Janubiy Afrika Respublikasida aniqlangan Covid-19ning yangi shtammi "jiddiy xavotirlar"ga sabab bo`lgani ortidan ko`plab mamlakatlar qator Afrika mamlakatlari bilan bordi-keldini bekor qildi, JAR prezidenti esa bu taqiqlarni qoraladi.
Koronavirusning yangi turini Lotin alifbosi tartibiga ko`ra Beta va Deltadan so`ng Omikron deb atashdi.
Yangi shtammning kuchli mutasiyaga uchragani xabar qilindi.
Tahlillar Omikronning Delta variantidan ikki marta ko`p mutasiya bo`lganini ko`rsatdi.
Uning inson hujayrasiga kiruvchi oqsili tojida 30 ta o`zgarish bor.
26 noyabr kuni JARning Ioxannesburgidan parvoz qilib Niderlandiyaning Amsterdam shahri aeroportiga qo`ngan samolyotlardagi 600 yo`lovchidan 60 dan ortig`ida koronavirus aniqlandi.
Ulardan choragida testlar koronavirusning Omikron turi borligini tasdiqladi.
Omikron ilk marta 24 noyabrda Janubiy Afrikada qayd etildi, ammo u qaerda paydo bo`lgani noaniq - bu shtamm o`ta yuqumli bo`lishidan xavotirlar bor va jahon bo`ylab pandemiyani jilovlash yanada qiyinlashishi mumkin.
AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur va Qatar kabi davlatlar Janubiy Afrika mintaqasiga safar cheklovlarini kiritishi JAR Prezidenti Siril Ramafosani g`azablantirdi.
"Bu cheklovlar mutlaqo asossiz, ular bizning mamlakatimiz va Afrika janubidagi qardosh davlatlarimizni kamsitadi. Safarni cheklash qarori ilm-fanga asoslanmagan. U virusning bu turini bartaraf qilolmaydi", dedi Prezident Ramafosa.
Safar cheklovlari, umuman olganda, foydasiz va mutaxassislarga ko`ra, ularning ham o`ziga xos xavfi bor.
"Virusning yangi turlarini aniqlaydigan davlatlar "buni fosh qilsak, bizni maqtash o`rniga jazolashadi" deya kelajakda o`zlarini tiyishlari mumkin. Bu esa Kovid-19 bilan kurash mana shunday bo`lishi kerak degan noto`g`ri mujdani beradi", deydi Jon Xopkins salomatlik xavfsizligi markazi shifoxonasidan Amesh Adalja".
Ba`zi davlatlarning choralari undan-da qat`iy bo`ldi.
Yaponiya bosh vaziri xorijlik tashrif buyuruvchilarning aksariga mamlakatga kirishiga ruxsat berilmasligini aytdi.
Isroil yanada qattiqqo`lroq choralarni kiritdi - u sayyohlarga atigi to`rt hafta avval ochilishi ortidan chegaralarni yana yopdi.
"Davlat sarhadlarida safar cheklovlarini o`rnatish - oson qaror emas. Ammo u zarur va vaqtinchalik", dedi Isroil Bosh vaziri Naftali Bennet.
Britaniyada do`konlar va jamoat trasnportida yuz niqoblarini taqish yana majburiy bo`ladi, mamlakatga kelayotgan har bir shaxs PSR testidan o`tishi va javobi chiqquncha karantinda bo`lishi shart. Bu cheklovlar uch haftadan so`ng qayta ko`rib chiqiladi.
Olimlarga ko`ra, vaksinalar Omikronga nisbatan qanchalar samarali ekanini bilish uchun kamida ikki hafta kerak.
Jahon Sog`liqni saqlash tashkiloti 3 dekabr kuni bu borada favqulodda majlis o`tkazishi kutilmoqda.
Dunyodagi boy mamlakatlar - yirik ettilik sog`liqni saqlash vazirlari ham Omikron variantiga qarshi qanday chora ko`rish masalasini muhokama etish uchun to`planishga qaror qildilar.