1

Odil Yoqubovning "Ulug`bek xazinasi" romani yapon tilida chop etildi

Madaniyat 10.11.2021, 20:06
Odil Yoqubovning "Ulug`bek xazinasi" romani yapon tilida chop etildi

Ustoz adib, O`zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning  "Ulug`bek xazinasi" romani Yaponiyada yapon tilida chop etilganidan xabar topdik. Shu sababli ustozning farzandi Iskandar Yoqubov bilan atoqli o`zbek adibi ijodining jahon miqyosidagi yuksak e`tirofi xususida suhbatlashdik.

- Adabiyotsevar xalqimiz otam - Odil Yoqubovni o`z hayoti bilan emas, millat, xalq, odamlar dardi bilan yashab, ijod qilgan, kurashgan yozuvchi, ulkan ma`naviy jasorat sohibi sifatida e`tirof etadi, - deydi I.Yoqubov. - Buning sababi insof, or-nomus, diyonat, halollik, oriyat, rostgo`ylik, soflik, millat qayg`usi kabi tushunchalar uning barcha asarlari mavzusining bosh g`oyasini, mag`zini tashkil etadi. Otamning bunday qat`iy hayotiy pozisiyasi, saboti, ma`naviy jasorati uning o`tgan asrning saksoninchi yillari poyonida Moskvadagi Kreml saroyida sho`rolarning yirik qurultoyida so`zlagan nutqida ham yaqqol ko`zga tashlanadi.

Yana bir jihati borki, bolalikdan xonadonimizga Chingiz Aytmatov, Mustay Karim, Chabua Amiredjibi, Qaysin Quliev, Yuriy Shekochixin, Sergey Zaligin, Valentin Rasputin, Viktor Astafev kabi yozuvchilar tez-tez mehmon bo`lib, kelib turar edi. Ular otam - Odil Yoqubovning ijodi bilan juda yaqindan tanish, do`st bo`lishi bilan birga uning asarlarini juda qadrlardi. Bu jihatlarni bejiz aytib o`tmadim. Ayni shu omillar O`zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning asarlarini jahonning ko`plab tillariga tarjima qilinishiga sabab bo`lgan, desam mubolag`a emas.

Masalan, Odil Yoqubovning "Ulug`bek xazinasi" dunyoning 57 tiliga tarjima qilingan. "Diyonat" asari yigirma-yigirma ikki tilga o`girilgan. "Muqaddas", "Tilla uzuk", "Qo`hna dunyo", "Qaydasan, Moriko?" kabi povestlarini ham ko`plab xalqlar o`z ona tilida o`qishga muvaffaq bo`lgan.

O`tgan asrning saksoninchi yillarida "Diyonat" romani xitoy tiliga tarjima qilinib, bir million tirajda Chin mamlakatida nashr etilgan edi. O`z davrida Xitoy kompartiyasi "Diyonat" romanini halollikka, insof, diyonatga ibrat namunasi sifatida e`tirof etib, uni mamlakatning har bir prefekturasida, ya`ni viloyatida yana alohida nashr etish bo`yicha topshiriq bergan ekan.

Endi bevosita "Ulug`bek xazinasi" asariga to`xtaladigan bo`lsak, uning yapon tilidagi endigi tarjimasi Odil Yoqubov asarlarining jahonning to`qsoninchi tiliga tarjimasi sanaladi.

Ma`lumki, Temuriylar davri hali hamon dunyo adabiyoti, tarixi, madaniyati va san`ati muxlislarining diqqat-e`tiborida bo`lib turibdi. Hanuzgacha asarlari, tadqiqotlari qo`llanma sifatida foydalaniladigan Mirzo Ulug`bekning shaxsiyati, u yashagan g`oyat murakkab tarixiy davr, o`sha zamon ziddiyatlari, an`ana va qarashlar, munosabatlar kitobxonni qiziqtirib keladi.

Ayni paytda "Ulug`bek xazinasi" tarixiy romanida asar muallifi tarixiy qahramonlarni gapirtirgan. Bu esa oson va jo`ngina kechadigan ijodiy jarayon emas. Tarixiy personajlarning o`z davriga, o`z qarashi, e`tiqodiga monand tilga kirgazish yozuvchidan ulkan bilim, mahorat, iste`dod talab etadi. Ehtimol shuning uchun ham "Ulug`bek xazinasi" romani AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa ko`plab davlatlarda nashr etilgan.

Har qanday mukammal asar oradan necha yillar o`tsa hamki, dunyoning istalgan chekkasidan o`z o`quvchisini baribir topar ekan. Suhbatimiz avvalida aytganimdek, otam - O`zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov xalq, millat, Vatan dardi bilan yonib yashadi, yonib ijod qildi. Uning asarlari esa endilikda nainki xalqimiz, balki jahon kitobxonlarning ma`naviy xazinasiga aylangani shubhasiz.

Nazokat Usmonova yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1