Ommabop Telegram messenjeri asoschilaridan biri Pavel Durov yil oxiriga qadar bot yaratuvchilariga million dollar ajratadi. Bu haqda “RIA Novosti” nashri xabar bermoqda.
Ajratiladigan grantning eng kam miqdori 25 ming dollarni tashkil etadi.
“Tanlovda ishtirok etish uchun siz bizning API`mizdan foydalangan holda o`ziga xos bot yaratishingiz kerak bo`ladi”,—deyiladi messenjerning rasmiy saytida.
Tanlovda ishtirok etish bepul, ishtirokchilar faqat bot yaratishi kerak bo`ladi.
Kompaniya vakillarining aytishicha, bot “tezkor, foydali, va inline-rejimda ishlashi kerak”.
Telegram bot yaratuvchilarni sun`iy intellekt, tabiiy tilni yaratish va bot yaratish uskunalariga urg`u berishga chorlamoqda. Biroq messenjer ma`murlari bot yaratuvchilarini faqat bu sohalar bilan chegaralash fikridan yiroq.
Pavel Durov grantlar asosan rus tilidagi ishlanmalarga ajratilishini aytib o`tdi.
“ O`ylashimcha,boshqa servislar ma`lumotlarini tezkor almasha oladigan bot-integrasiyalar foydali bo`ladi. Ularning yordamida messenjerga e-mail-akkauntdan tortib onlayn-bankinggacha bo`lgan ma`lumotlarni joylashtirish mumkin”,—deydi Durov.
Grant 2016 yil mobaynida bir necha bosqichda ajratiladi. Tanlov uchun yil oxiriga qadar ariza topshirish mumkin.