagi audit o`tkazish tizimi joriy etiladi

'2022 yildan boshlab fuqarolar ishtirokidagi audit o`tkazish tizimi joriy etiladi'ning rasmi

2021 yil 27 avgustda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Bunda, Davlat moliyaviy resurslarini samarali boshqarish hamda davlat mablag`laridan maqsadli va oqilona foydalanish borasida rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Moliya vazirligi hamda vazirlik va idoralar ichki audit xizmatlarining faoliyati xalqaro tajribalar asosida tashkil etiladi va muvofiqlashtiriladi.

Davlat moliyaviy nazorat tadbirlari yangidan ishlab chiqiladigan xalqaro standartlar asosida olib boriladi.  

Farmonda, xalqaro tashkilotlar va rivojlangan davlatlar bilan tajriba almashish, ilg`or tajribalarni amaliyotda qo`llash uchun xalqaro tashkilotlarga a`zo bo`lish, mutaxassislarni bugungi kun talablari asosida qayta tayyorlash kabi aniq vazifalar belgilandi.

 Hisob palatasiga Oliy audit organlarining xalqaro standartlari (ISSAI) asosida – “tashqi audit tadbirlarini rejalashtirish va o`tkazishni tashkil etish”, “moliyaviy”, “samaradorlik” va “muvofiqlik” auditlarini o`tkazish kabi standartlarni ishlab chiqish topshirig`i berildi.

Jumladan, Hisob palatasiga dastlab 4 ta vazirlik tizimida, keyinchalik esa barcha nazorat tadbirlarini xalqaro standartlar talablari asosida moliyaviy, samaradorlik va muvofiqlik auditlarini o`tkazish orqali amalga oshirish belgilandi.

Moliya vazirligiga esa Xalqaro ichki auditorlar instituti (IIA) tomonidan ishlab chiqilgan “Ichki auditning xalqaro professional tajribalari (IPPF)” asosida “ichki audit milliy standartlari”ni ishlab chiqish talabi qo`yildi.

️Yana bir muhim yo`nalishlardan biri, Davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash bo`yicha ham bir qator yangi vazifalar belgilandi.

️Amaliyotda birinchi marta, 2022 yildan boshlab Moliya vazirligi Hisob palatasi bilan birgalikda, har chorakda kamida 2 tadan ob`ektda fuqarolar ishtirokidagi audit o`tkazish tizimi joriy etiladi.

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Hisob palatasi, Moliya vazirligi va ichki audit xizmatlari har chorakda kamida bir marotaba ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o`z faoliyatiga oid hisobotlarni jamoatchilikka e`lon qilib boradi.

Bundan tashqari, davlat moliyaviy nazorati va ichki audit xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Hisob palatasi Hay`ati tashkil etilib, uning tarkibi tasdiqlandi.

Farmonga muvofiq, yangi tashkil etilayotgan tizimda “Davlat auditi” elektron dasturiy kompleksi ishga tushiriladi.

Farmon bilan 2021–2022 yillarda davlat moliyaviy nazorati tizimini takomillashtirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.

    Boshqa yangiliklar