1

Chekish ta`siri ostida 25dan ortiq kasallik kuchayadi — JSST

Salomatlik 04.10.2021, 15:55
Chekish ta`siri ostida 25dan ortiq kasallik kuchayadi — JSST

SSV matbuot xizmati tamaki va uning zarari haqida ma`lumot olish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbari Mirzag`olib Tillashayxovga murojaat qildi:

— Nikotin organizmdagi metabolik jarayonga xalaqit beruvchi, miya faoliyati va fiziologik funksiyalariga ta`sir qiluvchi alkogol va boshqa psixoaktiv moddalar kabi odamni o`ziga o`rgatib qo`yadi.  

Shu tarzda tamakiga jismoniy bog`liqlik shakllanadi. Doimiy nikotin oqimiga o`rganib qolgan odam tamakidan foydalanishni to`xtatsa, tashvish va xavotirga tushib qoladi. Bora-bora chekishga bo`lgan ehtiyoj ovqatlanishga bo`lgan ehtiyoj bilan tenglashib qoladi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lumoticha, chekish ta`siri ostida 25 dan ortiq kasallik (yurak-qon tomir, o`pka va saraton)larning organizmda rivojlanishi kuchayadi. Tibbiy tadqiqotlar bo`yicha Britaniya Kengashi olimlarining ko`p yillik izlanishlari xulosalarida o`pka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bog`liqligi haqida jiddiy ilmiy dalillar keltirilgan.  

Yurak ishemik kasalligi va insultdan o`lim holatlarining 70 foizi chekuvchi va spirtli ichimliklar ichuvchi odamlarga to`g`ri keladi. Statistik ma`lumotlar har bir chekuvchi odam o`z hayotini 18 yilga qisqartirishini ko`rsatadi.

JSST ma`lumotlariga ko`ra, tamaki mahsulotining inson organizmiga zararli ta`siridan har yili sayyoramizning 6 millionga yaqin aholisi vafot etadi. Ularning 12 foizi chekuvchi bo`lmagan (passiv chekuvchilar)dir. Achinarlisi shuki, bolalar passiv chekuvchilar bo`lib qolmoqda. Ya`ni ular atrofidagi odamlarning chekishi oqibatida tamaki tutuni aralash havo bilan nafas olishadi.  

Ilmiy tadqiqotlarda hatto passiv chekish ham odamda kasallikka chalinish, nogironlikka yo`liqish va o`lim xavfini oshirishini isbotlangan.

Garchi koronavirus infeksiyasi xavfi sezilarli darajada chekingan bo`lsa-da, chekuvchilar bu zararli odatdan voz kechish haqida jiddiyroq o`ylashi lozim. Chunki chekish og`iz orqali COVID-19ni yuqtirish xavfini oshiradi. 

Bundan tashqari, zararli odat tufayli o`pkasi zararlangan chekuvchilarda koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya qiyinroq kechadi.

AQSh olimlarining fikriga ko`ra, chekuvchilar orasida koronavirus bilan bog`liq og`ir holatlar chekmaganlarga qaraganda ko`proq uchramoqda. Shuningdek, tamaki tutuni kasallikka qarshi immunitetning birlamchi kurashuvchan javobiga sabab bo`luvchi interferonlarni bloklaydi.

Sog`liqni saqlash vazirligi har qanday tamaki mahsulotlarini, shu jumladan, filtrli yoki engil sigaretalarni chekish sog`liq uchun xavfli ekanligi haqida ogohlantirib, bu zararli odatdan yiroq bo`lishga chaqiradi.  

Dunyoda tamakidan voz kechishning yuzdan ortiq usullari mavjud. Psixologlarga ko`ra, chekishni tashlash jarayonida eng qiyini dastlabki uch kunni boshdan kechirishdir.

Chekishdan voz kechish to`g`risida qaror qabul qilgan bo`lsangiz, ijobiy jihatlar haqida o`ylang. Asosiy va eng katta yutuq — sizning sog`lig`ingiz va farovonligingizdir.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1