1

Xotira. Saraton Baxtiyor Qosimovni oramizdan olib ketdi

Shou-biznes 18.04.2016, 17:03
Teglar: Shou-biznes
Xotira. Saraton Baxtiyor Qosimovni oramizdan olib ketdi

«Zarb» filmida poezdning ortidan ancha yo`l yuguradigan sahna bor edi. Baxtiyor akaning nafas olishi qiyinlashganini ko`rib, qisqartiraman shu sahnani desam, ko`nmagan...”

7 aprel san`atkorlar oilasi – Qosimovlar xonadoni uchun og`ir judolik yuz berdi. Shu kuni tongda o`z kasbining ustasi, ustozoda aktyor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Baxtiyor Qosimov olamdan o`tdi. Bu noxush xabarni eshitib, rosti quloqlarimga ishonmadim. Biroq o`lim haq... 

 “MO`MIN MIRZO ROLINI O`YNAGANMAN”

Baxtiyor Qosimov 1953 yilning mart oyida Qo`qonda tavallud topgan. Uning san`at olamiga qadam qo`yishi shunchaki havas yo tasodif emasdi. Otasi hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatrining etakchi aktyori Ne`mat Qosimov edi. Onasi esa o`qituvchi bo`lgan. 

Aktyor suhbatlarimizdan birida “Onam o`qituvchi ekani sababmi, meni bog`chaga o`quvchilar olib borib, kechga tomon yana uyga eltib qo`yishardi. O`zi ham uyimiz bilan bog`chamning orasi ancha uzoq edi-da! Bolaligimda judayam sho`x, gapga quloq solmaydigan, har kuni bir shumlik chiqaradigan bola bo`lganman. Hech yodimdan chiqmaydi, 1962-63 yillar Mitrofanov nomidagi cho`milish xavzasi ochilgandi. Otam menga cho`milish yo`llanmasini olib bergan. Natija yaxshi bo`lganmi, otam «Murabbiy bilan gaplashib ko`r, iloji bo`lsa yana bir shug`ullantirsin», degan. Mashg`ulotdan so`ng esa murabbiy qatorda tizilib turgan bolalarni maqtab, menga kelganda «Sendan qutilganimga shukr!» desa bo`ladimi? Bu gapni o`zim tilab olganman. Chunki, uyimiz hozirgi Milliy bog` oldida bo`lgani uchun cho`milishni juda yaxshi bilardim. Murabbiyning gapiga kirmay, o`zim istagancha maza qilib suzardim. Otam «Ikkinchi oyni ham gaplashdingmi?» deganda, «Ota, joylar to`lib bo`libdi», deb yolg`on gapirishga majbur bo`lganman», deya yuzda samimiy tabassum bilan bolalik xotiralari bilan bo`lishgandi. Bo`lajak aktyor maktab yoshiga etguniga qadar onasining ortidan qolmay maktabga qatnagan. 

Olti yoshida onasi o`quvchilarning iltimosiga binoan maktab direktoridan oshxona tomida kabutar boqishga arang ruxsat olib bergan ekan. O`quvchilar darsga kirib ketganda, tomga chiqib olib, ularni tomosha qilib o`tirishni xush ko`rgan. Kichkina bo`lgani uchun Baxtiyor Qosimovni qorovul qilib qo`yishar ekan-da! Har gal begona kabutar ko`rindi, deguncha jar solgani oyog`ini qo`liga olib, sinfxonaga yugurgan. 1960 yili 84-maktabning birinchi sinfiga qabul qilingan. Ammo odatga aylangan mashg`uloti sabab, darsdan keyin tomdan beri kelmasdi. Nima sabab baholari pasaygani haqida xotirlab shunday degandi: «Qachon begona kabutar uchib kelarkan, deb kechgacha osmonga termulib o`tirardim. 4-sinfgacha a`lo baholarga o`qiganman, so`ng o`qishim sal pasaygan. 

Boisi, 1964 yil oktyabr oyidan hozirgi O`zbek Milliy akademik teatriga ishga qatnardim. Uning ohanrabosi meni butunlay o`ziga rom qilib qo`ygandi. Bu teatrning etakchi aktyori – otam Ne`mat Qosimov sabab san`atga kirib qolganman. Shu yili «Alisher Navoiy» spektaklida Mo`min Mirzo rolini o`ynaganman, Olim Xo`jaev esa Navoiy obrazida edi». 

8-sinfni tugallab, so`ng 82-maktabda 9-10 sinflarni o`qigan. Bu muddat orasida kinostudiyada Nazira Alievadan aktyorlik mahorati bo`yicha ham dars ola boshlagan.

«SO`NGGI ONIDA OTAMNING YoNIDA TUROLMADIM»

Ijod «ummon»ida suzib ko`rgan Baxtiyor Qosimov 1965 yildan dublyajga qatnay boshlagan. 1966 yildan kinoga ham qadam qo`ygan. Aslida esa otasi o`g`lining aktyor bo`lishini xohlamagani bois onasining kasbini egallashni maqsad qilgandi. Lekin taqdir uning hayotida tub burilish yasaydi. 

Shu yili Baxtiyor Qosimov ijodiy guruh bilan suratga olish uchun uch oyga Bishkek (avvalgi Frunze)ga jo`nagan. Biroq bu safar aktyor yodida bir umrga achchiq xotira sifatida muxrlangandi. «Otam bilan so`nggi bor may oyida ko`rishgandim, avgustda esa olamdan o`tgan. Bishkekda suratga olish maydonchasida o`tirsam, sababini ko`rsatmay, «Baxtiyor, uyingga borib kelishing kerak», deyishdi. «Xo`p», deb narsalarimni yig`ishtirayotganimda xat tashuvchi otamdan maktub keltirdi. Ochsam, hol-ahvol so`ragan ekan. Hozir Toshkentga borib ko`rishaman-u, degan xayolda xatni yirtib, tashlab yubordim. Samolyotdan tushib, uyga yo`l oldim. Eshik tagiga kelsam, tumonat odam… Kelgunimga qadar onam «To`rtta qizning ichida Baxtiyor bitta o`g`il, otasini o`zi erga qo`ysin», deb meni bir kun kutgan. O`shanda xatni yirtib tashlaganim uchun haligacha o`zimni kechirolmayman. Otamning so`nggi maktubini asrab qo`ya olmadim», deya ko`zida yosh bilan eslagandi. O`shanda otasi vafotidan oldin o`g`lidan hol-ahvol so`rash maqsadida «Frunze shahri, Qosimov Baxtiyor, aktyor», deb o`g`liga bitgan yana bir nomasi Ne`mat Qosimovning yozuv daftari ichidan topilgan. Shunda Baxtiyor Qosimovning onasi «Otang “aktyor”, deb yozgan ekan, mayli, uning yo`lini davom ettira qol», deb o`g`lining san`atkor bo`lishiga qarshilik ko`rsatmagan.

Otasining vafotidan keyin teatrdagilar barcha spektakldagi ommaviy sahnalarga chaqirishardi. Buning uchun bir so`m pul ham berishgan ekan. 

Yosh bo`lgani uchun aktyor otasining vafotini u qadar faxmlamagan ekan. Onasi 52 yoshida vafot etganda esa Baxtiyor Qosimov 25 yoshda bo`lgan. Onasi “11 yilda to`rtta bolani oyoqqa turgazaman”, deb sog`ligidan kechgan, astma edi. “Onam 1977 yili, to`yimdan so`ng uch oy o`tgach, kechqurun 1:30da qo`limda jon bergan. Shundan so`ng to`ylarda ona haqida she`r o`qiyolmaganman. Eng dahshatlisi, onamni xotirlab she`r aytsam-u, odamlar kelib pul qistirsa... Bu axir ota-onaning yuziga oyoq qo`yish bilan barobar-ku!» deya dil daftaridagi kechinmalari bilan bo`lishgandi. 

«3 MARTA IMTIHON TOPShIRIB ARANG O`QIShGA KIRGANMAN»

Maktabni bitirib, 1970 yil hujjatlarini hozirgi O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutiga topshirgan. Aktyor o`qishga kirishdagi hangomalarni kulib xotirlagandi: “U paytlar imtihonda aktyorlik mahoratiga katta e`tibor berishardi. Mahorat, tarixdan imtihonni a`loga topshirganman. Insho yozadigan kunim andijonlik yigitning yoniga o`tirib qolibman. U o`zi bilan «shpargalka» olib kirgan ekan. Men ham xursand bo`lib, «shpargalka»da qanday yozilgan bo`lsa, shunday ko`chirib chiqib ketaveribman-da! 

Ikki kundan keyin javobini bilishga kelsam, Nazira Alieva «Xumpar, toshkentlik bo`la turib, nega g`irt andijoncha shevada insho yozding?» dedi. Nima qilib qo`yganimni keyin tushunganman. Guruhdagi barcha inshodan ikki baho olgan. Rektordan ikkinchi marotaba insho yozishga ruxsat olganmiz. Bu safar ham o`sha ahvol-da! Nazira opa «Nima qilyapsan o`zi?» degandi. Bir yoqdan onam «O`g`lim, imtihoning nima bo`lyapti?» deb so`rardi. «Xavotir olmang», deb yolg`on gapirardim. 

Xullas, arang uchinchi marotaba imtihon topshirishga ruxsat oldik. Imtihonni nazorat qiladigan kishi «Meni qirq besh daqiqali ishim bor, eshikni ichkaridan qulflab olib, inshoingizni yozing», deb ketgan. Biz ham imkoniyatdan foydalanib, yashirib olib kirgan kitobimizdan insho yozib berganmiz. Va nihoyat, uch baho qo`yib berishgan. Shu tariqa institutga qabul qilinganman. O`zbekiston xalq artisti Elyor Nosirov bilan kursdosh bo`lganman. To`rt yil vaqtimiz mazmunli va hangoma bilan o`tgan».

GAMLET ROLI ARMON BO`LIB QOLDI

Institutni tamomlagan aktyor hozirgi O`zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan. Uch oydan so`ng esa harbiy xizmatni o`tab kelib, ishini yana davom ettirgan. O`sha kezlari O`zbekiston xalq artisti Po`lat Saidqosimov bilan birga studiya ochgandi, uning yugur-yugur ishlari Baxtiyor Qosimovning zimmasida edi. 

Teatrda yigirma besh yil ishlab, 1994 yilda ba`zi sabablarga ko`ra o`z xohishi bilan ishdan bo`shagan. Aktyor hamma narsaning ham poyoni bor ekani, vaqti-soati etib, qadamimiz uzilmaydigan maskanni tark etishimizni to`g`ri qabul qilardi. Po`lat Saidqosimov bilan esa o`n bir yil birga ishlagan. 

Aktyor ijod davridagi xush-noxush voqealarni tez-tez yodga olib turardi: «Teatrda ishlab yurgan kezlarim shoh asarlarni qayta sahnalashtirishlariga qarshi chiqdim. Boisi, bu spektakllarni avvalgisidan ham yaxshiroq sahnalashtirish kerak, yo`qsa uni bulg`ashga ne hojat? Turg`un Azizov «Alisher Navoiy»ni qayta sahnalashtirganda Majididdin, «Mirzo Ulug`bek»da Abdulatif rolini menga berganda, «Xafa bo`lmang, spektakl juda yomon sahnalashtirilgan. Mantiqsiz qisqartirilgan. Shukur Burxonov Ulug`bek rolini o`ynaganida, men ommaviy sahnada qatnashardim», dedim. Har safar barcha sahna atrofida Shukur akaning rolini tik turib ko`rardi. Mana, aktyor va spektaklning jozibasi. Kino va teatrda afsonaviy aktyorlar bilan ishlagan baxtli aktyorman. Ishonsangiz, bir oyda uch marta teatr tushimga kiradi. Kuni kecha teatrga bordim. Bizning davrda bu dargohda faqat san`at haqida so`z ketardi. Hozir kim qaerga, qanchaga to`yga borgani to`g`risida gapiriladi. Nazarimda, teatrda san`at emas, pul birlamchi bo`lib qolibdi. Bu sahnaga bo`lgan munosabatning qandayligidan darak-da! Avvallari aktyorlar spektaklga uch soat oldin kelardi, hozir ba`zi akyotrlar o`n daqiqa qolganda uyalmay kirib keladi. Bunday engil-elpi munosabat bilan teatrning kelajagini qurib bo`lmaydi!» 

Baxtiyor Qosimovning teatr bilan bog`liq armoni – o`zi orzu qilgan Gamlet rolini ijro etolmagan. O`ziga nisbatan o`ta talabchan bo`lgani bois kinoda band bo`lsa-da, o`z ishidan qoniqmaslik hissi yuqori edi. 

AKTYoRNI EB BITIRGAN XASTALIK…

Ochig`i, Baxtiyor Qosimovning o`pka saratoniga chalinib, bir yildan buyon shu xastalik bilan kurashayotganiga odamni ishongisi kelmaydi. Bu ma`lumotni eshitganlardan «Aktyor xalqi kasbiga fidoyi-da!» degan fikrlarni eshitasan kishi. Haq gap! Filmlarda Baxtiyor Qosimovning «til»i bilan gapiradigan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Nozim To`laxo`jaev «Bu men uchun katta yo`qotish! Baxtiyor Qosimov noyob iste`dod sohibi edi. Sira hamkasblariga hasad qilganini bilmayman. Doim qo`lidan kelgan yordami, maslahatlarini ayamagan. Hech qachon sog`ligidan shikoyat qilmagan. Ijodiy guruhga noqulaylik tug`dirmaslik uchun og`riq bezovta qilsa ham bildirmasdi. «Zarb» filmida poezdning ortidan ancha yo`l yuguradigan sahna bor edi. Baxtiyor akaning nafas olishi qiyinlashganini ko`rib, «Qisqartiraman shu sahnani!» desam, «Yo`q!» deya rolidan ko`ngli to`lguncha dubl qilgandi. U shunday fidoiy aktyor bo`lgan. Inson sifatida esa juda soddadil, o`ta madaniyatli edi. So`nggi bor uchrashganimizda ozib ketganini ko`rib, hazil-xuzul qilib so`rashganimizda jarroxlik operasiyasini o`tkazganini aytgandi… Oxirati obod bo`lsin!» deya bu judolikka ishonolmayotganini aytdi. 

«Zarb»dan so`ng rejissyor Yolqin To`ychievning «Hayotda” filmi Baxtiyor Qosimovning so`nggi roli edi… 

Aktyor o`pka saratoniga chalinganini bilgach, o`tgan yilning fevral oyida jarroxlik amaliyotini o`tkazib, o`pkasining xastalangan qismi olib tashlangandi. Ming afsuski, «Bo`ldi, og`riq azobi, xastalik ortda qoldi», degan quvonch uzoqqa cho`zilmadi. Vaqt o`tgach, kasallik yana xuruj qilganini bilgach, shifokorga ko`ringan aktyor ulardan xushxabar eshitmagan. Vaqt o`tgandi… Baxtiyor Qosimov 7 aprel sanasi tungi 1:30da jon berdi...  

FAKT:
•  1988 yili O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. 
•  1989 yilda Hamza nomidagi Davlat mukofoti laureati bo`lgan. Teatr tarixida eng yosh aktyor sifatida bu mukofotga loyiq topilgan bu – Baxtiyor Qosimov.
•  Sinfdoshi Go`zalxonga uylangan. Gulchehra, Munisa, Jahongir ismli farzandlarning otasi edi.
•  17 yildan beri erkin ijodkor sifatida kinoda faoliyat yuritgan.

Bu aktyor haqida so`z borganida garchi uning repertuarida ijobiy rollar talaygina bo`lishiga qaramay, tomoshabin ko`z o`ngida darrov salbiy qahramon qiyofasi namoyon bo`ladi. Mazkur fikrimiz aktyor so`zlab bergan voqeada o`z isbotini topsa ajabmas. Kunlarning birida Baxtiyor Qosimov rafiqasi bilan kafeda ovqatlanib o`tirishsa, oldiga sakkiz yashar qizcha kelib, «Amaki, siz yaxshi odammisiz?» degan. Shunda aktyor «Bilmasam, yaxshi bo`lsam kerak», deya javob qaytargan. Qizaloq «Iltimos, boshqa yomon rol o`ynamang», degan ekan. Aslida bu aktyorning ijodiy yutug`i! Uning qahramonlarida kuyunchaklikni ham kuzatish mumkin edi. Aslida bu xislat aktyorning tabiatiga xos. Shu o`rinda nemis bastakori Lyudvig van Betxovenning «Barcha katta ishlarning muvaffaqiyatiga haqiqiy dastak bu – yurak», degan fikri yodimga tushdi. O`z kasbining ustasi, ustozoda aktyor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Baxtiyor Qosimov haqiqatdan ham boshlagan ishiga yuragini bag`ishlaydigan haqiqiy ijodkor edi. Va shu holatda yuragimiz to`ridan o`rin egallab qoladi, ishtirokidagi filmlar, xotiramizda mangu yashaydi. 

Shunday qayg`uli damda ijodkorning oila a`zolari va yaqinlariga tahririyatimiz va muxlislar nomidan chuqur hamdardlik bildiramiz. 

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

Sharhlar

Zoxirshoh Jo`raev Botir Qodirov uning akasi ekani haqidagi mish-mishlarga nuqta qo`ydi

06.11.2019, 12:06

Zoxirshoh Jo`raev "Milliy" telekanalining "Nishondasiz" ko`rsatuvida ishtirok etib, oilaviy mish-mishlarga nuqta qo`ydi...Ko`rsatuv davomida boshlovchi Zoxirshohdan Botir Qodirov Sherali Jo`raevning farzandi ekani haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritishini...
​SITORA ALIMJONOVA ShAXSIY HAYoTINI MUHOKAMA QILGANLARGA MINNATDORChILIK BILDIRDI

14.08.2017, 12:34

Aktrisa Sitora Alimjonova 8 avgust kuni turmushga chiqdi. Uning to`yi Tailandning Pxuket orolida bo`lib o`tdi.Sitora o`z intervyularida turmush o`rtog`ining 27 yoshda ekanligini va u tadbirkorlik...
​DILNOZA KUBAEVA: «DILOZORLIKDAN QO`RQAMAN, QALBIMNI SINDIRGANLAR KO`P...»

20.07.2017, 16:31

U irodali ayol. Tabassumi ortiga yashirilgan haqiqatlarni o`zgalarga bildirmaydi. Gohida ko`zlari yoshlanib, kipriklariga engil titroq kirishi mumkin, ammo shunda ham o`zida kuch topib, yana tabassum...
​“O`ZBEKKONSERT” ILK BOR OChIQ BADIIY KENGASh TAShKIL ETMOQDA

12.07.2017, 21:32

Endilikda xonandalar “O`zbekkonsert” davlat muassasasiga qo`shiqlarni jonli ijroda kuylash orqali taqdim etadilar. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga lisenziya olish tartibi yuzasidan turli savol va takliflar...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1