1

Uyqusizlik — xavfli kasallik belgisimi?

Salomatlik 08.12.2021, 16:21
Uyqusizlik — xavfli kasallik belgisimi?

Yosh ulg`aygani sari ko`pchilik insonlar uyqusizlik va uyqu maromining buzilishidan aziyat chekadi. Biroq hamma ham bunga etarlicha e`tibor beravermaydi. Aksincha bu holatni o`tkinchi deb o`ylab, shifokorga borishni paysalga soladi. Natijada davolash murakkab bo`lgan va salomatlik uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaruvchi surunkali uyqusizlikka yo`liqadi.

Xo`sh, ushbu holatga qanday omillar sabab bo`ladi? Uyquning inson hayotidagi o`rni, uyqusizlikning asosiy belgilari nimalardan iborat?

SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan tibbiyot fanlari doktori Doniyor ALIMOVga murojaat qildi.

— Dastlab uyquning inson salomatligidagi o`rni haqida aytib o`tsangiz.

— Uyqu oziq-ovqat, suv va havo kabi yashash uchun muhim omil sanaladi. Uxlaganda inson tana mushaklari tonusi pasayib, eshitish, ko`rish, hid va ta`m bilish xususiyati susayadi. Arterial qon bosimi pasayib, yurak urishi, to`qimalarga qon kelishi va tanadagi moddalar almashinuvi sekinlashadi. Natijada nafaqat miya, balki barcha ichki tana a`zolari “dam” oladi. Qolaversa, tiniqib uxlaganida inson organizmida moddalar almashinuvi yaxshilanadi.

Agar inson uyqudan butunlay voz kechsa yoki bir necha soatga qisqartirsa, 4-5 kundan so`ng uning salomatligida jiddiy muammolar boshlanadi. Hatto tungi uyquni kunduzgisi bilan almashtirish ham sog`lik uchun zararlidir.

Miriqib uxlamaslik esa organizmda turli endokrin, yurak-qon tomir va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari hamda asab va ruhiy xastaliklarning rivojlanishiga sabab bo`lishi mumkin.

— Uyqusizlikning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo`ladi?

— Ba`zi insonlar bilan suhbatlashsangiz, tunda yaxshi uxlay olmayotganidan shikoyat qiladi. Ayrimlar esa kechasi kam yoki yuzaki uxlash, bevaqt uyg`onaverish, uyqu kelmasligi kabi holatlardan bezovta bo`ladi. Bu kasallik tibbiyotda “insomniya” deb ataladi.

Bunga asosan shovqin, yorug`lik, noqulay o`rin va yostiqlar, og`ir travmatik vaziyatlar, asablarning zo`riqishi, tunda ishlash, spirtli va ko`p miqdorda kofeinli ichimliklar ichish, tamaki chekish, xurrak otish, stimullovchi dori preparatlarini qabul qilish kabi omillar sabab bo`ladi.

Qolaversa, bu holat kuchli ruhiy, emosional shikastlar, nevroz, xavotirlanish, bosh miya kasalliklari (ayniqsa, miya qon tomirlari aterosklerozi), ichki a`zolar va endokrin bezlar (buyrak, jigar, qalqonsimon bez) xastaliklari bilan bog`liq nerv tizimining funksional buzilishlarida ham uchraydi.

Shuningdek, kuchli hayajonlanish, biror kasallikning boshlanish belgisi, xususan, ovqat hazm qilish bilan bog`liq muammolar, yurak-qon tomir xastaliklari va qalqonsimon bezning faolligi oshishi oqibatida ham inson yaxshi uxlay olmasligi mumkin. Shu sababli uyqusizlikka e`tiborsiz bo`lish yaramaydi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1