18 sentyabr - Butunjahon tozalik kuni. Aslida tozalik uchun qaysidir bir kunni belgilash va uni nishonlash emas, har nafasimiz, har qadamimizda tozalikka e`tibor qaratishimiz lozim.
Bundan bir necha oy muqaddam Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tashabbusi bilan "Tabiat – hammamiz uchun” ekologik aksiyasi o`tkazilib, unda Bo`stonliq tumanidagi Chimyon hududi va O`rta Chirchiq tumanidagi Tuyabo`g`iz suv ombori atrofini chiqindilardan tozalash ishlari amalga oshirilgan edi.
Bu safar Toshkent viloyati hokimligi va Ekologiya boshqarmasi tashabbusi bilan Chirchiq shahrida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi hamda viloyat Ekologik partiyasi hamkorligida navbatdagi ekologik aksiya tashkil etildi.

Butunjahon tozalik kuni dam olish kuniga to`g`ri kelgani ham zap ish bo`ldi. Tadbirda atrof muhit ozodaligiga befarq bo`lmagan 500 dan ortiq ko`ngilli yoshlar, jamoatchilik tashkilotlari vakillari jonbozlik ko`rsatib, hududda to`planib qolgan 4 tonnadan ortiq turli xildagi qattiq maishiy chiqindilarni tozalash ishlarida qatnashishdi.

Tadbirdan maqsad fuqarolarning ekologik ong va madaniyatini yuksaltirish, ularda atrof, tabiiy muhitga bo`lgan munosabatni ijobiy tomonga o`zgartirishdir.

O`ylaymizki, bu kabi tadbirlar hamyurtlarimizni xushyor torttiradi. Ko`ngillilar tozalagan joylarni ko`rib, tegishli xulosa qilishadi. Zero, atrof-muhitni avlodlarga hech bo`lmaganda o`z holicha etkazish faqatgina bir hokimlik, boshqarma yoki ko`ngillilar emas, barchamizning zimmamizda ekanligini his qilib yashashamiz kerak.
Sardorbek Rahmonqulov






