O`zbekistonda noqonuniy faoliyat yurituvchi 10 dan ortiq bukmekerlik saytlari bloklandi.
Bu haqda Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, O`zbekistonda bukmekerlik faoliyati noqonuniy hisoblanadi.
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksining 191-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlar) shuningdek, Jinoyat Kodeksining 278-moddasi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlarni tashkil etish hamda o`tkazish)ga binoan bu turdagi faoliyat hali ham noqonuniy hisoblanadi. Shu bilan birga, “Reklama to`g`risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko`ra, reklamada ishlab chiqarilishi yoki realizasiya qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulot to`g`risidagi axborotni, jumladan, totalizator va bukmekerlik idoralari haqidagi ma`lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
"Shu asnoda o`tgan davr mobaynida Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi bilan birgalikda 10 dan ortiq noqonuniy faoliyat yurituvchi saytlarga kirish cheklandi. Bu sohadagi ishlar davom etmoqda.
Hurmatli iste`molchilar, Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi sizni qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o`yinlar bilan shug`ullanmaslik haqida ogohlantiradi",–deyiladi agentlik xabarida.






