AsosiySalomatlik

Turmush qurishdan avval emlanish kerakmi? SSV javob berdi

'Turmush qurishdan avval emlanish kerakmi? SSV javob berdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi oila qurishdan avval koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanish kerak yoki kerakmasligi to`g`risidagi savolga javob berdi. 

Har bir ota-ona o`zidan sog`lom zurriyod qoldirishni istaydi. "Farzandlarim to`rt muchasi salomat bo`lib dunyoga kelsin", deya niyat qiladi. Ammo bunga erishish nafaqat orzu-havas, balki oqilona sa`y-harakatlarimizga ham bog`liq.

Bu mavzuda yozishimizga Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida guvoh bo`lganimiz manzaralar sabab bo`ldi. Negaki, bu erda kattalaru bolalardan tashqari, homilador ayollar va chaqaloqlar ham davolanmoqda.

Jajji vujudiga sanchilgan igna og`rig`idan chinqirayotgan go`daklar yig`isi yuraklarni ezadi. Yoki qornidagi 5-6 oylik homilasidan ayrilib qolgan ba`zi ayollarning ham qayg`u-iztirob, ham xastalikdan dard chekayotganini kuzatish juda og`ir.

Shunga qaramay, shifokorlar bor kuch-g`aratini ishga solib, ona-bolalarni uylariga sog`lom jo`natishning uddasidan chiqishmoqda. Masalan, joriy yilning yanvar oyidan to bugungi kungacha Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida 360 nafar chaqaloq dunyoga keldi. Ayni paytda bu erda tug`ilib,  muolaja olayotgan 17 nafaridan tashqari, qolganlarining hammasi o`z xonadonlarida sog`lom ulg`ayishmoqda. Shuningdek, bu erda davolangan 2379 ayolning xastalikdan to`liq xalos bo`lib oilasi bag`riga sog`-omon qaytgani quvonarli holat aslida.  

— Homiladorlar patologiyasi bo`limi 80 o`ringa mo`ljallangan, — deydi mazkur bo`lim mudiri Bahodir Allayarov. — Bemorlarimizning tuzalish muddati o`rtacha 10-12 kunni tashkil etadi. Homiladorlikning 22-32 haftasida ayollarda qon quyuqlashishi holati kuzatilishi ma`lum. "COVID-19" esa ana shu jarayonni yanada kuchaytirib yuboradi.  Bu esa bemorlar hayoti uchun xavfli. Shunga qaramay,  tegishli muolajalar va shifokorlarimiz sa`y- harakatlari bilan ayollarimizni homilasiga zarar etkazmagan holda davolashga erishyapmiz.  

Ammo jonlantirish bo`limida o`ta og`ir ahvoldagi opa-singillarimiz ham bor.  Masalan, farg`onalik A.Sodiqova homiladorlikning katta muddatida kasalxonaga 70 foiz o`pka zararlanishi bilan  yotqizilgan. Bu orada bemorning qil ustida turgan hayotini saqlab qolish uchun homilasini olib tashlashga to`g`ri kelgan. Davomli muolajalardan so`ng ayni kunda uning ahvoli o`rta og`ir darajada. Toshkent viloyatilik D.O`rinboeva ham shunday qismat egasi. O`pkasi 90 foiz zararlangan bemor homilasidan ayrilganidan tashqari, tomog`iga joylangan naycha orqali nafas olishga majbur.  

Jonlantirish bo`limi anesteziolog-reanimatologi Rustam Bobomurodovning aytishicha, bunday bemorlar o`z vaqtida karantin qoidalariga  etarlicha e`tibor qilishmagan. Farzand ko`rishdan avval vaksina olish zarurligini ham nazardan qochirishgan. Qolaversa, kasallikni ancha o`tkazib, shifoxonaga murojaat qilganlardayam asoratlar o`ta og`ir kechishi kuzatilyapti.

— Homilam olti oydan oshgan, —deydi bemor B.Asomiddinova. — Holatimiz har doim nazoratda.  Bo`lajak farzandimning yurak urishi maromida. Shukrki, unga kasallik o`tmabdi. Ayollarimizga homilador bo`lishdan avval emlanishni maslahat beraman.  Davlatimiz buning uchun barcha imkoniyat va sharoitni muhayyo qilgan ekan, bundan, avvalo, o`zimiz va tug`ilajak farzandlarimiz salomatligi uchun unumli foydalanishimiz zarur.  

— Homilador ayollar ichida ham koronavirusga chalinish holatlari kam emas, — deydi shifoxona direktori o`rinbosari Hilola Alimova. — Aksariyati xastalikni pnevmoniya bilan, ba`zilari reanimasion holatda o`tkazyapti. "COVID-19"ga chalingan ayollarda ko`pincha muddatdan oldin tug`dirish amaliyotini bajarishga to`g`ri keladi. Chunki onaning ham,  bolaning ham hayotini saqlab qolishga harakat qilyapmiz. Shu bois, turmush qurishdan, homiladorlikni rejalashtirishdan avval vaksina olish eng to`g`ri yo`l, deb hisoblaymiz. Emlangach esa uch oydan so`ng homilador bo`lish mumkin. Bu onalar va bolalar sog`ligi xafv ostida qolmasligi uchun asos bo`ladi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar