Mamlakatimizda bolalar va o`smirlar sport maktablari, zamonaviy sport maskanlari qurishga, professional futbolchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashga, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga juda katta e`tibor qaratilyapti.
Bu e`tibor va g`amxo`rlikning samarasi o`laroq, yosh sportchilarimiz xalqaro musobaqalrda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib qaytishmoqda.
Guruch ichidagi kurmaklar
Albatta, bu boradagi ezgu ishlarga o`zining munosib hissasini qo`shib kelayotgan fidoyi murabbiylar, o`z sohasining etuk mutaxassilari ko`p va ularning halol xizmatlari hamisha e`tirofga loyiq. Biroq joylarda futbolni rivojlantirish uchun mas`ul etib tayinlangan ayrim amaldorlar xizmat vakolatlarini g`arazli maqsadlarda suiiste`mol qilayotgani g`oyat achinarlidir.
O`zbekison futbolini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi Jizzax filiali ijrochi direktori Baxtiyor G`afurov, Jizzax Futbol federasiyasi birinchi vise-prezidenti Ergash O`rinov, va ushbu tuzilma mutaxassisi Sahobjon Xo`jaev ana shunday “ucharlar” toifasidan bo`lib chiqdi. Bu uchovlon ayyorlikda, xudbinlikda, davlat manfaatlaridan ko`ra o`z jig`ildonini ustun qo`yishda bir-biridan qolishmasdi. Mas`ul vazifalarda ishlagan bu kimsalar o`zlari mas`ul bo`lgan hududda futbolni rivojlantirish o`rniga o`z cho`ntaklarini qappaytirish uchun astoydil jon kuydirishdi.
Makkorona fintlar
Tajribali huquq posbonlarining kuzatishlariga qaraganda, mo`may daromad orttirishga kelganda, har qanday to`mtoq fikrli jinoyatchilarning ham “fantaziya”si aql bovar qilmas darajada ishlab ketarkan. Bizning qahramonlarimiz ham har kuni qanday qilib bo`lmasin, tezroq va ko`proq pul orttirish, davlat mablag`larini o`marish borasida yangi-yangi rejalar tuzishar, ko`z ko`rib quloq eshitmagan usullarni o`ylab topishardi.
Jamg`armaning Jizzax filiali sportning ushbu turini rivojlantirish uchun davlat organlari va homiy tashkilotlaridan har oy katta miqdorda mablag` olib turgan. Bu pullarni o`zlashtirish uchun B.G`afurov “makkorona usullar majmuasi”ni ishlab chiqdi.
2010-2011 yillarda filial hisob raqamiga homiylardan 714 mln. so`m miqdorida pul kelib tushgan. Filial rahbari esa, bu mablag`ning 79 million so`mini o`zi o`rindoshlik asosida boshqarib kelgan “So`g`diyona” viloyat futbol klubi o`yinchilariga mukofot sifatida to`lagan, qolgan 635 million so`mni mahalliy jamoalar murabbiylarini mukofotlash haqida soxta shartnomalar va avans hisobotlari tuzib, cho`ntakka urgan. Aslida na futbolchilar, na murabbiylar bu “mukofot puli” haqida eshitishgan.
“Davring keldi, sur begim!”
Ana shu tizim asosida Baxtiyor G`afurov 2012 yilda ham 289 mln. so`m miqdorida noqonuniy daromad qilgan. O`sha yili u Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyatini yillik moliyaviy rejadagi 300 million o`rniga 347 million so`mlik homiylik yordami ko`rsatishga ko`ndirgan. Tafovutdagi 47 million so`mlik mablag`ni bank orqali naqdlashtirib, “tuya” qilib yuborgan.
Harom pul topishning hadisini olgan Baxtiyor G`afurov 2013-2014 yillarda ham mazkur homiy tashkilotni “sog`ish”da davom etadi. Shu muddat davomida u hududiy elektr tarmoqlari korxonasidan rejada belgilangan 650 million so`m o`rniga 991 million so`m pul undiradi. Oradagi 341 million so`m qaerga ketganini aytmasak ham bilib turibsiz.
2013-2014 yillarda jamg`arma filiali hisobiga yana homiylarda 793 million so`mlik homiylik mablag`lari kelib tushadi. Ushbu mablag`ning 786 million so`mi soxta hujjatlar va qalbaki imzolar yordamida “o`zlashtiriladi”.
Qorong`ida topishganlar
Jizzax Futbol federasiyasi birinchi vise-prezidenti Ergash O`rinov bilan ham u “qorong`ida topishdi”. O`rinov 2014 yilda homiylardan viloyat futbol federasiyasiga kelib tushgan 766 million so`mning katta qismini “begona” qilmaslik uchun bu mablag`ni O`zbekiston futbolini qo`llab-quvvatlash jamg`armasi Jizzax filiali hisob raqamiga o`tkazadi.
Filial rahbari esa, bu pulni soxta hujjatlar yordamida taqsimlab chiqadi. Qarabsizki, bu pulning 135 million so`mi “sheriklar”ning cho`ntagiga tushib turibdi.
Xizmat vakolatidan foydalangan E.O`rinov federasiyaning korporativ plastik kartochkasini ham “xususiylashtirib” olgandi. 2010-2014 yillarda ushbu kartochkaga tushirilgan 70 million so`mdan ortiqroq mablag`ning 43 million so`mi o`zi va oilasining ehtiyojlari - spirtli ichimliklar, xo`jalik mollari, dori-darmon, mobil aloqa xizmati uchun sarflab yuborgan.
O`z foydasiga “adashganlar”
E.O`rinov, viloyat federasiyasi mutaxassisi Sahobjon Xo`jaevni yoniga olgach, uning ishlari yanada “engillashadi. 2010-2014 yillarda turli futbol musobaqalarida ishtirok etgan sportchilarning plastik kartalariga mukofot puli sifatida tushishi kerak bo`lgan mablag`ni o`zi va sherigining hisobiga “o`tkazib” yuboradi. Bu ishini xaspo`shlash uchun esa, soxta shartnomalar va vedomostlar tuzib, ularni Ergash O`rinovning o`zi musobaqa ishtirokchilarining yasama imzolari bilan to`ldiradi.
Shundan so`ng bu pullar viloyatdagi savdo nuqtalari orqali naqdlashtirilib, jinoiy guruh a`zolarining jig`ildonidan joy oladi. Qilmishlari ochilmay kelayotganidlan ruhlangan hamtovoqlar amalda mavjud bo`lmagan “Oltin to`p” futbol federasiyasiga 11,8 million so`m miqdorida moddiy yordam “ko`rsatishadi” va buni soxta hujjatlar yordamida rasmiylashtirishadi. Holbuki bu mablag` ham jinoiy sheriklar o`rtasida teng taqsimlangan edi.
Uzoqqa cho`zilmagan quvonch
Har qalay ularning quvonchi uzoqqa cho`zilmadi. Kun kelib, jinoyatchilarni huquq-tartibot idorlari qo`lga olishdi. Sud majlisida ularning uchovi ham rad etib bo`lmas dalillar qarshisida ayblarini tan olishdi. Odil sud sodir etgan jinoyatlari uchun B.G`afurovni etti yil, E.O`rinovni besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. S.Xo`jaevga nisbatan esa, amnistiya akti qo`llanilib, ozodlikka chiqarildi.
Futbolni “millionlar o`yini” deb atashadli. Chunki bu jozibali o`yinning butun dunyoda millionlab muxlislari bor. Ammo, bu atama bizning qahramonlarimiz faoliyatida noqonuniy mablag`larni o`zlashtirish uchun o`ylab topilgan nayranglarni ifodalagan bo`lsa ne ajab. Holbuki, bu mablag` hisobidan viloyatda futboni rivojlantirish boraisda qancha ezgu ishlarni amalga oshirish mumkin edi-ya!
Ikrom Rajabov