AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Farg`onadagi suv, elektr, tibbiyot sohasida kutilayotgan o`zgarishlarga to'xtalib o'tdi

'Shavkat Mirziyoev Farg`onadagi suv, elektr, tibbiyot sohasida kutilayotgan o`zgarishlarga to'xtalib o'tdi'ning rasmi

Biroz avval Shavkat Mirziyoev Farg`ona viloyatidagi mavjud muammolarni sanab o`tgani haqida ma`lumot bergan edik. Shundan so`ng prezident viloyatdagi turli sohalarda qilinishi kutilayotgan ishlar yuzasidan ham to`xtalib o`tdi.

– Kelgusi besh yilda  “Obod qishloq”  va “Obod mahalla” dasturlari doirasida  150 ta qishloq va 40 ta mahallani  obodonlashtirish choralari ko`riladi. Bunga 1 trillion 860 milliard so`m mablag` ajratiladi.  

– Yozyovon,  So`x,  Qo`shtepa va Furqat tumanlarining  sharoiti og`ir 57 ta mahallasida  qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga  32 million dollar mablag` ajratiladi.  

– Kelgusi yildan har bir tuman va shahar byudjetining kamida 5 foizi  aholi murojaatlariga muvofiq,  eng dolzarb muammolarni hal qilishga yo`naltiriladi.

Uy-joy masalasi

– Kelgusi besh yilda jami 30 ming kvartirali 700 ta ko`p qavatli uylar quriladi. Bu – oldingi yillarga nisbatan  3 barobar ko`p, degani. Bunda 2,5 mingta uy-joy  og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yolg`iz ayollar,  ehtiyojmand oilalar  va nogironligi bo`lgan fuqarolarga beriladi. Shuningdek, kelgusi besh yilda  14 mingdan ziyod oilaga  ipoteka krediti bo`yicha  680 milliard so`mlik subsidiya ajratiladi.

Shu bilan birga, viloyat hududlaridagi eskirgan 200 ta 2-3 qavatli uylar o`rnida, renovasiya dasturlari asosida  7-12 qavatli uy-joylar quriladi. Bag`dod tumani “Guliston” mahallasida  barpo qilingan shaharcha namunasi asosida, Yozyovon,Oltiariq va Farg`ona tumanlarida ham kamida 4-5 ming xonadonli “yo`ldosh” shaharchalar bunyod etiladi.

Suv, oqava, elektr ta`minoti

– Kelgusi besh yilda Farg`ona viloyatida  ichimlik suvi bilan ta`minlash darajasi  69 foizdan 90 foizga etkaziladi.  

– Elektr ta`minotini yaxshilash maqsadida  7 ming kilometr elektr tarmoqlari  va 2 mingta transformator yangilanadi. Bunga 1 trillion so`mdan ziyod mablag`lar yo`naltiriladi.

– Elektr, suv, kanalizasiya, issiqlik ta`minoti va yo`l infratuzilmalarini yaxshilashga jami 10 trillion so`m yo`naltiriladi.

Tibbiyot tizimi

– Bu uchun  faqatgina davlat byudjetidan  kelgusi besh yilda 5 trillion so`m ajratiladi.

– 22 ta yangi oilaviy shifokorlik punkti va 10 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta`minlanadi.

– birlamchi bo`g`inga  qo`shimcha 1,5 mingta shtat ajratiladi.

– birlamchi tibbiy xizmatda dori vositalari  va tibbiy buyumlar xarid qilish uchun ajratiladigan mablag`lar  3 barobarga oshiriladi. Buning uchun byudjetdan har yili kamida  50 milliard so`mdan ajratiladi.

– viloyatning 40 yoshdan oshgan 1 millionga yaqin aholisi o`rtasida  yurak-qon tomir va diabet kasalliklari bo`yicha  manzilli skrining tekshiruvlari o`tkaziladi.

– Bag`dod, Yozyovon tumanlari  va Qo`qon shahrida tumanlararo shikastlanishlar va o`tkir qon-tomir kasalliklari markazlari  tashkil etiladi.

– Farg`ona shahrida – 2 ta,  Qo`qon, Marg`ilon shaharlari  hamda Beshariq tumanida – 1 tadan tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi.

– Quva,  Buvayda,  Oltiariq,  Farg`ona,  O`zbekiston,  Qo`shtepa,  Rishton va Toshloq tumanlari tibbiyot birlashmalari laparoskopik uskunalar bilan ta`minlanib,  kaminvaziv operasiyalar o`tkazish yo`lga qo`yiladi.

– 120 o`rin joyga ega bo`lgan  Bolalar tibbiy reabilitasiya markazi tashkil etiladi.

– viloyatning har bir shahar  va tuman poliklinikalarida  bolalar bo`limlari faoliyati qayta tiklanadi,  shifoxonalarda esa bolalar reanimasiyasi  tashkil etiladi.

– Farg`onada,  vodiyda yagona Bolalar kardio-xirurgiya markazi tashkil etilib,  tug`ma yurak nuqsoni bor,  yuqori texnologik operasiyaga muhtoj bolalarni  zamonaviy endovaskulyar yo`l bilan  xirurgik davolash yo`lga qo`yiladi. Bu borada barcha davolash amaliyotlari  byudjet hisobidan amalga oshiriladi.

– viloyatda  mingdan ziyod bemorlar buyrak etishmovchiligi bo`yicha  nazoratda turganini inobatga olib,  Nefrologiya markazining filiali tashkil etiladi  va buyrak transplantasiyasi yo`lga qo`yiladi. Shuningdek, gemodializ uskunalari 2-3 barobarga ko`paytiriladi.  

– viloyatda Hindiston bilan hamkorlikda Endokrinologiya markazi tashkil etiladi.  

– Davlat-xususiy sheriklik asosida,  viloyat ko`ptarmoqli tibbiyot markazi negizida  barcha xirurgik xizmatlarni bir joyni o`zida tashkil etuvchi  zamonaviy tibbiyot klasteri barpo etiladi.

Sardorbek Rahmonqulov, yig`ilishdan maxsus

Boshqa yangiliklar