AsosiyJamiyat

“Omicron” shtammining yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo`q emas – Nurmat Otabekov

'“Omicron” shtammining yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo`q emas – Nurmat Otabekov'ning rasmi

Dunyoda koronavirusning yangi shtammi tarqala boshlagani yurtdoshlarimizda ham jiddiy xavotir uyg`otyapti. Xususan, ko`pchilik ushbu holat O`zbekistondagi epidemiologik vaziyatga qanday ta`sir ko`rsatishi mumkinligi, bunga qarshi ko`riladigan choralar bilan qiziqmoqda.  

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Nurmat Otabekov vaziyatga oydinlik kiritdi.

Viruslar  — oddiy, hujayrasiz organizmlar. Ularda o`zgaruvchanlik yuzaga kelishi tabiiy hol. Masalan, hozirgacha koronavirusning qo`zg`atuvchisi, ya`ni SARS-CoV-2ning 7 mingdan ziyod mutasiyaga uchragan shtammlari aniqlagan. "Omicron" ham shulardan biri.

Biz yangi shtammning tarqalish o`chog`i bo`lgan Janubiy Afrika davlatlari bilan bevosita aviasiya aloqalari o`rnatmagan bo`lsak-da, ushbu kasallik ikkinchi va uchinchi mamlakatlar orqali O`zbekiston hududiga kirib kelishi ehtimoli yo`q emas.

SARS-CoV-2ning ushbu yangi shtammi uchun alohida protokol ishlab chiqish masalasini, albatta, vaqt ko`rsatadi. Shunga qaramay, mavjud diagnostika, davolash va profilaktika imkoniyatlaridan samarali foydalanish bu virus turiga qarshi ham natija beradi, deb hisoblayman.  

O`tgan davrda bizda COVID-19ni davolash bo`yicha katta tajriba to`plandi. Bu haqli ravishda xalqaro miqyosda ham e`tirof etilyapti. Shu ma`noda, muolaja jarayonlarini belgilangan davolash standartlari asosida olib borsak, kasallik qanday intensivlikda tarqalmasin, asoratlarsiz tuzalib ketishiga zamin yaratish mumkin.  

Karantin bilan bog`liq profilaktik choralar bekor bo`lgani yo`q. Ammo odamlarimiz tibbiy niqob taqish, ijtimioy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish  kabi oddiy qoidalarga ham etarlicha amal qilmay qo`ygani achinarli holat.  

Yangi shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi o`rtasida tarqalishining oldini olishda shunday profilaktik chora-tadbirlar juda muhim hisoblanadi.  

Eng asosiysi, jamoaviy immunitetni shakllantirish, ya`ni ommaviy emlanish ko`rsatkichlarini oshirish orqali ham epidemiologik vaziyatni barqaror saqlab turish mumkin.  

Chunki vaksinalar SARS-CoV-2ning har qanday mutasiyaga uchragan shtammida samara beradi. Hatto yangi shtammni yuqtirib olgan holatda ham barcha dozada emlanganlarda kasallik engil va jiddiy asoratlarsiz o`tadi.  

Qolaversa, mamlakatimizda ayni paytda aholiga ixtiyoriy ravishda buster-doza bilan emlanishlari uchun imkoniyatlar yaratib berilgan.  

Yurtimizga koronavirusning turli shtammlari har safar xorijdan qaytgan fuqarolarimiz orqali kirib kelganini hisobga olsak, ayni kunlarda kasallik tarqalayotgan mamlakatlarga zarurat bo`lmasa, vaqtincha bormaslikni tavsiya qilamiz.  

Eslatib o`tamiz, ayni paytda yurtimizda aholini emlashda jami 6 turdagi — AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001, "Sputnik V", Moderna, Pfizer/BioNTech hamda Sinovac vaksinalaridan foydalanilmoqda.

    Boshqa yangiliklar