Bugun, 11 noyabr kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida aql-idrok gimnastikasi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir boshlandi. Unda dunyoning 9ta davlatidan jami 104 nafar mahoratli shaxmat ustalari g`oliblik uchun dona surishadi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida mamlakatimizda shaxmatni yanada ommalashtirish, sportchilarimizning FIDE reytingidagi o`rnini oshirish maqsadida har yili O`zbekistonda 5ta xalqaro shaxmat turnirini o`tkazish belgilangan. Prezident sovrini uchun o`tkazilayotgan xalqaro turnir ham aynan shu maqsadda tashkil etildi.
“Prezident kubogi” xalqaro shaxmat turniri O`zbekiston shaxmat federasiyasi tomonidan FIDE ko`magida hamda Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda o`tkazilmoqda.
Bugun Prezident kubogi xalqaro turniriga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O`zbekiston shaxmat federasiyasi rahbariyati, turnir referisi, armanistonlik taniqli xalqaro hakam Ashot Vardapetyan, turnir direktori Ahmadjon Erkaboev hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Dastavval OAV vakillariga musobaqa haqida qisqacha ma`lumot berildi. Bugungi pandemik vaziyatda “Prezident kubogi” xalqaro turniriga dunyoning 10ga yaqin mamlakatidan 27 nafar grossmeyster, 16 nafar xalqaro master, ko`plab FIDE ustasi hamda sport ustalari ishtirok etishayotgani musobaqaning nufuzi ancha yuqori ekanligidan darak beradi.
Matbuot anjumanida so`z olgan musobaqa referisi Ashot Vardapetyan bugungi kunda yurtimiz shaxmatchilari dunyo reytingida o`z o`rniga ega ekanligini alohida ta`kidlab, juda ko`plab davlatlar “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qaroriga o`xshagan hujjatlarning qabul qilinishini faqat orzu qilishini ham e`tirof etdi.
Shuningdek, anjumanda so`zga chiqqan A.Erkaboev bugungi kunda o`zbek shaxmatida etishib chiqayotgan iqtidorli yoshlarimiz haqida to`xtalib, ularni o`zbek shaxmatining oltin avlodi, deya e`tirof etdi. Qolaversa, Prezident qarori imzolanganda O`zbekiston FIDE reytingida 30-o`rinni egallab turgan bo`lsaA, bugungi kunda 26-o`ringa ko`tarilganini va yil yakuniga qadar mavqei yanada yuksalishini ham aytib o`tdi. Agar yutuqlarimiz shu zaylda davom etsa, O`zbekiston 2025 yilga borib bemalol dunyo reytingida kuchli o`ntalikka kirishiga ishonch bildirdi.
So`ngra turnirning rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda Turizm va sport vazirining o`rinbosari Avazjon Karimov ishtirok etdi va barcha shaxmatchilarga omad tiladi. Aynan vazir o`rinbosari hamda jahonning 17-chempioni, hamyurtimiz Rustam Qosimjonov ramziy yurish bilan xalqaro turnirni ochib berishdi.
Xalqaro turnir shveysarcha tizim bo`yicha ikki bosqichda – guruh bosqichi yarim final (onlayn) va final (7 tur, taxta ustida), shuningdek, asosiy bosqich (10 tur) bo`yicha o`tkaziladi.
Musobaqada quyidagi davlatlar vakillari ishtirok etishmoqda: Ozarbayjon – 1 nafar, Belarus – 3, Eron – 1, Qozog`iston – 16, Rossiya Federasiyasi – 7, Tojikiston – 3, Ukraina – 8, AQSh – 4 hamda O`zbekiston – 61 nafar.
Asosiy bosqich uchun ro`yxatdan o`tgan barcha shaxmatchilar bugun blis-turnirda ishtirok etishdi.
Xalqaro turnirda O`zbekiston sharafini Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Javohir Sindarov kabi yosh va iqtidorli grossmeysterlarimiz himoya qilishadi.
Eslatib o`tamiz, “Prezident kubogi” xalqaro turnirining umumiy mukofot jamg`armasi 120 000 AQSh dollarini tashkil qiladi.






