1

O`tkir respirator kasalliklarining 70-80 foizini uy sharoitida davolash mumkin – mutaxassis

Salomatlik 10.11.2021, 15:52
O`tkir respirator kasalliklarining 70-80 foizini uy sharoitida davolash mumkin – mutaxassis

SSV Matbuot xizmatining o`tkir respirator kasalliklarga doir savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim boshlig`i Dinora DO`STMUHAMMEDOVA javob berdi.

— Ayrim ota-onalar farzandi biroz shamollab qolsa, darrov sarosimaga tushib, bolasini shifoxonaga yotqizishga harakat qiladi? Bu qanchalik to`g`ri?

— Darhaqiqat, ushbu holat ko`pchilik ota-onalarda kuzatiladi. Farzandida biroz isitma ko`tarilgudek bo`lsa, ular oilaviy shifokor punkti yoki oilaviy poliklinikaga emas, darrov “Tez yordam”ga murojaat qilib, bolani shifoxonaga yotqizishga harakat qiladi. Ular stasionar sharoitda bola kasallikdan tezroq tuzaladi, deb o`ylashadi.  

Vaholanki, stasionar sharoitda bolaning ikkilamchi infeksiyani yuqtirib olish ehtimoli yanada ortadi. Chunki shamollash oqibatida immun tizimi shikastlanib, bola kasallikni yuqtirib olishga yanada moyil bo`ladi. Ya`ni, shifoxonada kasallikdan endigina tuzalayotgan bola tashqaridan kelgan yangi virusni yuqtirib olishi mumkin. Natijada uning sog`ayish davomiyligi yanada uzoqroq cho`ziladi.

Qolaversa, ba`zi onalar shifokor uyga ruxsat berishiga qaramay, “bolamning yo`tali hali ketmadi, oxirigacha tuzatib beringlar” deya stasionarda davolanishni davom ettirishadi. Vaholanki, O`RVIning ilk klinik belgilaridan biri bo`lgan yo`tal uzoq davom etadigan holatdir.

Shu bois ota-onalarga farzandi o`tkir respirator kasalliklarga chalinsa, shifoxonaga yotqizishga shoshmaslikni, aksincha, eng avvalo, oilaviy shifokor punkti yoki oilaviy poliklinika pediatriga murojaat qilishlarini uqtiramiz.  

Chunki bu kasalliklarning 70-80 foizini ambulator sharoitda, OShP va OPlardagi pediatr-shifokor tavsiyasi bilan davolash mumkin.

 

— Bola o`tkir respirator kasalliklarga chalinganda shifoxonaga yotqizish uchun alohida ko`rsatmalar bormi? O`zi qanday bolalar stasionar sharoitda davolanishlari kerak?

— Kasallik asoratlangan holda kechgandagina shifoxonada davolanish lozim. Xo`sh, bunga qanday holatlar kiradi?  

Birinchidan, pastki nafas yo`llariga yallig`lanish jarayoni o`tganda yoki bakterial infeksiya qo`shilganda bolaning shifoxonada davolanishiga ko`rsatma beriladi. Bunday paytda tana harorati ko`tarilib, yo`talib yurgan bolada birdan hansirash boshlanadi, yuzaki tez-tez nafas olish kuzatiladi. Bu xavf belgisi hisoblanib, bemor, albatta, stasionar sharoitda, shifokor nazorati ostida davolanishi kerak.

Ikkinchidan, entikib nafas olganda.

Uchinchidan, bola nafas olganda qo`shimcha mushaklar, burun qanotlari ochilib-yopilishi, qovurg`alar orasidagi mushaklar har nafas olganda ishtirok etishi ham xavf belgisidir.

Shuningdek, agar bemor chaqaloq bo`lsa, onasini emolmay qoladi. Bu ham kasallikning og`irlik darajasini belgilaydi. Ya`ni go`dakda yallig`lanish jarayoni og`ir kechayotanini, xastalik pastki nafas yo`liga o`tganligidan dalolat beradi.  

Shu bilan birga, bolada yig`lash va bezovtalik yoki aksincha uyquchanlik kuzatilsa, shifoxonada davolanish lozim. Biroq tana haroratining biroz ko`tarilgani, burun oqishi, yo`talish, tomoq og`rig`i yoki qizarishi kabi belgilar bolaning shifoxonaga yotqizish uchun ko`rsatma bo`lib hisoblanmaydi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1