Adliya vazirligi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining “O`zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksini tasdiqlash to`g`risida”gi qarori jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.
Odob-axloq kodeksi loyihasi 6 ta bob va 53 ta moddadan iborat. Unda davlat xizmatchilarining o`zlari, turmush o`rtog`i va voyaga etmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklarasiya qilish, manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida xabar berish majburiyatlari belgilanmoqda. Shuningdek, loyiha ish jarayonidagi mehmondo`stlik belgilari, sovg`alar, mahalliychilik, xodimni ta`qib qilish, tanish-bilishchilik, favoritizm kabi tushunchalarni ham qamrab olgan.
Kodeksda birinchi bor davlat xizmatchisi tushunchasiga ta`rif berilmoqda. Kodeks bilan davlat xizmati uch turga bo`linmoqda:davlat siyosiy xizmati,davlat fuqarolik xizmati, davlat maxsus xizmati.
Loyihada quyidagi muhim masalalar qamarab olingan:
davlat xizmatchisi faoliyatiga qo`yiladigan cheklovlar;
siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalariga a`zo bo`lish tartibi;
davlat xizmatchisining tadbirkorlik bilan shug`ullanishiga, o`z mansab vakolatini suiiste`mol qilishiga taqiq;
rahbar xodimlarning odob-axloq majburiyatlari;
xizmatdan tashqarida bo`lgan odob-axloq normalari;
tashqi ko`rinishiga oid talablar;
chet el va hududiy xizmat safarlarida o`zini tutishi;
kasbiy faoliyat davomida o`ziga ma`lum bo`lgan axborot va shaxsga doir ma`lumotlarning maxfiyligini ta`minlash;
davlat xizmatchisining OAV bilan munosabati;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etgan davlat xizmatchilarini lavozimdan chetlashtirish va boshqalar.
Xususan, ish vaqtidan tashqarida davlat xizmatchisi umum e`tirof etilgan odob-axloq normalariga amal qilishi, g`ayriijtimoiy harakatlar sodir etmasligi, tegishli xizmatlarni qabul qilishda o`zining mansab mavqeidan foydalanmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat tashkilotida siyosiy partiyalar va diniy tashkilotlarning tashkiliy tuzilmalari tashkil etilishiga hamda faoliyat yuritilishiga yo`l qo`yilmasligi qayd etilgan.
Davlat xizmatchilarining kiyinish odobiga doir quyidagi talablar belgilanmoqda:
“Davlat tashkilotlarida barcha xodimlarga ish joyida bir xilda ularning siyosiy va mafkuraviy qarashlarini yoki dinga munosabatini aks ettiruvchi liboslarda bo`lish yoki belgilarni taqib yurish taqiqlanadi.
Davlat tashkilotlarining xodimlari tashqi ko`rinishi va kiyinish uslubiga oid namunaviy talablar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.
Davlat xizmatchilarining internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari ham tartibga solinmoqda:
“Davlat xizmatchilari Internet butunjahon axborot tarmog`i va ijtimoiy tarmoqlardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish huquqiga ega. Biroq, davlat tashkilotlarining nufuziga yoki boshqa shaxslarning sha`ni va qadr-qimmatiga zarar etkazuvchi ma`lumotlarni tarqatmasligi kerak”.
Odob-axloq qoidalarini buzgan davlat xizmatchilari qilmishining og`ir-engilligiga qarab intizomiy va qonunchilikda belgilangan boshqa javobgarlikka tortiladi.
Mazkur odob-axloq qoidalari Adliya vazirligi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha 2021-2022 yillarga mo`ljallangan davlat dasturining 2-bandi ijrosi yuzasidan ishlab chiqildi. Bunda xorijiy davlatlarning (AQSh, Bolgariya, Argentina, Moldova, Rossiya, Qozog`iston) tajribasi o`rganildi. Hujjat bilan barcha davlat xizmatchilari uchun majburiy bo`lgan odob-axloq qoidalarining yagona standarti joriy qilinmoqda. Loyiha qabul qilinsa, barcha davlat tashkilotlaridagi ichki odob-axloq qoidalari mazkur hujjat asosida qayta ishlab chiqiladi hamda jamoatchilik uchun ochiqligi ta`minlanadi.
Loyihani ko`rish va muhokamada ishtirok etish uchun havola:
▫️ https://regulation.gov.uz/oz/d/51956
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi