AsosiyShou-biznes

Men “Oskar" olganman — Muhammadiso Abdulxairov

'Men “Oskar" olganman — Muhammadiso Abdulxairov'ning rasmi

Filmlarda bu aktyor ko`rinishi bilan beixtiyor chehramizga tabassum yuguradi. Rejissyorlarda ham shunaqa ekan, ular Muhammadiso Abdulxairov bilan ishlashni yaxshi ko`rishadi, chunki u o`ziga topshirilgan rollarni boyitadi, jonlantiradi.

— Mendan ko`pincha “Aktyor bo`lmaganingizda kim bo`lardingiz?”, deb so`rashadi. “Agar aktyor bo`lmaganimda... albatta, aktyor bo`lardim!” deb javob beraman. Chunki kasbimdan yomonlik ko`rmadim. Obro`-e`tibor topdim. Meni chinakamiga yaxshi ko`radigan, farzandlarining ismini “Muhammadiso” deb qo`ygan muxlislarim ham bor. Oddiy bir aktyor uchun bundan ortiq baxt bormi dunyoda? Bir safar “Oskar” olish niyatingiz bormi?” deb so`rab qolishdi. Menda “Oskar” bor, deya javob qaytardim. “Olganmisiz?” “Biz bilmasdik?”, degan so`roq “yomg`ir”lari yog`ildi. “Bilasiz”, dedim men xotirjamlik bilan. “Istasangiz, hozir birga bozorga boramiz, o`z ko`zingiz bilan ko`rasiz. Atrofimga birpasda kamida yigirma-o`ttiz odam to`planib, birga suratga tushishni boshlaydi. Ana shular, mening “Oskar”larim!” dedim g`urur bilan.

“Rollarimning hammasi yaxshi, deb aytolmayman”

— Institutni tugatib, “Ilhom” teatrida ish boshlaganman. Buyuk rejissyor Mark Vayl sahnalashtirgan ko`plab spektakllarda turli-tuman rollarni o`ynadim. Butun vujudim bilan, maza qilib o`ynardim. Meni sahnada ko`rish uchun keladigan muxlislarim bor edi. Keyin besh olti-yil “Yosh tomoshabinlar teatri”da  ishladim. “Qirol Lir” spektaklidagi Glosterning o`g`li Edgar  roliga Abror Hidoyatov nomidagi teatrga ham taklif qilishgan. Ijodimga kinolar qo`shilgach, ko`proq vaqtimni suratga olish maydonlarida sarflay boshlaganman. Kichik-kichik rollar bilan sekin-sekin tanildim. Rollarimning hammasi yaxshi, deb aytolmayman. Ba`zida tajribasizlik bilan olingan filmlardagi ijromdan afsuslangan paytlarim ham bo`ladi. “Nega rozi bo`ldim?” deb o`ylayman. “Keyingi safar jiddiyroq o`ylab ko`rib, keyin suratga tushish kerak”, deb o`zimni-o`zim urushib qo`yaman.

“San`atning noni qattiq, temirdan tishing bo`lishi kerak”, deb bekorga aytilmagan. Ba`zida ko`ngilni og`ritadigan ishlar ham bo`lib turadi. Masalan, “Amir Temur” filmiga men bosh rolga tasdiqlagandim. Xorazmda uch- to`rt kunlik s`yomka ham bo`lgan. Lekin ba`zi sabablarga ko`ra, meni chetlatishgan. Bu ijod, xafa emasman. Axir ijodim to`xtatib qolgani yo`q, kinodaman. 

“Muhabbatim tarixi”

— Teatr va rassomchilik institutiga hujjat topshirib yurgan paytlarim edi, abiturientman, bir ish bilan dekanatga kirdim. Eshikning to`g`risida Xolidaxon (rafiqam) yozuv mashinkasini chiqillatib o`tirardi. Bir qarashdayoq mahliyo bo`lib qolganman. Yuragimda hindcha kuy taralgan. Tamom, shu kundan boshlab dekanatga serqatnov bo`lib qolganman. Oxiri ko`ngillarimiz tutashgan. Omadni qarang, xuddi shu kunlarda ota-onam “O`g`lim, akangni uylantirmoqchimiz, qo`shaloq to`y qilsak, nima deysan?” deb qolishsa bo`ladimi! Xursand bo`lib ketib, Xolidaxonning manzilini aytganman. U paytlarda hozirgiga o`xshab atirgullarni uvol qilish, tiz cho`kib, “Menga turmushga chiqing?” deyishlar yo`q edi. To`yimiz hovlimizda bo`lgan. Gilamlarga ismlar paxtada yoziladigan paytlar o`tib, yonib-o`chadigan chiroqchalar urfga kirgan davr. Nikoh oqshomini ikkita videokamera tasvirga olganining o`zi mahallada duv-duv gap bo`lgan. Erkak kishi hayotda ikki narsa — kasb va umr yo`ldoshi tanlashda adashmasligi kerak, deyishadi. Shu ikki tanlovim to`g`ri bo`lganidan xursandman. Ishdan qo`lim bo`shagan paytlarda uyga qo`ng`iroq qilib, “Qalbim quyoshi, yaxshi o`tiribsizmi?” deb so`rab qo`yaman. Gaplashib bo`lganimdan keyin atrofdagilar: “Kim bilan gaplashdingiz?” deb so`rashadi. Xotinim bilan desam, “E, qo`ying, odam xotini bilan ham shunaqa gaplashadimi?” deb ishonishmaydi, tavba!..

“Noto`g`ri qildim!” deganman”

— Kinoda rollarim ko`p bo`lsa-da, negadir muxlislar “Ulfatlar” filmini ko`p eslashadi. Rejissyor Sobir Nazarmuhammadning “Devona” filmida suratga tushayotganimizda Murod aka “Yaqinda bir kino olamiz. Shunda sen ham o`ynaysan”, deb qoldilar. Hali ko`p kamera oldida ko`p rollar ijro qilmaganim uchun, bu gapdan judayam xursand bo`lib ketgandim. Oradan ozgina vaqt o`tib chaqirdilar, bordim. Murod akaning “Film qahramonlari to`rt kishi, hammamiz sinfdoshmiz”, degan gaplarini eshitib, o`ylanib qoldim. Yuzimdagi “Otamdan ozgina yosh odamlar bilan qanday qilib sinfdosh bo`la olaman”, degan ifodani sezdilarmi, bilmadim.                                                                                           “Xavotir olma, grim qilamiz”, dedilar. Yuragimdagi quvonch bilan hadik o`zaro qorishib ketdi. Bu hadik meni dublyaj paytida ham  tinch qo`ymadi. Chunki, ovozlashtirish jarayonida ham film hali tayyor bo`lmagan, xulosa qilishga ertaroq bo`ladi-da... Ko`rganim sari ich-etimni eyishda davom etdim. O`zimga-o`zim “Bekorga o`ynadim! Bekor qildim!” deyman nuqul.Premera yaqinlashgan sari-ku uyqum ham, ishtaham ham yo`qolib qolgan. Miyamda erta-yu kech faqat “3 kun qoldi, 2 kun qoldi, 1 kun qoldi”, degan fikr aylanadi. Ammo, premera kuni, tomoshabinlarning maza qilib kulganlari, chalgan qarsaklaridan ettinchi osmonga chiqib ketganman...

“Rejissyor tanlayman…”

  — Men rol, ssenariy, rejissyor tanlayman. Chunki aktyor ssenariyda yozilgan narsani fantaziyasini yaxshilab ishlatsa, chiqarib berishi mumkin. Muhimi, rejissyor unga to`g`ri yo`nalish berib, nima istayotganini tushuntirib bera olishida. Shunda ijodingiz mahsuli chinakamiga o`z muxlisini topadi. Tomoshabin qalbiga etib boradi. Kuldiradi, yig`latadi, o`ylantiradi. Kino va teatr san`atining asosiy vazifasi ham shu-da, aslida. O`zbek kinosida noprofessional ijodkorlar paydo bo`lgani bizning kamchiligimiz. Shunga qaramay, “O`zbek kinosi o`ldi...” degan gapga mutlaqo qo`shilmayman. Bu juda ham yomon gap. O`lmasin! Bugungi kunda pandemiya sabab kinoteatrlarimiz gavjummas. Yaratgandan bu kunlar tezroq o`tib ketishini so`raymiz. Lekin Muhammadiso Abdulxairov bo`sh o`tirgani yo`q, seriallarda bandman. Yana qaynoq ijodga qaytish, muxlislarimizni yangi filmlar bilan xursand qilish nasib etsin.

                                                           Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi

    Boshqa yangiliklar