1

Kun davomida qancha masofa piyoda yurishi kerak? Mutaxassis javob berdi

Salomatlik 12.11.2021, 15:25
Kun davomida qancha masofa piyoda yurishi kerak? Mutaxassis javob berdi

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining shu va shu kabi savollariga Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Aholining sog`lom turmush tarzini qo`llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori  Barno Odilova javob berdi:

— Kun davomida qancha masofa piyoda yurish salomatlik uchun foydali?

— Hammasi individual. Eng avvalo, inson o`z holatiga qarashi lozim. Qancha piyoda yurgisi kelsa, shuncha yurishi va masofani har kuni o`rtacha 100 qadamdan oshirib borishi zarur. Shunchaki yurmay, yo`l-yo`lakay shaxsiy ishlarni bitirish, yaqinlar, do`stlarni yo`qlash mumkin. Qolaversa, bu mashg`ulotga farzandlar, nabiralarni ham chorlash kerak. Eng muhimi, bu jarayondan rohat olish, piyoda yurishni organizmni qiynovchi mashg`ulot sifatida qabul qilmaslik lozim.

— Piyoda yurishni qachondan boshlagan ma`qul?

— Bu mashg`ulotni bugunoq boshlash kerak. Eng asosiysi, yurishni har qanday ob-havo sharoitida bajarish mumkin, faqat mavsumbop kiyim bo`lsa, bas. Mashg`ulotni ovqatdan 1 soat oldin yoki ovqatlangandan 1,5-2 soat keyin boshlash lozim.  

Yurish vaqti uxlashdan 2 soat oldin tugagani ma`qul. 35 yoshdan yuqori va hech qachon sport bilan shug`ullanmagan inson juda sekin yurishdan boshlagani maqsadga muvofiq. Qolaversa, 35 yoshdan oshmaganlarga ham mashg`ulotni sekin yurishdan boshlash tavsiya etiladi.

— Yurish vaqti va masofasi qay tartibda oshirib boriladi?

— Birinchi hafta tanlangan tezlik bilan har kuni yarim soatdan yuriladi. Keyin har 2 haftada yurish davomiyligini 5 daqiqadan, qadam tezligini esa 5 tadan oshirib borish kerak. Shu tarzda harakat tezligi daqiqasiga 100 qadamgacha, yurish davomiyligi esa 1 soatgacha etkaziladi. 1 soat davomida ushbu tezlikdagi yurish — taxminan 10000 metrga teng.

Mashg`ulot paytida, ayniqsa, boshlang`ich bosqichlarida nafas olish va pulsni nazorat qilish maqsadga muvofiq. Yurish vaqtida puls soni daqiqasiga 100 tadan kam bo`lsa, tezlikni oshirish kerak, agar 120 dan ortiqni ko`rsatsa, sekinlashish darkor. Yuqorida aytilganidek, mashg`ulot vaqtida puls soni 100 dan kam bo`lsa, bunday yurishdan hech qanday foyda yo`q. Buning sababi puls soni 100 dan kam bo`lganida moddalar almashinuvi jarayoni xuddi tinch holatdagidek kechadi.

Piyoda yurish insonga deyarli jarohat etkazmay, shikastlanishlarsiz organizm imkoniyatlarini rivojlantiradi. Yurish vaqtida organizmga tushadigan jismoniy yuklama yuqori intensivlikda emas va bu turli jarohatlar, charchash holatlari kelib chiqishining oldini oladi.  

Bundan tashqari, yurish tezligi va yo`l past-balandligini o`zgartirib, yuklamani har kim o`z individual imkoniyatidan kelib chiqqan holda oshirishi yoki pasaytirishi mumkin.

Ushbu usul bilan qarilik vaqtlarida ham bemalol shug`ullanish mumkin. Piyoda yurish har qanday yosh va jinsdagi inson uchun tabiiy, odatiy, fiziologik yuklama turidir.  

Yurish vaqtida bajariladigan harakatlar ritmik va sikl bilan takrorlanishi, ya`ni ba`zi mushaklar bo`shashishi va boshqalarining qisqarish ketma-ketligi ajoyib samara beradi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1