AsosiyDunyo

Dunyodagi eng katta Qur`on nusxasi namoyish etiladi

'Dunyodagi eng katta Qur`on nusxasi namoyish etiladi'ning rasmi

Shu yil 2 oktyabr kuni alyuminiy materialga ishlangan dunyodagi eng katta hajmdagi Qur`oni karim nusxasi “Dubay Ekspo 2020” xalqaro ko`rgazmasida namoyish etiladi. Uni pokistonlik xattot ko`chirgan. Bu haqda O`zbekiston Musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo`limi xabar qilmoqda.

Pokistonlik rassom besh yil oldin alyuminiy materialga Qur`on oyatlarini yaltiroq harflar bilan o`yib chizgan. Bu alyuminiyga yozilgan 1400 yillik Islom tarixidagi dunyodagi eng katta Qur`oni karim nusxasidir. Rassom ilgari xuddi shunday shriftda alyuminiy va oltindan Allohning 99 ta go`zal ismlarini o`yib yozgan.

Shahid Razod besh yil oldin boshlagan loyihasini bu yil olti oy davom etadigan “Dubay Ekspo 2020” ko`rgazmasida namoyish etadi.

Ma`lumot uchun: Shahid Razam 2000 yilda Al Ayn universitetining «Yil rassomi» mukofotiga sazovor bo`lgan.

Qur`oni karimning alyuminiy materialga o`yib yozilgan ushbu nusxasi ramkadan tashqari uzunligi 8,5 fut (259 sm) va kengligi 6,5 fut (198 sm). Har bir sahifasi 150 so`zdan iborat bo`lib, ularning umumiy soni 550 tani tashkil qiladi.

Eslatib o`tamiz, “Dubay Ekspo 2020” ko`rgazmasi o`tgan yil oktyabr oyida bo`lib o`tishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli qoldirilgandi.

Xalqaro ko`rgazma shu yilning 1 oktyabridan 31 martigacha 182 kun davomida o`tkaziladi. Unda 25 milliondan ortiq tashrif buyuruvchilarni qabul qilishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar