1

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi internet nashrda e`lon qilingan maqolani uyushma raisiga nisbatan tuhmat deb baholadi

Jamiyat 13.11.2021, 19:22
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi internet nashrda e`lon qilingan maqolani uyushma raisiga nisbatan tuhmat deb baholadi

“Qalampir.uz” internet nashrida “Jurnalistga tahdidning narxi 540 ming so`mmi? OAVga bosim bo`yicha qonun imi-jimida qabul qilinmasligi kerak” maqolasi e`lon qilingan edi.

Mazkur maqolada keltirilgan fikrlarni O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisiga nisbatan tuhmat, deb baholab, Uyushma rasmiy munosabatini e`lon qildi. 

Quyida munosabatni o`z holida keltiramiz.

Muallif yozadi: “Joriy yilning 10 noyabr kuni Milliy matbuot markazida o`tgan anjumanda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O`sarov uyushma tomonidan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilib, Hukumatga yuborilgani haqida aytgan edi. Biroq, QALAMPIR.UZ’ga ma`lum bo`lishicha, qonun loyihasini ishlab chiqish va uni Hukumatga taqdim etishda Jurnalistlar ijodiy uyushmasining umuman ishtiroki bo`lmagan. Qonun loyihasi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tarafidan ishlab chiqilgan”.

Bu yolg`on gaplarni yozishdan Shayxovning muddaosi nima ekanligini, ochig`i, tushunish qiyin. Nahotki, o`zi asos solgan “Qalampir.uz”da berilgan axborotga sayt rahbarining o`zi ham ishonmasa? Axir “Qalampir.uz”da mazkur tadbir tafsilotlari aks etgan videoda Uyushma raisi bu so`zlarni aytmagan-ku?

Birinchidan, Olimjon O`sarov qonun loyihasini Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ishlab chiqqan, degan fikrni aytmagan.

Ikkinchidan,  qonun loyihasi “Hukumatga yuborilgani haqida” ham tadbir davomida umuman gapirilmagan.

Uchinchidan, qonun loyihasining dastlabki varianti bir guruh jurnalistlar ishtirokida muhokama qilingani ma`lum qilingan.

Qiziq, professional jurnalist bitta gapda shuncha yolg`onni qanday qilib, ko`zni chirt yumib, yoza olishi mumkin? Axir Uyushma raisi tadbirda  “Qalampir.uz” muxbirining iddaolariga munosabat bildirib,  O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag`ishlangan Oliy Majlis palatalari qo`shma majlisidagi nutqida davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to`sqinlik qilish, senzura o`rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o`tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g`ayriqonuniy ravishda olib qo`yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilayotganini, qonuniy faoliyat yuritayotgan barcha jurnalistlar bundan buyon ham qonun va Prezident himoyasida bo`lishini  alohida ta`kidlaganini qayd etib, ayni paytda qonun loyihasining dastlabki ishchi varinati tayyorlangani hamda loyiha bir guruh jurnalistlar ishtirokida muhokamadan o`tkazilganligini bildirdi.

Ta`kidlash joizki, “Ommaviy axborot vositalari va jurnalistning kasbiy faoliyati himoya qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan bir guruh jurnalistlar ishtirokida tashkil etilgan. Muhokama avvalida bu loyihaning dastlabki ishchi varianti ekanligi ta`kidlanib, bildirilgan fikrlar, takliflar asosida loyihani yana takomillashtirish ustida ishlar davom ettirilishi qayd etilgan.

Qolaversa, Qamariddin Shayxovning “Jurnalistga tahdidning narxi 540 ming so`mmi? OAVga bosim bo`yicha qonun imi-jimida qabul qilinmasligi kerak” degan iddaolarida ham mutlaqo asos yo`q. Negaki, loyiha muhokamasi chog`ida jurnalist Tursunali Akbarov va bloger Bahodir Axmedov moddaning sanksiya qismida jarima miqdorini oshirish xususida taklif berishgan va mutaxassislar bu taklif ko`rib chiqilishini ma`lum qilgan. Shuningdek, loyiha dastlabki variantining soha vakillari ishtirokida muhokama qilingani ham “qonun imi-jimida qabul qilinmasligi”ni anglatishini har bir jurnalist yaxshi biladi. Binobarin, qonun loyihasi Q.Shayxovning qo`ligacha etib borgan ekan (garchand eng dastlabki varianti bo`lsa-da), nahotki, jurnalist bu “imi-jimida qilinayotgan” ish emasligini anglab etmagan bo`lsa?!

Xulosa o`rnida: “Qalampir.uz” internet nashri avval ham O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillarining fikrlarini bir necha bor buzib, o`zgacha talqin qilib, e`lon qilingan holatlari kuzatilganligini qayd etgan holda, sayt rahbarini jurnalistikaning oltin tamoyili bo`lgan xolislik va haqqoniylikka amal qilishga chaqiramiz. Mabodo, Q.Shayxovning mazkur masalada biror fikri yoki e`tirozi bo`lsa, Uyushma vakillari yuzma-yuz muloqotga hamisha tayyor ekanligini ma`lum qilamiz", - deyiladi so`nggida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1