AsosiyJinoyat

Toshkentda chaqaloq sotmoqchi bo`lgan shaxslarning jinoyati fosh bo`ldi

'Toshkentda chaqaloq sotmoqchi bo`lgan shaxslarning jinoyati fosh bo`ldi'ning rasmi

Jinoyatlar tahliliga e`tibor bersak, rasmiy nikoh orqali oila qurganlar emas, ko`pincha, nikohsiz tug`ib qo`ygan qizlarda farzandlarini sotish hollari ko`p uchraydi. Ular homilador bo`lib qolganini ota-onasidan, mahalla-ko`ydan yashiradi. Boshqa viloyat yoki shaharga borib, bolani tuqqach, tug`dirishga yordam bergan vositachilar orqali bolani sotmoqchi bo`lishadi. Quyida sizga hikoya qilmoqchi bo`lgan voqeamiz qahramoni ham aynan shunday yo`l tutgan qizlardan biri...

Benikoh homilador bo`lib qoldi

Sudlanuvchi Zamira Ismatova (ism-familiyalar o`zgartirilgan) vodiyda yashovchi, tergov jarayonida aniqlashning imkoni bo`lmagan, “Shavkat” ismli shaxs bilan sevishib, ota-onasidan yashirin holda uchrashib, nikohsiz, muntazam ravishda yaqinlikda bo`lib keladi. Shundan keyin u “Shavkat”dan homilador bo`lib qoladi. Zamira homilasi katta bo`lib qolgani uchun abort yo`li bilan oldirish mumkin emasligini bilib, ota-onasi va mahalla oldida sharmanda bo`lishdan qo`rqadi. U tug`iladigan farzandidan qutulish yo`llarini qidiradi. Shu orada o`ziga ilgari tanish bo`lmagan Matyoqub Abdusamatov bilan tanishib qoladi. Zamirada Matyoqub orqali farzandini sotish fikri tug`iladi. Bolani sotish orqali mo`maygina daromadga ega bo`lish fikri sudlanuvchi Matyoqubga ham ma`qul keladi. U tanishi Manzura Ne`matovaga qo`ng`iroq qilib, bir tanishi yaqin orada dunyoga keltiradigan chaqalog`ini sotmoqchi bo`layotganini va unga xaridor topib berishni so`raydi. Bu xabarni eshitgan Manzura tegishli organga ariza bilan murojaat qiladi va uning arizasiga ko`ra, tezkor tadbir o`tkazishga kirishiladi.

Boladan qutulmoqchi bo`ldi

Matyoqub Abdusamatov Zamira Ismatova bilan birga Manzura Ne`matovaning uyiga kelib, Zamiraning tug`ish muddati yaqinlashayotganini, tezroq xaridor topish lozimligini aytadi. Manzura ushbu jinoyatning yana boshqa ishtirokchilarini aniqlash maqsadida bu haqda yana kimlar bilishini Zamiradan so`raydi. Zamira bundan onasining ham xabari borligini aytib, o`zining uyali aloqa vositasidan onasi Munira Ismatovaning uyali aloqa vositasiga qo`ng`iroq qilib, Manzura Ne`matova bilan gaplashtiradi. Suhbat davomida Munira Ismatova qizi tug`adigan boladan qutulmoqchi ekanligini aytib, chaqaloqni 3.000 AQSh dollariga sotishini ma`lum qiladi. Shundan keyin Matyoqub Manzuraga qo`ng`iroq qilib, agar chaqaloqni olish fikridan qaytgan bo`lsa, boshqa mijozlari borligini aytib ogohlantiradi. Manzura jinoyatning oldini olish maqsadida tanishi Tamara Nikolaevani tadbirga jalb qiladi. Tamara o`zining fuqarolik burchini ado etish maqsadida xaridor bo`lishga rozi bo`ladi. Tamara savdoni pishitish maqsadida Matyoqub bilan uchrashganida u chaqaloqni 7.000 AQSh dollariga sotishini ma`lum qiladi.

“Telegram” orqali suratlarni yuboradi

Zamira kasalxonaning tug`uruq bo`limida Sa`diyani dunyoga keltirib, tug`ilganlik haqidagi ma`lumotnoma va chaqaloqning suratlarini Matyoqubga beradi. U o`z navbatida hujjat va suratlarni Tamaraning “Telegram” profiliga yuboradi. Keyin xarajatlar ko`payib ketganini vaj qilib, chaqaloqning narxini 8.500 AQSh dollariga ko`taradi. Matyoqub Abdusamatov va Munira Ismatova chaqaloqni Zamiradan olib, bolasini o`z xohishi bilan berayotgani va hech kimga da`vo qilmasligi haqida tilxat yozdirishadi. Ular Tamara Nikolaevaga qo`ng`iroq qilib, chaqaloq sotuvga tayyorligini ma`lum qilishadi. Matyoqub va Munira o`zlarining g`arazli niyatlarini amalga oshirmoqchi bo`lib, kelishilgan 8.500 AQSh dollar pullardan 8.000 AQSh dollarini olayotgan vaqtlarida huquq-tartibot xodimlari tomonidan qo`lga olinadi.

Jinoyatchilarga jazo tayinlandi

Matyoqub Abdusamatov, Zamira Ismatova, Munira Ismatova Jinoyat kodeksining 135-moddasi, 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Matyoqub Abdusamatovga 5 yil 6 oy, Zamira Ismatova va Munira Ismatovaga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazolari tayinlandi.

Munira Ismatovaga nisbatan JKning 72-moddasi qo`llanilib, tayinlangan jazo shartli deb hisoblandi va 2 yil sinov muddati belgilandi.

 

Sherzod Eshmatov, jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi, 

Lola Shoimova, jurnalist.

    Boshqa yangiliklar