O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining O`zbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bag`ishlangan qo`shma majlisi davom etmoqda.
Ayni paytda davlatimiz rahbari ma`ruza qilmoqda.
–Bo`lib o`tgan saylovlarda ko`p millatli xalqimiz faol ishtirok etib, o`zining erkin xohish-irodasini, yuksak huquqiy ongi va siyosiy madaniyatini yaqqol namoyon etdi. Xalqimiz bilan birgalikda tanlagan va amalga oshirayotgan rivojlanish yo`limiz naqadar to`g`riligini, saylov natijalari yana bir bor tasdiqladi. Bu esa, barchamizga yangi kuch, baland ruh va ishonch bag`ishlaydi,– dedi Shavkat Mirziyoev.
– Saylovning erkin va demokratik, ochiq va oshkora, sog`lom raqobat va siyosiy kurash muhitida o`tganini, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar ham e`tirof etdilar. Prezident saylovida Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligining uzoq muddatli missiyalari, butun saylov jarayonlarini bevosita kuzatib bordi.
Ayniqsa, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hamda Parlament Assambleyasi qatorida birinchi marta Evropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi.
Umuman, saylovda 18 ta xalqaro tashkilot va 45 ta xorijiy davlatning mingga yaqin vakillari xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Shu bilan birga, 1 ming 700 ga yaqin mahalliy va xorijiy jurnalistlar saylov jarayonlarini bevosita yoritib bordi.
Ularning barchasi saylov milliy qonunchiligimiz va umume`tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida, yuqori saviyada o`tganini, alohida qayd etdilar.






